BBC nashrining saytida avtoturargohdagi bitta joy uchun rekord dajarada mablag‘ to‘langaniga oid ma’lumot e’lon qilindi. U Gonkongda joylashgan bo‘lib, transport vositasini Mount Nicholson turar joy kompleksi hududida qoldirish uchun noma’lum xaridor 1,3 million dollar to‘lagan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Twitter / @LWK&Partners

Gonkong o‘zining yuqori darajadagi turmush tarzi, shuningdek, aholi zich joylashgan tumanlari bilan mashhur. Mintaqadagi aholining zichligi har bir kvadrat kilometr uchun salkam 7000 kishini tashkil etadi. Shu sababli mahalliy turar joy maskanlar, avtoturargohlar narxi aqlbovar qilmas qiymatga ko‘tariladi.

Avtoturargohdagi eng qimmat joy borasidagi yangi rekordni Osiyodagi eng qimmat turar joy kompleklaridan biri hisoblanuvchi Mount Nicholson hududida joylashgan turargoh o‘rnatdi. U yerdagi avtomobil qo‘yiladigan joy 1,3 million dollarga sotilgan.

Mutaxassislarning fikricha, noma’lum xaridor ushbu avtoturargohdagi joyini investitsiya sifatida sotib olgan. Chunki yaqinda ushbu hududda ko‘chmas mulk narxi borasida rekord o‘rnatilgan edi. Bitta xonadonning ijara haqi bir oy uchun 210 ming dollarni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Jonni Chung Shan-I ismli investor Gonkong markazidagi The Center ofis binosining 73-qavatida joylashgan avtoturargohni 960 ming dollarga sotgan edi. Mashina uchun mo‘ljallangan joyning maydoni — 12,5 kvadrat metr.