Daryo

Farg‘onada kuzatilgan sel oqibatida 40 ta xonadon suvga to‘ldi. Mas’ullar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilingan

Ta’kidlanishicha, sel toshqinlari oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q

1 daqiqa o‘qish65 684 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Telegram / TashkentLand

Farg‘ona viloyati So‘x tumaniga 6-avgust kuni qo‘shni Qirg‘izistondan yana sel kelgani to‘g‘risida xabar berilgandi. FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, sel oqimlari Botken viloyati Qadamjoy tumanidagi tog‘ va adir hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida hosil bo‘lgan.

Foto: Telegram / TashkentLand

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati So‘x tumanida joylashgan “Navobod” MFY hududidagi “Malbut”, “Devayron-Umbara”, “Qalacha”, “Tul” va “Poloxona” sel yo‘llaridan 30 metr kub miqdorida sel oqimlari o‘tgan.

Sel o‘tishi oqibatida So‘x tumani hududidan o‘tuvchi So‘x—Rishton avtomobil yo‘lining 80 metr qismi loy aralash shag‘alga to‘lib qolgan. Malbut qishlog‘i xo‘jalik ekin maydonlariga hamda “Umbara” (15 ta xonadon) va “Devayron” MFY (25 ta xonadon) hududlaridagi jami 40 ta xo‘jalik tomorqalari, qo‘shimcha bino va uylarning yerto‘lalariga suv kirgan.

Sel oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tuman hokimiyatida FVB, IIB, prokuratura organlari, SSB rahbariyati tarkibidan iborat tezkor shtab tashkil etilib, sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilgan.

Foto: Telegram / TashkentLand
Foto: Telegram / TashkentLand

Ta’kidlanishicha, sel toshqinlari oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 4-avgust kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumani “Hushyor” sel o‘zaniga qo‘shni Qirg‘izistondan sel kelgandi. Oqibatda tumandagi ichki yo‘lni bir-biri bilan bog‘laydigan ko‘prikka zarar yetgandi.

“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi 6—8-avgust kunlari ham saqlanib qoladi.

Mavzuga doir: So‘xda iyulda uch marta sel kuzatildi, 20 ta xonadon zarar ko‘rdi. Jabrlangan oilalarga yordam pullari tarqatildi

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar