O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxirasi 1-iyun holati bo‘yicha 35,5 milliard dollarni tashkil etdi, deb yozmoqda Spot. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu may oyidagi zaxiradan 1,4 milliard dollarga ko‘p.

Foto: Reuters

Bunga asosiy omil oltin qiymatining ko‘tarilishidir. May oyida oltin arzonlashdan to‘xtagan va unsiyasining narxi 1900 dollargacha ko‘tarilgandi. Taqqoslash uchun, aprel oyida unsiyasi 1750 dollar atrofida bo‘lgan (ayni paytda uning narxi 1887 dollarni tashkil etmoqda). Zaxiradagi xorijiy valyuta esa 0,5 milliard dollarga kamaygan.

Oltin-valyuta zaxiralari mamlakat uchun “himoya yostiqchasi” hisoblanadi. O‘zbekistonning amaldagi zaxiralari 20 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli.

Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkichdan, ya’ni uch oydan ancha ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy banki narxlar ko‘tarilgach oltin eksportini davom ettirishini bildirgandi. May oyida oltin narxi ko‘tarilgani, ammo O‘zbekiston uni yana sotishni boshlashi uchun yetarli darajada emasligi ma’lum qilingandi.