Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Hayotida ikki qo‘rquv – so‘zga mas’uliyat va uchuvchilik bilan yonma-yon yashagan, biroq jamiki shon-sharaf, shuhratni adabiyotdan topgan Antuan de Sent-Ekzyuperi so‘z maydonida aytarini ayta olgan yozuvchilardandir. “Daryo” yozuvchining hayot yo‘li va ijodi haqida hikoya qiladi.

Bolakay Toni

Foto: Google <span style=Images" data-action="zoom" class="border lazyload" />

Foto: Google Images

Umri dolg‘ali zamonlarga to‘g‘ri kelib, qon kechib, urush girdobida yashaganiga qaramay, asarlarida yorug‘lik – hayotga muhabbat, zulmga nafrat, voqelikka donishmand ko‘zi bilan qarash bo‘rtib turgani uchunam uni ko‘pchilik o‘qiydi. 1900-yilning 29-iyunida Fransiyaning Lion shahrida dvoryanlar oilasida tug‘ilgan bolakayning kun kelib “allaqanday” kasb – uchuvchilikni egallashi, kamiga yozuvchi bo‘lishini ko‘pchilik aqliga sig‘dirolmasdi. Negaki, oqsuyak, zodagonlarga bunday kasb “yarashmas”, har kim ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishi talab etilardi. Ammo taqdir yozug‘i odam tuzgan rejaga qararmidi – Antuan ham bolalikdan yerdan ko‘ra osmonda kezishni xushlaydigan xayolparast, dunyoni tabiat rangi bilan ko‘rib, farqlaydiganlardan edi. O‘sha paytlari jamiyat tutumiga xos uzundan uzun ismlar qo‘yilishi urf bo‘lgani uchun Ekzyuperiga ham Antuan Mari Jan-Batist Roje de Sent-Ekzyuperi sharifi beriladi. Lekin shuncha ismni aytib tugatish malolligidan oila a’zolari shunchaki “Toni” deb chaqirib qo‘ya qolishadi.

To‘rt yasharligida otasi to‘satdan miyaga qon quyilishidan vafot etadi-yu, oilaning to‘kin-sochin kunlari andak barham topadi. El qatori yashash, oddiy insonlardek kun kechirishni boshdan o‘tkazib, ba’zan qorin to‘ydirishga bir tishlam non topilmaydigan zamonlar keladi. Jo‘jabirday polaponlarini qanday to‘ydirishni bilmay, joni halak bo‘lgan ona opasi Mari Trikoning Belkur maydonidagi xonadoniga yukinib boradi. Topgan-tutganni o‘rtaga qo‘yib, xola-jiyanlar bahamjihat yashaydi. Toni esa ochin-to‘qin kunlari kichik akasi Fransuaga suyanib yashaydi. Ammo bu ham uzoq davo etmaydi.

Beva qolgan ona endi bolalarining ta’limi, ertangi kuni haqida qayg‘urib, jiddiy harakatga tushadi. Ularning ko‘nglida adabiyot va san’atga muhabbat uyg‘otib, mutolaaga rag‘batlantiradi. Mehrdan et olib o‘sgan Antuan ulg‘aygani sari onasiga qattiqroq bog‘lanar, qaygadir jo‘nasa ham xuddi romanlardagidek sog‘inch maktubi yozardi. Adabiyot qatorida kichkina Toni texnika, temir-tersakka astoydil qiziqar, tanlov vaqti kelganida qay birini tanlashni bilmay ikkilangan paytlari ham bo‘lgandi.

Liondagi nasroniylar maktabida boshlang‘ich diniy ta’limni o‘qigach, Shveysariyadagi katolik pansionatida ham tahsilni davom ettiradi. Ammo diniy yo‘nalishini qo‘yib, 1917-yili Parijdagi Nafis san’atlar maktabida me’morlik fakultetiga hujjat topshiradi, bakalavr diplomini oladi. Keyin nafis san’atni ham bir chetga yig‘ishtirib, harbiy-dengizchilar litseyiga ketmoqchi, toleyini harbiylikda sinamoqchi bo‘ladi. Omadi chopmay, saralash konkursidan o‘tolmaydi. 1917-yilning yozida qadrdon maslahatgo‘yi, jondan aziz akasi Fransua revmokarditdan vafot etgach, Antuan uzoq vaqtgacha o‘ziga kelolmay, damdo‘z, ichimdan top yigitga aylanadi.

Kengliklardagi zavq

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Oradan 5 yil o‘tib, o‘rtoqlari qatori uni ham harbiy xizmatga chaqirishadi. 12 yoshida birinchi marta uchuvchi Gabriel Vroblevskiy bilan osmonga ko‘tarilgani, o‘sha lahzadagi hayrat va quvonch butun umr yodiga muhrlangani sababmi yoki boshqa, harbiy komissariatga borib, tikkasiga o‘zini uchuvchilar kursiga, so‘ng Strasburdagi qiruvchilar aviatsiyasiga yozishlarini so‘raydi. Avvaliga unga uchishga ruxsat berilmaydi. Bunday qarordan shashti so‘nish o‘rniga Antuan samolyotlarning texnik ko‘riklariga aralashib, uchish maydonchalarida o‘ralashib yuraveradi. Vaqt o‘tib, uchuvchilar imtihonini “besh”ga topshirib, hujjatga ham ega chiqadi. Uchish yo‘nalishini Marokashga o‘zgartirgach, harbiy samolyotlarni boshqarish huquqini qo‘lga kiritadi.

Istrdagi ofitserlar maktabi ham malaka oshirish va tajriba to‘plashda saboqxona bo‘ladi. Kichik leytenant darajasi berilgach, Antuan shiddat va shahd bilan Parij yaqinidagi Le Burjeda – 34-aviatsion polkda xizmatni davom ettiradi. 1923-yili ilk aviahalokatga uchragan Ekzyuperining bosh miya suyagi shikastlanadi. Salomatligi tiklanguncha Parijga qaytib, qog‘oz qoralash, safar xotiralarini kitob qilishga chog‘lanadi-yu, ming urinmasin, bundan hech qanday natija chiqmaydi.

Kunlar shu zayl o‘tarkan, hayoti bunday davom etmasligi, ko‘ngil kemtikligini to‘ldirish fursati yetganini fahmlayveradi. Parvoz zavqini hech bir mashg‘ulot bosolmasligini sezib, “Aeroposhtal” aviakompaniyasida mexanik bo‘lib ish boshlaydi. 1926-yilning bahoridan pochta yetkazuvchi samolyotning uchuvchisiga aylanadi. Asosiy ishini bajarish asnosi yozishni ham unutmaydi. Ilk asari “Janubiy pochta” nomi bilan chop etiladi. O‘sha yili Kap-Jubidagi aerodromda boshliq bo‘lib ish boshlaydi.

1929-yil ham o‘zgarishlarga boy o‘tadi. Yana qadrdon “Aeroposhtal”ga qaytib, ufqlarni kezish vaqti yetadi. Bir joydan ikkinchi joyga pochta-jo‘natmalarni yetkazarkan, samo kengliklaridagi zavq, xayol va yozilajak asarlar rejasini hech narsaga almashtirmasligini hamkasblariga bot-bot so‘zlab berardi. Biroq oradan ikki yil o‘tib, 1931-yili kompaniya kasodga uchragach, Ekzyuperi Yevropaga qaytishga majbur bo‘ladi.

Ortga qaytgach, nima ish qilishni, yana yangitdan sarguzashtlar boshlash-boshlamasligini andak o‘ylaydi-yu, pochta avialiniyasini tashkillashtirish payiga tushadi, keyin niyatidan qaytib, harbiy samolyotlar mashg‘ulotida qatnasha boshlaydi.

Qissaga aylangan halokat

Foto: Google <span style=Images" data-action="zoom" class="border lazyload" />

Foto: Google Images

Yozuvchi tarjimayi holida o‘ta xavfli voqealar, tavakkalga qurilgan tanlovlar juda ko‘p uchraydi. Ammo har bir halokat va talafotdan omon chiqib, ko‘rgan-kechirganlarini asarlari qatiga joylayveradi. Samolyotlar tezligini tekshirish loyihasida o‘ziga shaxsiy uchoq sotib olib, Parijdan Saygonga qarab otlanadi. Sahro ustidan uchayotib, to‘satdan halokatga uchraydi. Tasodifmi yoki taqdir sabab sog‘ qolib, sahroyilar xonadonida qo‘nim topadi. Yana bir qo‘rqinchli halokat Nyu-Yorkdan Olovli Yerga qarab uchayotganda yuz beradi. Yelkalari, chanoq suyagi sinib, bir necha kun behush yotadi.

Asrning 30-yillari jurnalistika olamiga qadam qo‘yishga ulgurgan Antuan “Pari Suar” gazetasidan muxbirlik ishini topadi. Sayohatlarini yo‘l ocherki shaklida yozib, qalam haqi oladi. Keyin “Entransijen” nashriga o‘tib, Ispaniyadagi fuqarolar urushida qatnashadi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganda ham toqatsizligi, zulmga qarshi hamisha kurashini isbotlash uchun birinchilar qatorida urushga jo‘naydi.

1930-yil Sent-Ekzyuperiga omadli keladi. And tog‘larida falokatga uchragan do‘sti, mashhur uchuvchi Anri Giyome omon qoladi. Sent-Ekzyuperi besh kun mobaynida tog‘lar uzra xavf-xatar bilan olishib, parvoz qiladi, Giyome esa hamisha o‘zini-o‘zi yengib, pastga, odamlar tomon intiladi. U qaysarlik bilan o‘ziga-o‘zi: “Agar to‘xtab qolsam, ablah bo‘layin!”– deya ta’kidlaganicha pastga enadi. Giyome shu tariqa halokatdan qutulib chiqadi va omon qoladi. Do‘stini ilk bora Sent-Ekzyuperi qarshi oladi va Giyomening ana shu so‘zlarini “Odamlar sayyorasi” asarida keltiradi: “Xudo haqqi, mening o‘rnimda hayvon ham bunga chidash berolmasdi”. Yigit degani ana shunday dovyurak va irodali bo‘lishi kerak, deb hisoblagan yozuvchi.

Ijodiy parvoz

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Ijod uchuvchilik qatori ko‘kka tobora balandlayveradi. 1914-yili kollejda o‘qiyotgan paytlari qog‘oz qoralashni boshlagan havaskor yillar o‘tib haqiqiy yozuvchiga – butun dunyo hayratda qoladigan ijodkorga aylanadi. “Uchuvchi” asari bilan maydonga kirib, “Kichkina shahzoda” orqali yuraklarni zabt etadi. Kitoblarida voqelikni uchuvchi nigohi, dunyoqarashi va osmon kengliklari ko‘magida tushuntirishga urinadi. Qarichiga sig‘gan falsafasini samoda topgan huzuriga qo‘shib ifodalaydi. Ekzyuperi-uchuvchisiz Ekzyuperi-yozuvchiga aylana olmasligini yillar isbotlab beradi.

1931-yil yozuvchining ikkinchi romani “Tungi parvoz” nashrdan chiqadi. Roman “Femina” adabiy mukofoti bilan taqdirlanadi. Ushbu roman Sent-Ekzyuperiga shon-shuhrat darvozasini ochib beradi. Lekin Sent-Ekzyuperi shuhratga o‘ch emas, unga intilmasdi.

“Harbiy uchuvchi” romani avtobiografik asardir. Ikkinchi jahon urushi taassurotlari asosida yozilgan bu kitob Fransiyada qat’iy taqiqlanadi, ammo Amerikada misli ko‘rilmagan darajada sotilib, qo‘lma-qo‘l o‘qiladi. Hatto, bir nashriyot bolalarga qator hikoyalar yozib berishini so‘rab yozuvchiga shartnoma taklif etadi. Bir-ikki yil ichida “Kichkina shahzoda” shunday shartnomalar mevasi bo‘lib tug‘iladi. 1948-yili esa (vafotidan keyin) eng oxirgi asari – “Qal’a” bosilib chiqadi.

Javobsiz muhabbat

Antuanning ilk sevgi hikoyalari o‘ziga to‘q xonadonning erka qizi Luiza Vilmorn bilan boshlanadi. Tantiq qizginaning talablariga ancha kambag‘allashib qolgan yigitchaning hadeganda dosh berolmasligi, aviahalokatlarga uchrab, bor pulini dori-davoga sarflashi endi-endi kurtak yozayotgan muhabbatning ochilmasidan so‘lishiga sabab bo‘ladi. Birinchi muhabbat alami uzoq yillar bosilmay, umr bo‘yi o‘ziga munosib juft topishiga halal beraveradi. Vaqt o‘tib, Buenos-Ayresda marhum yozuvchi Gomes Karilloning bevasi Konsuyelo Sunsin bilan tanishadi. 1931-yili sevishganlar el-yurt oldida dasturxon yozib, nikoh qurishadi. Biroq to‘ydan keyin munosabatlar sovuqlashib, negadir iliqlashmas, rafiqasining og‘ir fe’li, takabburona qiliqlari, manmanligi Antuanning tinkasini quritardi. Har qanday injiqligi-yu, erkaliklariga chidashga, bariga ko‘z yumib yashashga majbur bo‘ladi.

So‘nggi parvoz

Foto: Google Photos

Foto: Google Photos

Sent-Ekzyuperi yerda yashay olmay, samodan o‘ziga o‘lim izlagan degan afsona paydo bo‘lgan edi. Haqiqatan, panada ish bitirishni, tanish-bilishchilikni xush ko‘rmaydigan yozuvchi kutilmaganda nima qilib bo‘lsa ham harakatdagi armiyaga ishga o‘tishga intiladi. U birdan o‘zining graflik nasli, unvonini eslab qoladi. Amerika generali Ikersni chinakamiga ta’qib qilishga o‘tadi, hatto butun haftani uni kutib, qabulxonasida o‘tkazadi. Jangovar postda jon berish xayoli uni fazoga qaytishga bor kuchi bilan jalb etganmikin, degan fikr ham paydo bo‘ladi beixtiyor kishida. Axir u so‘nggi maktublaridan birida shunday yozgan-da: “Naq to‘rt marta halok bo‘layozdim, endi menga baribir”.

1944-yilning 31-iyulida ko‘kka ko‘tarilgan samolyot va uning uchuvchisi ortiga qaytmaydi va ro‘yxatlarga “dom-daraksiz yo‘qoldi” deb yozib qo‘yiladi. Na samolyot qoldiqlari, na yozuvchi jasadi uzoq yillar topilmay, o‘limi sirliligicha qoladi. Oradan 40 yil o‘tib, 1988-yili Marsel yaqinidan rafiqasining ismi o‘yib yozilgan bilakuzuk topiladi. 2000-yili ham yana bir bora halokatga uchragan samolyot qoldiqlari qidiriladi, ammo natija chiqmaydi. 8 yildan keyin yozuvchining halokati sabablari haqida dastlabki ma’lumotlar ravshanlashadi. Unga nemis qiruvchisi hujum qilgani, dushman uning samolyoti kabinasida bo‘lgani taxmin qilinadi.

O‘zidan bir qancha kitoblar, jahon adabiyotini boyitgan asarlar qoldirgan, mardlik, jasorat timsoliga aylangan Sent-Ekzyuperi bugun haqiqiy shedevrlar qatorida turadi. Garchi qisqa umr ko‘rib, jasadi qayerdaligi haligacha noma’lum bo‘lsa-da, qahramonlarcha yashab o‘tgani tahsinga loyiq. Bugun Liondagi aeroport yozuvchi nomi bilan ataladi.

Charos Nizomiddinova tayyorladi

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Belgorod viloyatining Ukraina bilan chegaradagi qishlog‘i o‘qqa tutildi. Oqibatda bir ayol halok bo‘ldi (video)
Mahalliy
“Davlat OAV erkinligi, axborot izlash, olish va tarqatish huquqlarini kafolatlaydi” — Konstitutsiyaning 67-moddasiga yangi normalar kiritilmoqda
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda avtomobillar ko‘proq qaysi hududlarda ijaraga olinishi ma’lum bo‘ldi