Ijtimoiy tarmoqlarda 20-may kuni bir guruh fuqarolar velosipedlarda M-39 xalqaro avtomobil yo‘lida mashinalar qatnovini to‘sib harakatlangani aks etgan video tarqaldi.

Lavhada fuqarolardan biri “Indorama” klasterining ishchi-dehqonlari ish tashlayotganligini aytgan. Sardoba tuman hokimligi ham yo‘lni yopganlar “Indorama agro” klasteri ishchilari ekanini tasdiqlagan.

“Oylik bermagani uchun (yo‘lni to‘sdik), oylik kam beryapti. 1,5 million so‘m qoplamayapti hech narsani. O‘sha oylikni ham ‘obyom’ qilmoqchi bo‘lyapti. Biz suvchilarmiz, suv quyamiz, shunga haq to‘laydi bular. Oylikni kamaytirmoqchi”, — deydi velosipeddagi ishchilardan biri.

Shu sababli amaldorlar kelmayotganini va ularni chaqirish maqsadida xalqaro yo‘l to‘sib qo‘yilganini aytgan.

Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz” nashriga ma’lum qilishicha, “bu xorijiy kompaniya, ichki ishlariga hokimlik umuman aralashmaydi”.

Rahbarlar shunchaki fuqarolarni tinchlantirish uchun borayotgani va o‘rganish natijalari bo‘yicha bayonot berilishi aytildi.

Bundan avval Chiroqchida bir guruh ayollarning avtomobil yo‘lini to‘sishiga sabab bo‘lgan muammo Senat nazoratiga olingani, Qo‘qonda bozordagi to‘lovlar oshirilganidan norozi ayollar avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani hamda Paxtachida elektr yo‘qligidan norozi mahalla aholisi katta yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida xabar berilgandi.