Daryo

WP: “Tolibon” afg‘onistonlik amaldorlarga qurol evaziga pora bergan

Afg‘oniston rasmiy vakillari “o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitimlar” deb ataydigan kelishuvlar aslida pul evaziga toliblarga qurol-yarog‘ topshirish haqida bo‘lgan

2 daqiqa o‘qish121 890 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: AP Photo

“Tolibon” afg‘onistonlik amaldorlarga qurol evaziga pora bergan. Bu haqda The Washington Post AQSh va Afg‘onistondagi manbalariga tayanib xabar qildi.

Foto: AP Photo

2020-yil boshidan buyon tomonlar bitim tuzib keladi, Afg‘oniston rasmiy vakillari uni “o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitimlar” deb ataydi.

WP ma’lumotlariga ko‘ra, aslida, kelishuvlar pul evaziga toliblarga qurol-yarog‘ topshirish haqida bo‘lgan. “Tolibon”ning mamlakatni egallashiga aynan shu bitimlar sabab bo‘ldi, deb yozadi nashr.

Bir yarim yil davomida bunday kelishuvlar turli darajalarda tuzilgan: aholi punktlaridagi mansabdorlardan tortib Afg‘oniston viloyatlari rahbariyatidagi amaldorlargacha. WP manbalariga ko‘ra, bundan tashqari, bir qator hollarda muzokaralar “hukumat kuchlarining taslim bo‘lishiga” olib kelgan.

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, 2020-yil fevral oyida Dohada AQSh va ittifoqchilarining 14 oy ichida Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishi to‘g‘risida AQSh—“Tolibon” kelishuvi imzolangandan so‘ng afg‘on xavfsizlik kuchlarining ayrimlari “tez orada Amerikaning samolyotlari va boshqa yordamlariga tayana olmasligini tushungan.”

Ular Afg‘onistonda toliblar hokimiyatga qaytishiga ishongan va “g‘oliblar tarafidan o‘zlariga joy hozirlashni” istagan. “Ba’zilarga shunchaki pul kerak edi”, — dedi Afg‘oniston razvedkasi xodimi.

Nashr manbalarining aytishicha, Dohadagi muzokaralar ko‘plab afg‘on xavfsizlik xodimlarining ruhini tushirib yuborgan va ulardan keyin bir necha oy davomida “Tolibon” bilan taslim bo‘lish to‘g‘risida bitimlar tuzilgan. Vaziyat AQSh prezidenti Jo Bayden aprel oyida qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishini e’lon qilganidan keyin yomonlasha boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, 15-avgust kuni “Tolibon” Afg‘onistonning butun hududini o‘z nazorati ostiga olganini e’lon qildi. Shu kuni “Tolibon” Kobuldagi prezident saroyiga kirdi. Keyinroq hukumat kuchlari tark etgan barcha davlat muassasalarini va davlat televideniyesini egallab oldi.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani iste’fo berishga rozi bo‘lgan va mamlakatni tark etgan. The New York Times va Al Jazeera Ashraf G‘anining O‘zbekistonga yo‘l olgani haqida xabar berdi. Ammo keyinroq Ashraf G‘ani O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham, Qozog‘istonda ham emasligi ma’lum qilindi. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar