Shimoliy Koreya AQSh bilan ham muloqotga, ham qarama-qarshilikka tayyor turishi kerak. Bu haqda KXDR yetakchisi Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasining yalpi majlisida aytib o‘tdi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Getty Images

Siyosatchi KXDRning “qadr-qimmati va manfaatlarini” himoya qilish, shuningdek, “osoyishtalik va mamlakat xavfsizligining ishonchli kafolati”ni ta’minlash maqsadida, xususan, AQSh bilan to‘qnashuvga tayyor bo‘lish lozimligini ta’kidladi.

Yanvar oyi boshida Kim Chen In Shimoliy Koreya Mehnat partiyasining VIII syezdida AQSh KXDRning asosiy dushmani bo‘lib qolishini ma’lum qilgan. “Bizning tashqi siyosiy faoliyatimiz kelajakda inqilobiy rivojlanishimiz yo‘lidagi asosiy to‘siq va eng katta dushman bo‘lgan AQShni yo‘q qilish va bo‘ysundirishga qaratilishi kerak”, — degan edi u. Shu bilan birga, agar Oq uy o‘zining dushmanlarcha siyosatidan voz kechsa, Pxenyan Vashington bilan munosabatlarni normallashtirishga tayyor.

Mart oyida esa AQSh qariyb bir oydan buyon Shimoliy Koreya bilan turli diplomatik kanallar orqali bog‘lana olmayotgani haqida xabar berilgan. Ta’kidlanishicha, AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasida faol muloqot olib borilmayotganiga bir yildan oshgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan muayyan shartlar asosida uchrashib, suhbatlashib olishga tayyorligini bildirgan edi.