Mo‘g‘ulistonda 9-iyun kuni bo‘lib o‘tgan umummilliy prezident saylovlarida hukmron Mo‘g‘il xalq partiyasi nomzodi Uxnaagiyn Xurelsux g‘alaba qozondi. Shu tariqa ushbu siyosiy tashkilot o‘z mavqeyini yanada mustahkamladi, deb yozadi “TASS”.

Foto: EPA

Bosh saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning taxminan 70 foizi Xurelsuxga ovoz bergan.

Xurelsuxning asosiy raqibi — parlamentning sobiq deputati Dangaasurengiyn Enxbat uchun saylov uchastkalariga tashrif buyurgan fuqarolarning taxminan 25 foizi ovoz berdi. Uchinchi nomzod — muxolifatchi Demokratik partiyaning sobiq raisi Sodnomzunduyn Erdeneni qo‘llab-quvvatlash darajasi atigi 5-6 foizni tashkil etdi.

Mo‘g‘ulistonda prezident saylovlari mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da (Toshkent vaqti bilan 04:00) boshlanib, 22:00 da (Toshkent vaqti bilan 19:00) yakunlangan. Umumiy hisobda mamlakat hududida 2 mingga yaqin saylov uchastkalari ochilgandi. Bosh saylov komissiyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, saylov uchastkalari yopilishidan yarim soat oldin ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 2 milliondan ortiq saylovchidan 1,17 milliondan ortig‘i ovoz berib bo‘lgan. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, mamlakat aholisi birinchi marta davlat rahbarini olti yilga sayladi.

Prezidentlik saylovlarida qatnashuvchilar 52,69 foizni tashkil etgan. Keksa avlod eng katta siyosiy faollikni ko‘rsatgan bo‘lsa, 20 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hokimiyat uchun kurashda kim g‘olib bo‘lishiga va kelgusi olti yil ichida mamlakatni kim boshqarishiga unchalik qiziqish bildirmagan.

“Monsame” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayoni bir necha o‘nlab mo‘g‘ulistonlik va chet ellik jurnalistlar tomonidan yoritib turilgan. Mamlakat hukumati Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vakillarini hamda AQShning Ulan-Batordagi elchisi Maykl Klecheskini kuzatuvchi sifatida saylovga taklif qilgan. Shuningdek, jarayonni xalqaro tashkilotlarning 40 ga yaqin vakillari ham kuzatib borgan.