Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida yashovchi Marjona Ro‘zmonova eri tomonidan tahqirlanganini, tungi klublarda o‘ynashga rozilik bermagach, eri uning sochini qirib tashlagani aytib videomurojaat yo‘lladi. Birozdan so‘ng esa, xato qilganini aytib, xalqdan uzr so‘radi. “Daryo” muxbiri voqealar tafsilotini o‘rganishga harakat qildi.

“2019-yil 17-aprel kuni Rustam Usmonov ismli fuqaroga turmushga chiqqandim. Erim turmushimiz davomida menga ko‘p zulm o‘tkazgan. Ammo hech qayerga murojaat qilmaganman. Oqibatda mana shunday ahvolda qoldim. U meni tahqirlab, ustimdan kuldi. Homiladorman. Qolaversa, qo‘limda bir yarim yoshli qizim bor. Hozirda momomning uyida yashayapman. Erim sochimni olib meni tahqirlashiga sabab u meni tungi klublarda o‘ynatib, pul qilishimni istadi. Ammo men erimga ‘qizimiz katta bo‘lyapti. Tungi klublarda o‘ynab yurishga uyalyapman, sog‘lig‘im ham javob bermayapti. Homiladorligim sabab toksikoz ham bo‘lyapman’, deb tushuntirdim. Lekin u tungi klublarga bormasang, bunaqa ishni qilmasang senga go‘zallik nima kerak, soch nima kerak deb, sochimni olib tashladi. Hatto pichoq tiradi”, — deydi videochiqishining sababi haqida gapirgan Marjona Ro‘zmonova.

Marjona Ro‘zmonova.

Foto: “Daryo”

Tahqirlanganini aytgan ayol biroz o‘tib, xato qilganini, yoshlik qilib, turmush o‘rtog‘iga tuhmat qilganini aytib, dastlabki chiqishini rad etgan.

“Men yoshlik qilib, kimlarningdir gapiga kirib, shunday videomurojaat qildim. Ammo xato qilganimni angladim”, — deydi dastlabki chiqishini rad etgan ayol.

Aniqlanishicha, ayolning dastlabki videomurojaatidan so‘ng uning turmush o‘rtog‘i Qarshi shahar IIBga chaqirilgan.

Tahqirlanganini aytgan ayol “Daryo” muxbirining “balki, turmush o‘rtog‘ingiz javobgarlikdan qutulib qolishi uchun bor haqiqatdan tonayotgandirsiz, aslida tahqirlanganingiz rostdir”, deya bergan savoliga “aslida erim meni avvalgi yengil-yelpi hayotimdan qaytarishga uringani uchun shunday qildi, men esa unga shu yo‘l bilan ko‘rsatib qo‘yishni istadim va xato qilganimni bildim”, deya javob berdi.

“Dastlabki videochiqishda ham erim fohishalikka majbur qilgan demaganman. Men bilan suhbatlashgan bloger vaziyatni shunday talqin qilgan. Va barcha e’tibor shu gapga qaratilgan”, — deydi Marjona Ro‘zmonova.

Marjona Ro‘zmonovaning ma’lumot berishicha, 2021-yilning 8-iyun kuni turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qolib, uyidan chiqib ketgan. Bir hafta uyiga qaytmaganidan so‘ng, eri uni qidiruvga bergan. Qidiruvga berilgach, o‘zi uyiga qaytgan.

Marjona Ro‘zmonova.

Ayolning tahqirlanganini aytib chiqqan videodan skrinshot

“Men avvalgi hayotimni qumsab, tungi klublarga chiqishni, o‘yin-kulgi qilishni yoqtirardim. Ammo erli ayol bo‘lganim bois, erim bunga qarshilik ko‘rsatdi. Boshida ruxsat berdi, ammo keyinchalik buni taqiqlashga kirishdi. Rosa to‘polon ko‘targanim bois, ‘mayli, tungi klublarda o‘ynaysan, faqat o‘zimizning restoranda, boshqasiga bormaysan’, deya taqiq qo‘ydi. Tabiiyki, bu menga yoqmadi. Men har kuni har xil joylarda bo‘lishni xohlardim. Erim buning oldini olish maqsadida sochimni o‘zim bilan kelishgan holda olishga majbur bo‘ldi. Men esa buni boshqacha talqin qilib, undan qasos olmoqchi bo‘ldim. Yoshlik qildim. Farzandimiz borligini o‘ylamadim”, — deydi voqea qanday bo‘lganini aytib bergan ayol.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan ayolning eri, “xotinini fohishalikka majburladi” degan gapning o‘zi unga og‘ir botganini, aslida shunday niyati bo‘lsa, xotinini go‘zalligidan mosuvo qilmasdan, undan foydalangan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

“Fohishalikka majburlash juda katta ayblov. Men bu haqda eshitgan kunim shok holatiga tushdim. Qanday qilib bunday razil ishga qo‘l urishim mumkin. O‘ylab ko‘rilsa, bunday niyati bor odam ayolning go‘zalligidan foydalanadi-ku, uni go‘zallikdan mahrum qilib sochini olmaydi-ku”, — deydi bu haqda tushuntirish bergan erkak.

Marjona Ro‘zmonovaning turmush o‘rtog‘iga ko‘ra, xotini turmushidan avval tungi klublarda ishlagan. Ularning tanishishi ham tungi klublarda bo‘lgan.

“Xotinim menga turmushga chiqishdan avval tungi klublarda “o‘yinchilik” qilgan. Bizning tanishishimiz ham tungi klublarda bo‘lgan. To‘ydan keyin ham u o‘sha hayotini qumsadi. Tungi klublarda o‘yin-kulgi qilib yurishni istadi. Men buni rad etdim. Ammo qanaqadir bahonalar topib, tungi klublarga borib-kelishni odat qildi. So‘ngra, imkonsizlik sabab ruxsat berdim, ammo faqat o‘zimizning restoranda raqsga tushasan deya talab qo‘ydim. U esa bunga ko‘nmadi. Shunda u bilan kelishib, sochini olib tashlashimni, shunday qilsam bu ishini yig‘ishtirishini aytdim. U ham rozi bo‘ldi. Ammo keyin kimlarningdir gapi bilan bu gapidan qaytdi va menga tuhmat qilib, videochiqish qildi”, — deydi jabrlanganini aytgan ayolning turmush o‘rtog‘i.

Ma’lum bo‘lishicha, erining taqiqloviga qarshilik bildirgan ayol hafta o‘n kunlab uyidan qochib ketadigan odat chiqargan.

“Oxirgi marotaba bir hafta yo‘qolib ketdi. Qizim ham mening qo‘limda qoldi. Judayam qiynaldik. Shu sabab bu yo‘lni ma’qul ko‘rib, uni yengil-yelpi hayotdan qaytarishga urindim. Sochi yo‘q bo‘lsa, ko‘chaga chiqolmaydi, uyda o‘tirishga majbur bo‘ladi deb o‘yladim. To‘g‘ri, xato qildim bunday qilib, ammo u yonimda qolishi uchun shunday qildim”, — deydi qilmishiga izoh bergan erkak.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan er-xotinning ma’lum qilishicha, ular bugungi kunda birga yashamoqda. Har ikkisi ham xatosini anglab yetgan va birga yashashga qaror qilgan.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev