Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyati faollari bilan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda davlat rahbari sog‘liqni saqlash tizimida murakkab operatsiyalarga muhtoj, ehtiyojmand aholiga yordam berish bo‘yicha viloyatda maxsus jamg‘arma tashkil etilishini qayd etdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

“Shuningdek, bu yil viloyatda 4 ta oilaviy poliklinika va 9 ta oilaviy shifokorlik punkti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 2021-yilda viloyatda 1 million 500 ming aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, jumladan, 300 mingdan ortiq ayollarni mammografik va ultratovush tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.

Qo‘rg‘ontepa va Shahrixon tumanlari uchun jarohatlarni va o‘tkir qon tomir kasalliklarini davolaydigan markazlar faoliyati hamda gemodializ xizmati yil oxirigacha yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi Prezident.

Davlat rahbari mas’ul tashkilotlar rahbarlariga yil yakunigacha buyrak ko‘chirish operatsiyasini amalga oshiradigan mutaxassislarni tayyorlash choralarini ko‘rish va 2022-yildan boshlab buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlikni viloyatda joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq O‘zbekiston hukumatining 8-apreldagi qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etilayotgani haqida xabar berilgan edi.

2020-yil dekabrida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘magida “Ishonch” xayriya jamoat fondi tashkil etilgandi.