Yengil atletika bo‘yicha Tokio—2020 Olimpiadasida Belarus sharafini himoya qilishi ko‘zda tutilgan Kristina Timanovskaya tazyiqqa uchradi.

Foto: Instagram

Timanovskaya 2-avgust kuni 200 metrga yugurish bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etishi kerak edi. Biroq sportchi hali o‘z ishtirokini o‘tkazishga ulgurmasidan Tokioni tark etishi belgilangan. Timanovskayaning qayd etishicha, Belarus hukumati uni Tokiodan deportatsiya qilishga uringan. O‘zini ruhshunos sifatida tanishtirgan kishi Timanovskayaga Tokioni tark etishi kerakligi haqida ma’lum qilgan. “Terma jamoa bosh murabbiyi bu qaror yengil atletika federatsiyasi yoki sport vazirligi tomonidan emas, undanda yuqori tashkilot tomonidan chiqarilganini aytdi”, — deydi sportchi.

O‘z navbatida sportchi ushbu bosimlarga reaksiya bildirgan va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasidan (XOQ) yordam so‘ragan. Ayni vaqtda XOQ vaziyatni o‘z nazorati ostiga olgan.

Belarus olimpiya qo‘mitasi bu holatga izoh berdi.

“Shifokorlar xulosasiga ko‘ra Kristina Timanovskayaning ruhiy-psixologik holatidan kelib chiqib, jamoa murabbiylar shtabi tomonidan sportchining Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunlash haqida qaror qabul qilindi. O‘z navbatida uning 200 metrga yugurish va 4x400 metr estafetadagi ishtiroki bekor qilindi”, — deyiladi Belarus MOQ bayonotida.

Ma’lumot uchun, Timanovskaya Olimpiya o‘yinlarida 200 metrga yugurish bahslarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgandi. Yaponiyada sportchi kutilmaganda 4x400 metr estafeta bahslarida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritib qo‘yiladi. Natijada Kristina murabbiylarning bu qaroridan g‘azabga kelganini ta’kidlab, ijtimoiy tarmoqlarda post qoldiradi. Shundan keyin uni mamlakatga qaytarish harakati boshlanadi. Biroq vaziyatga XOQ aralashdi va ayni vaqtda yakuniy qaror chiqarilishi kutilmoqda.