Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev qabulida bo‘lib, farzandi tomonidan eplab pul so‘rayolmaganlikda ayblangan va qizidan tarsaki yegan 70 yoshli onaxonga himoya orderi berildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar qildi.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB

Ta’kidlanishicha, IIB xodimlari onasiga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazgan Qarshi shahri “Shayxali” MFY 18-yotoqxonada yashovchi Ozoda Himmatova xonadonida bo‘lib, onasi Aytash Mengayevaga himoya orderini topshirgan.

Qayd etilishicha, viloyat hokimi Ozoda Himmatovaga 70 yoshli onasini Saxovat uyiga topshirish haqida taklif bergan. Ammo hokim tomonidan aytilgan bu taklif Ozoda Himmatova tomonidan qanday qarshilangani ochiqlanmagan.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Qarshi shahar hokimligi mas’uli Orasta Tosheva 70 yoshli onaxonni Yakkabog‘ tumanidagi Saxovat uyiga topshirish va davlat g‘amxo‘rligiga olish bo‘yicha harakatlar boshlanganini ma’lum qildi.

“MFY mas’ullari sudga berishyapti. Sud qanday qaror chiqarsa, shu bo‘ladi. Onaxonning Saxovat uyiga ketish-ketmasligi sud qaroriga bog‘liq”, — deydi Orasta Tosheva.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev qabulida bo‘lgan onaxon noma‘lum sababga ko‘ra qizi tomonidan tahqirlangani tasvirlangan video tarqalgach, “Mening yurtim” telekanalining “Markaziy studiya” dasturi orqali vaziyatni izohlagan Ozoda Himmatova tarqalgan video montaj ekanligini ta‘kidlagan.