Xonanda Dildora Niyozova “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Dildora Niyozova suhbat davomida muxlislari orasida milliarder Alisher Usmonov ham bo‘lgani, Alisher Usmonov yaxshi ko‘rib tinglaydigan qo‘shig‘i haqida gapirib berdi.

To‘g‘risi internet tarmoqlarini muntazam kuzatmaganim uchun u insonni tanimas edim. Viloyatma-viloyat to‘ylarda yurganmiz-da. Keyin turmush o‘rtog‘im “bu insonning kimligini bilasanmi, bu inson dunyoning eng boy odamlaridan biri”, dedilar.

Bir kuni ularning xizmatiga borganimizda “hamma jim bo‘lsin”, deb, butun davra jim bo‘lgandan so‘ng ijodim haqida juda ham yaxshi fikrlarni, tilaklarni bildirdilar.

“Seni ko‘rishim kerak” deb nomlangan qo‘shig‘im bo‘lardi, Alisher Usmonov ushbu qo‘shig‘imni juda yaxshi ko‘rib tinglardilar. Bir tadbirlarida shu qo‘shig‘imni yigirma martalab aytganman, shu qadar ko‘p kuylaganimdan o‘zim ham charchab ketganman.

Dildora Niyozova, xonanda

Ma’lumot uchun, Dildora Niyozova 1978-yil 14-sentabr kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. “Xalqlar do‘stligi” saroyida olti marotaba yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan. 300 dan ortiq mualliflik qo‘shiqlari, o‘n to‘rtta musiqiy albomi bor. Oilali, ikki farzandning onasi.