“Sputnik V” vaksinasining ikkinchi dozasi O‘zbekistonda qolmagani haqida xabar berilgandi. Ushbu xabar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi.

Foto: EPA

Qayd etilishicha, shu kunga qadar O‘zbekistonga 370 ming doza “Sputnik V” vaksinasi olib kelingan. Ularning 230 000 dozasi 1-komponent, 140 000 dozasi 2-komponent hisoblanadi.

2021-yil 4-avgust holatiga ko‘ra, 341 260 doza “Sputnik V” emlash jarayonlarida qo‘llanilgan bo‘lib, 212 818 nafar shaxs vaksinaning faqat birinchi dozasini olgan. 128 442 nafar fuqaro 2-dozani ham qabul qilib, to‘liq emlangan.

Ma’lum qilinishicha, vaksinaning har ikkala komponentlari miqdori tenglashishi uchun O‘zbekistonga yana 90 ming doza vaksina keltirilishi kerak. “Sputnik V”ning 90 ming dozalik 2-komponenti yaqin kunlarda mamlakatga keltirilishi kutilmoqda.

“Gamaleya nomli ilmiy tadqiqot instituti direktori Aleksandr Ginsburg va sohaning qator nufuzli olimlari ‘Sputnik V’ vaksinasining birinchi va ikkinchi komponentlari bilan emlanish oralig‘ini 21 kundan 90 kungacha uzaytirish mumkinligini ma’lum qilgan.

Xulosa qilish mumkinki, vaksinaning komponentlarini qabul qilish oraliq muddati uzayishi ham uning ta’sir kuchiga monelik qila olmaydi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Olmaliq shahridagi Jurabek laboratories qo‘shma korxonasida ham koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Shu yilning 29-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu korxona faoliyati bilan tanishgan edi.

Bundan avval O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasining birinchi partiyasi ishlab chiqarilgani haqida xabar berilgandi.