Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘magida “Ishonch” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fondning maqsadi onkologik kasalliklarga chalingan odamlarga, ularning oilalariga, shuningdek, tibbiyot muassasalariga, saraton kasalligiga chalinganlarga tibbiy yordam ko‘rsatadigan shifokorlarning faoliyati hamda ularning ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlashdir.

Fond Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-oktabrda qabul qilingan “Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan o‘tkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Shuningdek, fondning maqsadlari:

  • dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy asbob-uskunalar, tadqiqotlar, muolajalar, shuningdek, protezlar, nogironlar aravachalari va boshqa reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlashni;
  • saraton kasalligi bilan og‘riyotgan bemorlarni bepul parvarish qilish, qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy va mehnat reabilitatsiyasini;
  • psixologik huquqiy va axboriy maslahat berishni tashkil etish.
“O‘zbekistonda ko‘plab xayriya tashkilotlari mavjud, ular orasida saraton kasalligiga chalingan bemorlarga individual yordam ko‘rsatayotganlari ham kam emas. Bizning maqsadimiz — bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishdan tashqari, onkologik soha rivojiga, sog‘ayish ko‘rsatkichini yanada oshirishga hissa qo‘shishdir. Shuningdek, ayollar va bolalardan farqli o‘laroq, erkaklar bunday xayriya yordamlarini har doim ham olavermaydilar. Ko‘p hollarda erkaklar og‘ir kasallik bilan yakkama-yakka qolishga majbur bo‘ladi. Statistika va amaliyot shuni ko‘rsatadiki, o‘rta va katta yoshdagi erkak uchun xayriya yordamini olish ancha qiyinroq kechadi. Shuning uchun ham ‘Ishonch’ fondi faoliyatining dastlabki davri uchun ustuvor yo‘nalish etib erkaklar salomatligini yaxshilashni tanladik. Keyinchalik esa boshqa guruh bemorlarni ham qamrab olish, onkologiya sohasida olib boriladigan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashni niyat qilganmiz”, — deydi markaz bosh shifokori o‘rinbosari, “Ishonch” fondi ijrochi direktori Dilnoza A’zamxo‘jayeva.

Ma’lumot uchun, 2019-yil respublikada onkologik xastaliklar bilan 24 648 ta yangi kasallanish holati aniqlangan (ular orasida erkaklar 10 511 nafarni va ayollar 14 137 nafarni tashkil etdi). Ayni paytda umumiy kasallanish strukturasida yuqori o‘rinni ko‘krak bezi, me’da va bachadon bo‘yni saratoni saqlab qolmoqda. 2019-yilda erkaklar orasida umumiy kasallanish strukturasida yetakchi o‘rinlarni me’da, bronxlar va o‘pka, shuningdek, bosh miyadagi zararli o‘smalar bilan kasallanish egallamoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
YCHL. “Bavariya” o‘z maydonida raqibini tor-mor etdi, “Marsel” 5 ta gol urilgan o‘yinda “Sporting” ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 4-oktabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Dunyo
Belgorod shahri osmonida noma’lum uchqun paydo bo‘ldi (video)