Futbol bo‘yicha Yevro—2020 musobaqasining ikkinchi yarim finalida Angliya va Daniya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi.

Foto: “Daryo” / Getty Images

Uchrashuvning 30-daqiqasida Mikkel Damsgor jarima zarbasini qoyilmaqom ijro etgan holda Daniyani hisobda oldinga olib chiqdi. Shundan keyin inglizlar raqib darvozasi oldida bosimni oshirdi. 39-daqiqada Bukayo Sakaning uzatmasidan keyin Simon Kyer o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi va muvozanat tiklandi.

Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi va qo‘shimcha bo‘limlar belgilandi. Qo‘shimcha bo‘limlarining dastlabkisi yakunlanib borayotgan bir vaqtda inglizlar penalti ishlab oldi. Harri Keynning 11 metrdan yo‘llagan zarbasini Kasper Shmeyxel qaytarishga erishdi, biroq qaytgan to‘pni Keyn darvozaga joylab qo‘ydi.

Shu tariqa Angliya finalga yo‘l oldi va hal qiluvchi bahsda Italiyaga qarshi o‘ynaydi. Final 11-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Yevro—2020

1/2 final bahsi

7-iyul, chorshanba

Angliya — Daniya 2:1

Gollar: 0:1 – 30 Damsgor, 1:1 – 39, avtogol Kyer, 2:1 – 104 Keyn.

Angliya: Pikford, Stounz, Uoker, Shou, Maguayr, Saka (Grilish, 69; Trippyer, 105), Rays (Henderson, 95), Maunt (Foden, 95), Fillips, Sterling, Keyn.

Daniya: Shmeyxel, Larsen (Vass, 67), Vestergor (Vind, 105), Kyer, Mele, Hyoybyerg, Dileyni (Yensen, 88), Damsgor (Poulsen, 67), Kristensen (Andersen, 79), Breytueyt, Dolberg (Nergor, 67).

Ogohlantirishlar: Maguayr (49), Vass (72).