Mehribonlik uylari bitiruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev sohaga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

“18 yoshga to‘lgan, uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi. Buning uchun 757 nafar bolaga uy-joy sotib olishga 2021-yilda budjetdan 120 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Viloyat hokimlari 1-oktabrga qadar 757 nafar yetim bolani uy-joy bilan ta’minlasin.

Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan iqtidorli talabalar stipendiyasi 50 foizga oshiriladi. Shuningdek, ota-onasidan ajragan talabalarga pensiya to‘lash muddatini amaldagi 18 yoshdan 23 yoshgacha uzaytirsak, o‘ylaymanki, bu ham adolatdan bo‘ladi.

Ushbu talabalarga zarur adabiyotlar sotib olish uchun har yili bir marta 1,2 million so‘m subsidiya beriladi”, — deydi davlat rahbari.

Bundan avval Toshkentdagi mehribonlik uylari oliygohlarga biriktirilishi hamda Shavkat Mirziyoyev mehribonlik uylarini Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.