12-avgust — Xalqaro yoshlar kuni. Shu munosabat bilan “Daryo” o‘zbekistonlik bir qator faol yoshlardan ularning qiziqishlari, muammolari, ertangi kun haqidagi tasavvurlarini so‘radi.

Muhammadxon Yusupov, 26 yoshda. U ayni vaqtda O‘zDJTU talabasi, shu bilan birga Artel kompaniyasi matbuot xizmatida grafik dizayner bo‘lib ishlaydi.

Foto: Shavkat Adilov

Iqtidorli, bilimli, mehnatkash yoshlar juda ko‘p, ammo, afsuski, imkoniyatlar teng taqsimlanmagan, “start nuqtasi” hammada bir xil emas. Ehtimol, shu sabab aksarimiz yo‘limizni topolmayotgan bo‘lsak kerak.

Men va tengqurlarim (1980–1999-yillarda tug‘ilganlar)ni “milleniallar”, ya’ni “ming yillik almashinuvini ko‘rgan avlod” deyishadi. Biz katta kuchmiz. Na pul, na jamiyat uchun ishlaymiz — g‘oya uchun mehnat qilamiz. Bizga arziydigan g‘oya topilsa bas: sharoit, imkon, vaqt va sabrni o‘zimiz “tashkillashtirib olamiz”. Barcha yoshni jamlaydigan mushtarak, o‘lmas, universal g‘oya — shu bizga yetishmaydi.

Hammasi siz xohlagandek bo‘lishi uchun o‘zingiz istagandek shaxs sifatida qolishning imkonsizligi ko‘proq qiynaydi. Bu og‘riqli. Hal etish o‘zimning qo‘limda bo‘lmagan muammolarni muammo hisoblamayman. Yechim hamisha bor va ko‘pincha shundoq yonginamizda bo‘ladi. Jamiyat miqyosida, mafkuraviy birdamlikning yetishmasligi necha yildirki, bizga pand bermoqda.

Ertangi kunimni farovon, to‘kin, erkin va qiziqarli shaklda tasavvur qilaman. Buning poydevorini, shubhasiz, bugun qo‘yamiz.

Shov-shuvli voqea-hodisalar menga yoki yaqinlarimga bevosita bog‘liq bo‘lsagina qiziq. Aks holda ularga vaqt va asab sarflashni o‘rinsiz deb bilaman. Hayotimda umuman asqatmaydigan, aqlimni o‘stirmaydigan yoki chin estetik zavq bermaydigan har qanday informatsiyadan imkon qadar chetda yuraman.

Muhammadxon Yusupov, grafik dizayner

Muxlisa Orifjonova, 23 yoshda. U ayni chog‘da Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistranti.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Jamiyatimizda ro‘y berayotgan har qanday jarayon qiziq. Rosti, ilgari muhim voqealarni faqatgina televizordan ko‘rib bilardim. Asossiz xabarlarga tez aldanishi mumkin bo‘lgan o‘smir uchun shu yo‘l ma’quldek edi. Ammo keyinchalik sen uchun axborotni kimdir saralab berishi o‘ta dahshatli ekanini tushundim.

Aynan shularni hisobga olib, vaqt o‘tgani sari dunyo hamjamiyati, yana mamlakatimizga aloqador dolzarb xabarlarni tahlil qilish qobiliyatini shakllantirdim va hali ham shu yo‘ldaman. Biroq falonchi o‘qishga kirgizib qo‘yaman deb firib bergani, kim kimni populistlikda ayblagani, kim o‘zga sayyoraliklar bilan ko‘rishgani kabi manipulyativ xabarlar menga uncha ahamiyatli emas.

Odamni hozirda nepotizm (qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik), poraxo‘rlik, ta’lim sifati va o‘zbek xotin-qizlarining hayotidagi muammolar ko‘proq qiynaydi. Davlat institutlari faoliyati esa panaga berkingan qochqindek go‘yo. Ularning tizimidagi qusurlar yillar bo‘yi yig‘ilib, endi xalq boshida ofatdek aylanyapti. To‘g‘ri, bu jabhada hech qanday ish qilinmayapti, deyish xato. Lekin aniqlab olaylik — islohot tepadan boshlanishi kerakmi yoki quyidan?

Ta’lim mavzusi ham og‘riqli. Qishloqdagi eng chekka maktabni bitirib, Amerikaning nufuzli universitetlarida o‘qiydigan yigit-qizlarni bilaman, ixtisoslashgan maktabda o‘qib, fan olimpiadasida qatnashib, otasiga yutgan mashinasini sovg‘a qilgan bolakayni taniyman. Maktab ta’limi haqida hozircha gapirmayman, rejalarim qatorida aynan boshlang‘ich va o‘rta ta’limdagi kamchilik, yutuqlarni o‘rganish bandi bor. Ammo oliy ta’lim-chi?

Jamiyatdagi xotin-qizlarimiz masalasi haqida ham ko‘p o‘ylayman. Turli tadbirlarga faol qatnashadigan qizlarni ko‘rib, ochig‘i, havas qilaman. Ammo internetdagi xabarlarda sahar suv sepaman deb kanalga cho‘kib ketgan kelinchak, otasi tengiga turmushga chiqib, joniga qasd qilgan, “qiz ko‘rding” degan tazyiqdan farzandlarini beliga bog‘lab o‘zini suvga otgan taqdirlar haqida o‘qiyman. Achinaman, hozircha tayinli yordam berolmasligimni bilish alam ham qiladi.

Ertamni unumli, foydali va yorqin tasavvur qilaman, ammo sanaganlarimning aksiga ham tayyor turaman. Hammasini boshqatdan boshlash va qiziqqan ishlarimni qilib ko‘rishga qo‘rqmayman, vaqtimni ham qizg‘anmayman. Odam umri oxirida faqat armonlarini yodga oladi.

Kelajagimni O‘zbekistonga bog‘lashimga asosiy sabab — bu ota-onam yoki yaqinlarimning shu yerda yashashi emas, shunchaki tushuntirib berish qiyin tuyg‘u. Balki, maqsadlarimning barchasini shu yerda amalga oshirish imkonim borligi uchundir. Balki, xushmuomala, mehmondo‘st odamlari sababdir. Ehtimol, O‘zbekistonga kerakligimni his qilganimdandir, kim bilsin...

O‘zbekistonning rivojlanish istiqbollarini o‘rganish men uchun juda qiziq. Rejalarim yurt rivojiga nechog‘lik foyda keltirishi bo‘yicha aniq hisobim yo‘q. Balki, barchasi kelgusi besh yillikda o‘zgarar. Lekin bir narsani aniq bilaman — faol fuqaro bo‘laman. Avtomobil kamarini taqmay, jarimaga tushdimmi — to‘layman; kimdir so‘ragan harom pulni bermayman, biroz ko‘proq navbatda turaman; bir yilda beshta emas, bitta ilmiy maqola chiqaraman, ijtimoiy tarmoqda odamlarni kamroq muhokama qilaman, ko‘proq kitob, sohamga doir materiallar o‘qiyman va, asosiysi, saylovlarda faol ishtirok etaman. Nasib qilsa, hokim saylovlarida ham...

Muxlisa Orifjonova, magistrant

Shohro‘z Mo‘minzoda ayni damda 24 yoshda. U hozir Toshkentda “Kitobdornashr” nashriyoti muharriri bo‘lib ishlaydi.

Foto: “Daryo”

Mustaqillikning dastlabki yillari otam maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. O‘sha damda olgan bir oylik maoshiga do‘kondan atigi bir qop un va 4 litr yog‘ ololgan. Shundan keyin o‘qituvchilikni yig‘ishtirib, Rossiyaga ketgan. Mana, otam hali ham o‘qituvchilikka qaytgani yo‘q.

O‘zim Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini to‘lov-shartnoma asosida bitirdim. Umumiy to‘rt yillik to‘lov narxi 40 million so‘mga yaqinlashdi. So‘xdan kelib Toshkentda o‘qish oson emas. Musofirchilik xarajatlarni qo‘shib hisoblasa, balki, 100 million so‘mdan ham ortiq pul ketgandir. Lekin diplomim bo‘yicha, ya’ni o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida maktabga borib dars beraman desam, o‘qish uchun sarflagan xarajatlarimni chiqarish-chiqarmasligim noma’lum. O‘qituvchining maoshi haminqadarligini ko‘pchilik biladi. Yana bir tarafi, direktor, deputat, XTB mudiri va hokimlardan umr bo‘yi gap eshitib, piyoda yurishga mahkum o‘qituvchi bo‘lish niyatim ham yo‘q. Biroq qishloqda ham kimdir qolishi kerak-ku!

Meni o‘ylantiradigani, qiynaydigani shu — shaharda qolish yaxshi, ammo qishloqqa ham ziyoli, o‘qigan-bilgan kadr kerak. Kelajagimni shu yurt bilan bog‘lash bo‘yicha fikrlarim esa tarqoq. Shu kunlarda magistratura imtihonlarini topshiraman. Natijalar ma’lum bo‘lgach, shaharda yana ikki yil qolish-qolmasligim hal bo‘ladi. Umuman, keyinchalik dunyo kezib, ilmning ma’lum pog‘onasini egallagach, tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imga qaytmoqchiman. Ammo bungacha necha yil sargardon yashashimni bilmayman. Har holda inson o‘zini topishi uchun dunyo kezishi kerak.

Kelajak? Agar karyera sifatida oladigan bo‘lsak, uni aslo O‘zbekistonga bog‘lamagan bo‘lardim. Qonun ustuvorligi odamlarning yurak-yuragida o‘rnatilmagunicha erkin yashay olmayman. Demokratiya, so‘z yoki vijdon erkinligi kabi tushunchalar Konstitutsiyada yozilgani bilan qadri, darajasi amalda pastroq. “Loy jangi”dan toza-pokiza libosda chiqishni tasavvur qilish aqlga sig‘maydi. Olimlarimiz ham, fozillarimiz ham bir ko‘zini yumib yurgandek. “Biz buni aytishga va eshitishga hali tayyor emasmiz” deyilgandan keyin boshqasiga qo‘l siltaysiz.

Ertaga qila olaman degan niyatlarim qanchalar aqlga sig‘ishini bilmayman. Har holda xayolimda yurtning “ma’naviy mustamlakachi” yoshlarini yetishtirish niyati bor, ya’ni shunday shogirdlarni o‘qitishim kerakki, ular O‘zbekistonning iqtisodiy manfaatlari uchun jahon siyosatiga ta’sir ko‘rsata olsin. Buning uchun menga hozircha Allohning marhamati, ota-onam roziligi va yurt tinchligi kerak. Tinchlik deganda andazalangan gapni emas, balki o‘tgan yili So‘xda bo‘lib o‘tgan voqealar guvohi sifatida o‘z haqiqatlarimni aytyapman.

Shohro‘z Mo‘minzoda, muharrir

Mo‘tabar Xushvaqtova, 24 yoshda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Ayni damda reklama agenti bo‘lib ishlaydi.

Foto: Mo‘tabar Xushvaqtovaning shaxsiy arxividan

Bugungi jarayonlar bilan qiziqmay, ular uchun siqilmay bo‘ladimi? So‘nggi vaqtlarda yaxshi voqealardan yomonlari ko‘proq. Adoqsiz avtohalokatlar, narxning tinimsiz oshishi, korrupsiya va boshqa ko‘ngilsizliklarning kayfiyatimga bevosita ta’siri bor. Bular, afsuski, yashash sifatini tushiradi, xalq esa baxtli bo‘lmaydi.

Nolishni yomon ko‘raman, lekin ba’zan muammolar shunchalar ko‘pligidan tushkunlikka tushaman. Ko‘chaga chiqib, odamlar ko‘ziga bir qarang. Baxtdan ko‘ra noumidlik, tushkunlik soya solganlari qancha! Bilmadim, agar shu zayl davom etaversa, ertaga chinorlarsiz cho‘l, xalqi qashshoqlikdan, bilimsizlikdan qiynalib chetga ishlashga ketgan, ta’lim-u salomatlik darajasi haminqadar “Yangi O‘zbekiston”dan boshqasini ko‘rmasak kerak...

“Baxt ulash” nomli norasmiy xayriya tashkilotimiz bor. 4 yildan beri qo‘ldan kelganicha rejalarimizni amalga oshiryapmiz. O‘zbekistonda chiqindini saralash va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarim bor. Lekin sezilarli natija bo‘lishi uchun davlatning ham yordami kerak.

Mo‘tabar Xushvaqtova, reklama agenti

Shoir va jurnalist Suhrob Ziyodov ayni damda 25 yoshda.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Informatsion dunyo negativlar bilan to‘la. Kimdir o‘zini osgan, kimningdir nomusiga tajovuz qilingan, kimdir aldangan, turli avtohalokatlar... Bu hodisalarning qurbonlari va sababchilari haqida tarmoqlarda istalgancha muhokama qilish mumkin. Bu hodisalar ortida ulkan ma’naviy, ijtimoiy, iqtisodiy inqirozni ko‘raman. To‘g‘ri, avval ham jinoyatchilar, baxtsiz hodisalar bo‘lgan. Lekin bu bilan o‘zimizni ovutib o‘tirolmaymiz-ku! Ularga sharoit yaratib berayotgan omillarni bartaraf etishning alohida mexanizmlari bizda shakllanmagan, bor bo‘lsa ham boshqa narsalarga o‘ralashib qolgan.

Masalan, shu kunlarda bir hamkasbimizga jurnalistik faoliyati sabab uyushtirilgan tuhmat muhokama, tanqid, norozilikka sabab bo‘ldi. E’tibor bering-a, kechagina shiddat bilan ko‘tarilgan mavzu bugun Olimpiya o‘yinlaridagi yutuqlar soyasida qolib ketayotgandek. G‘alaba sabab quvonmaslik, g‘ururlanmaslik kerak, deyishdan yiroqman. Ammo inson qadr-qimmati uchun kurasholmaydigan jamiyatga aylanib qolishimizdan qo‘rqaman. Hodisaning ortida ikkita o‘tkir muammo bor: biri bizda tanqidiy qarashlarga nisbatan toqatsizlik va so‘z erkinligiga qarshi hali ham zimdan qarshilikka urinish bo‘lsa, ikkinchisi jamiyatdagi ayol siymosiga bo‘lgan hurmatsizlik.

Agar bir-ikki yil avval “Sizni nimalar qiynaydi?” deb so‘raganingizda ta’lim tizimidagi muammolarni sanagan bo‘lardim. U bosqichlardan o‘tdim-u, hali hamon qator muammolar sarg‘ayib turganini ko‘raman.

Bugun meni boshqa masala qiynaydi. 25 yoshga to‘ldim. Ertaga oilamni poytaxt sharoitida ta’minlay olamanmi yoki yo‘q? Bilimimga ishonaman, mutaxassisligim bo‘yicha ish topa olaman. Negaligini bilasizmi? Javobidan o‘zimning ham kulgim keladi. Qo‘limdan bor-yo‘g‘i yozish keladi, xolos. Bugun jamiyatda savodli xodimga talab shu qadar yuqoriki, istagan yo‘nalishda soham bo‘yicha ishlay olaman, deb o‘ylayman. Umuman, olganda fikrlovchi odam qaysi sohada bo‘lmasin o‘z o‘rniga ega bo‘la oladi. Chunki kimdir fikrlashi kerak-ku!

Haqiqiy ilm va ijod ahlining o‘z yumushi bilan shug‘ullanishi ayni zamonning og‘riqli nuqtalaridan biri. Bozor iqtisodiyotiga o‘tdik, deb o‘n yillar oldin o‘qiganmiz. Lekin haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish endi boshlandi. Aytaylik, asosiy mashg‘ulotim adabiyot va yozish bo‘lishi kerak. She’rim qornimni to‘ydirmasa, ustimni butlamasa, nima qilishim kerak? To‘g‘ri, buning ham yo‘llari bor. Lekin Alloh ko‘nglimga solgan so‘z ortidan qorin to‘ydirishni vijdonim hech qabul qilolmaydi. Jurnalistikani shu uchun tanlaganman. Bu esa “atom kuchini o‘tin yorishga sarflash”dek gap. Asosiy vaqtim maqola tayyorlashga ketadi. Bu qorin to‘ydiradigan ish, adabiyot esa hayotim.

Eng achchiqlantiradigani — ijod ahliga jiddiy odam qabilida qaralmasligi. Tan olaman, bunda ijodkorlarning ham aybi bor. 30 yoshgacha ijodiy faoliyatimni kun tartibimda birinchi o‘ringa olib chiqishni rejalashtirganman. Buning uchun, avval, bo‘lajak oilam, ota-onam uchun sharoit yaratishim zarur.

Talabalik yillari ko‘p qatori chetga ketishni o‘ylardim. Harakatni ham boshlagandim. Lekin bugun “surish kerak” degan da’vatlardan negadir biroz g‘ijinaman. Muammodan qochib qutulib bo‘lmaydi. Albatta, yashash sharoiti yaxshi bo‘lgan hududlarga aholi migratsiyasi tabiiy jarayon. Buni vatanni sotish, yurtdan kechish deyish noto‘g‘ri. Yil boshidan beri 10 mingdan ortiq kishi O‘zbekistondan butunlay ko‘chib ketganini o‘qidim. Raqamlar ortida jiddiy muammolar borligi aniq.

Kelajagimni shu yurt bilan bog‘lashim aniq. Chet elda, balki, doktorantura yo‘nalishida o‘qib qaytarman. Bu butunlay ketish degani emas. Bir o‘zbek sifatida millatimizning dunyoda o‘z so‘zi bo‘lishini juda xohlayman. Rahmatli Mahmud Sa’diy domla “orsiz millatga aylanib qoldik”, derdilar. Bu orsizlikning ayrim jihatlari millat xarakterida ko‘rinsa, ayrimi dunyo bilan munosabatimizda ko‘rinadi.

Bir o‘zbek sifatida “Tolibon” bilan kurashayotgan 10 millionli millatdoshlarimga madad bo‘lishni xohlayman. Bir o‘zbek sifatida Olmaotadan Ashxobodga qadar bemalol o‘tib-qayta oladigan, birdam qardosh bo‘lishimizni xohlayman. Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiyaga muhojirlikka ketayotgan yurtdoshlarim mardikor bo‘lib emas, intellektual migrant sifatida ishlashlarini istayman.

Suhrob Ziyodov, shoir va jurnalist

Xonzoda Mamatova, 27 yoshda. U Qoraqalpoq davlat universitetini tamomlagan; ikki nafar farzand onasi.

Foto: “Daryo” / M.Odilova

Oxirgi kunlarda zo‘rlangan, kamsitilgan, huquqlari poymol etilayotgan ayollar taqdiri haqida ko‘p o‘qiyapman yoki shunday holatlar juda ko‘payib ketgan, nazarimda. Ayollar bilan bog‘liq, yakuni yaxshilik bilan tugagan holatlar juda kam…

Ekologiyani asrash bo‘yicha olib borilayotgan, lekin ijrosi bilinmayotgan jarayonlar qachon jonlanarkan deb kutaman. Kutish asnosi mahallamiz, “dom”imiz ayollari bilan uyimiz atrofini tozalab, o‘zimiz hashar tashkillashtiramiz. Lekin chiqindini har doim ko‘rsatilgan joyga tashlamaydigan odamlarning borligi islohni o‘zimizdan boshlashimiz kerakligini isbotlaydi.

Diplomli uy bekasiman. Qizlarim hali kichkina. Biri 5, ikkinchisi 3 yashar. Bolalar bog‘chasi topish, joylashtirishda doim qiynalganman. Tanlagan sohangda ishlashing, oilaga moddiy yordam bo‘lishi uchun bolalarni ishonchli qo‘lga topshirishga majbursan. Yaxshi bog‘cha narxini esa cho‘ntaging ko‘tarmaydi. Yosh ota-ona uchun bu haqiqiy katta muammo. Davlat bog‘chalaridagi uzundan uzun navbat chinakam boshog‘riq. Bolang uch yoshdan o‘tsa ham, to‘rtni to‘ldirayotgan bo‘lsa ham navbating yaqin orada kelishi dargumon.

Yaqin 10 yillikni aniq rejalashtirganman: bolalarimning ingliz va rus tilida bilimlarini oshirish uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlarga berish va ular bilan muntazam shug‘ullanish, soham bo‘yicha ish topish.

Kelajagimni O‘zbekiston bilan bog‘layman. Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi chekka bir qishloqdanman, harakatlarim sabab universitetda o‘qidim, ishladim va bugun menga havas qiladigan, ortimdan ergashadigan tengdoshlarim, uka-singillarim bor. Vaqti kelsa, partiya faoli, ayollar huquqlari himoyachisi yoki tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha tashkilot rahbari bo‘lish niyatidaman. Eng kamida yoshlarning huquqiy bilim va saviyasini oshirishga ko‘maklashuvchi markaz ochmoqchiman. Bu markazda yosh qizlar, ayollar o‘z dardlari, muammolari, kamchiliklariga yechim topadi, bir-biriga yordam beradi.

Rejalar amalga oshishi oilaviy muhitga ham bog‘liqligini unutmaslik kerak. Farzandlarga to‘g‘ri tarbiya berish, turmush o‘rtog‘ing bilan teng fikrlash (har doim siz haqsiz deb emas), qaynona-qaynotaga o‘z ota-onang kabi chin dildan muomala qilish, atrofdagi har bir negativdan ko‘tarinki kayfiyat yarata olish — bari bugungi asosiy ishim, menimcha.

Xonzoda Mamatova, uy bekasi

Abbos Serobov, 22 yoshda. O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasining “Islom iqtisodiyoti va moliyasi” yo‘nalishi talabasi. “Akademnashr” nashriyotida ishlaydi.

Foto: “Daryo” / Ilyosxo‘ja Sultonxo‘jayev

Jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni ijtimoiy tarmoqlar orqali doimiy kuzataman. Imkon qadar, voqelikka nisbatan mustaqil fikrim bo‘lishiga intilaman. Shaxsiy qarashlarimni ijtimoiy tarmoqlarga joylardim. Ba’zida tanqid kuchayib, adovatga aylanib qolardi, ba’zida kimningdir ustidan noto‘g‘ri kulib qo‘yardim. Hozir deyarli e’lon qilmayman.

Bizda so‘z erkinligi juda gurkirab ketmaganligi ko‘pchilikka ayon, bir qo‘shiqda aytilganidek “sal shabboda qaddin egadigan” holatda turibdi. Gohida haqiqatni aytish murakkablashib ketadi. Uni aytish uchun va siz sabab hech kim jabr tortmasligi uchun g‘irt yetim bo‘lish kerak.

Kun sayin savodsizlik “gullayotgani” ko‘ngilni xira qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentidagi izohlarning, taxminan, 75—80 foizi g‘ij-g‘ij imloviy xato bilan yoziladi.

Ertamni yaxshi daromad topadigan, mehribon farzand, aka-uka, turmush o‘rtoq, ota sifatida tasavvur qilaman. To‘g‘rirog‘i, shunday niyat qilaman va shu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun harakat qilyapman.

Xorijga ketish borasida fikrim — 50 ga 50. Goh ketish haqida jiddiy o‘ylab qolaman, goh shu yerda qolish fikri og‘irroq keladi (Vatanga muhabbat hislarim oshib ketgan paytlarda, albatta).

O‘zbekistonning hozirgi holati, ertasi uchun ham aynan biror narsa qilolaman deb aytolmayman. Lekin o‘z yo‘nalishimda yaxshi kadr bo‘lsam va yaxshi ishlasam yetarli, menimcha. Shu narsa ham yurt rivojiga oz-moz hissa qo‘shsa kerak.

Abbos Serobov, talaba, nashriyot xodimi

Muqaddas Musayeva, 24 yoshda. Jurnalist

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Bugun bo‘layotgan voqealarga qiziqmaslikka harakat qilaman, ammo e’tiborni tortadiganlaridan qochib qutulsam, qaniydi!

Bilasizmi, risoladagidek ishlayotgan odam shunga yarasha yaxshi yashagisi keladi. Ularga shu mehnat mevasi bo‘lmish go‘zal hayot kuch-quvvat beradi. Masalan, o‘qituvchi, tibbiyot xodimlarini olaylik. Ularning xo‘rlanishi, kaltaklanishi, haqoratlanishiga chidash og‘ir. Ular topadigan maosh qanchaligini aniq bilmayman-u, lekin ikki kelinoyim (biri shifokor-infeksionist, biri ingliz tili o‘qituvchisi)ning aytishicha, daromadlari ijtimoiy tarmoqlardagi faol blogernikidan ancha past.

Har qanday kasb egasi ham shaxsiy ehtiyojlari qondirilib, oila a’zolarining qorni to‘q, usti but bo‘lganidagina boshqa muammolarga e’tibor qarata oladi. Ishida ham unumdorlik, rivojlanish kuzatiladi. Masalan, avtomashina masalasini olaylik. Aksariyat o‘zbekning orzusi shu. Aynan orzu. Kimdir buni juda uzoq kutadi, kimdir erisholmaydi ham. Orzu ro‘yobi uchun bir necha o‘n yillab ishlashingiz kerak. Ajoyib-a?

Yoki korrupsiya haqidagi “Tomiriga bolta urish, tub-tubidan quritish uchun chora-tadbirlar ko‘rilmoqda” degan balandparvoz gaplarni (takror va takror) eshitaverib necha yilni o‘tkazyapmiz-u, natijadan darak yo‘q.

Shunday odamlar bor, ular uchun og‘ir mehnat, mashaqqatga to‘la kun yakunlanib, ertasiga yana o‘sha kun tartibi takrorlanadigan tong otishi — baxt. Bugun qornini to‘ydirolsa — tole. Kun uzog‘i ko‘cha tozalab, daraxt soyasida besh daqiqa orom olishi — rohat. Ular tezroq mashina olish, dengiz bo‘yidagi shinam uy balkonida turib qaynoq qahva ho‘plashni orzu qilmaydi, farzandiga issiq ovqat, non-choy uchun pul topsa bo‘ldi, boshqasi kerak ham emas.

Kelgusida Berlin universiteti talabasi, Berliner Zeitung, Deutsche Welle yoki boshqa nemis OAVda jurnalist, SMM mutaxassisi bo‘lish, shu vaqtning o‘zida, O‘zbekistonda ayollar uchun psixologik markaz ochish niyatidaman. Keyinchalik, nasib qilsa, psixologiya bo‘yicha bilimimni oshirib, turmush tashvishlaridan charchagan, ko‘p qiyinchilikni boshidan o‘tkazgan va hayotda o‘z yo‘lini topishda qiynalgan xotin-qizlarga ko‘mak berish niyatim bor.

Muqaddas Musayeva, jurnalist

Tillaniso Eshboyeva, 28 yoshda. Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti 3-bosqich tayanch doktoranti.

Foto: Ahmad To‘ra

Ijtimoiy tarmoqlar, yangiliklar sayti, shuningdek, atrofdagi voqelik, odamlar fikri, kayfiyati asnosida jarayonlarni doimiy kuzatib boraman.

Jamiyat va inson, jumladan, o‘zim bilan bog‘liq muammolarga qandaydir sabab topaman, tashxis ham qo‘yaman, ammo yechimga kelganda oqsayveraman. Meni, masalan, o‘zim va jamiyatning ruhiy muammolari qiziqtiradi. Aslida bir odamdagi ruhiy muammo boshqanikidan farq qilmaydi. Chunki bitta matritsada yashaymiz. Oddiy narsa: qanday qilib odam yolg‘ondan qutulsa bo‘ladi – munosabatlarda, turmushda, ijtimoiy hayotda? Bu juda jo‘n savolga o‘xshab tuyilishi mumkin.

Sababi biz yolg‘on yashayotganimiz, to‘g‘rilik yetishmayotganini o‘zimiz anglolmaymiz. Bir odamda, uning munosabatlarida to‘g‘rilik yetishmasligi atrofga bevosita ta’sir qiladi, odamlar ruhiyati bir-biriga o‘xshashligini inobatga olsak, demak, bu endi ijtimoiy muammoga aylanadi. Aslida, har qanday ijtimoiy muammo tagida ham ruhiy muammolar yotadi. Qanday qilib to‘g‘rilik mezonlarini har birimizga va jamiyatga, insonlararo munosabat va boshqaruvga ham tatbiq etish mumkin? Mana, tayyor misol, men hozir javob topolmayotgan bir savolimga.

Kelajak haqida tasavvur emas, rejam bor. O‘qishni, ilmiy ishimni yakunlab, xorijda san’atshunoslikni, adabiyotni, yozish ko‘nikmalarini o‘rganish. Zamonaviy dunyo falsafasi, adabiyoti bilan chuqur va yaqin tanishish hamda xorijiy tilni yaxshi o‘rganib, o‘sha tilda ham ijod etish. Yaqin kelajak haqida o‘ylaganlarim shu va boshqa maqsad, orzular ham bor. Orzular haqida gapirmagan yaxshi.

Ertam qayerda, qanday sharoitda bo‘lmasin O‘zbekiston bilan bog‘liq.

Menga kuch-quvvat, sabr, tinimsiz mehnat va iroda kerak. O‘zbekiston uchun qilishni istaganim — yozganlarim vositasida insonlar, jamiyat ruhiyatiga, qalbiga ko‘zgu tutish. Aslida san’at, adabiyot o‘rtaga savol tashlaydi deyishadi, lekin men bunga qo‘shilmayman. Adabiyotda javoblar ham bor. Men juda ko‘plarga o‘zim topayotgan va hali oldinda topishim kerak bo‘lgan javoblarim bilan xizmat qilaman.

Masalan, o‘zimdan keyin kelayotgan yoshlarga. Ularga o‘z javobimni, tajribamni, xulosamni ulashaman. Ruhiy arosatdan tezroq chiqib, maqsadlari tomon borishlari uchun taskin beraman, ba’zan og‘riq, ba’zan javob beraman. Mening eng katta xizmatlarimdan biri shu bo‘ladi. O‘zbekiston uchun nima qila olaman degan savolga javobni hozircha men shunda ko‘raman — o‘zimdan keyingilarni qo‘limdan kelgancha har tomonlama suyash. G‘oyibona bo‘lsa ham, bilvosita matn orqali bo‘lsa ham. Har bir avlod o‘zidan keyingilar uchun mas’ul va qaysidir ma’noda qurbonlik qila olishi kerak.

Tillaniso Eshboyeva, yozuvchi

Muallif:Charos Nizomiddinova