Toshkent hokimligi 31-may kuni Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini birlashtiruvchi yo‘l o‘tkazgichning qurilish jarayoni va loyiha qiymatining nima sababdan ikki barobar oshgani to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Sergeli tumanidagi Cho‘ponota, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Toshkent halqa avtomobil yo‘li va Qipchoq ko‘chalari o‘rtasida joylashgan olti polosali avtomobil yo‘li hamda uchta yo‘l o‘tkazgichni qurish loyihasining qiymati oshgani to‘g‘risida oldinroq xabar berilgandi. 2021-yil 19-may kuni buyurtmachi va Grand Road Tashkent o‘rtasida qo‘shimcha bitim imzolangan bo‘lib, uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar qiymati 280 milliard so‘mdan 518,3 milliard so‘mga qadar oshirilgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Bosh loyihachi sifatida tanlangan Allegro Develop Plast kompaniyasi texnik direktori Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida loyihaning boshlang‘ich narxi “kosmik suratga olishlar, mahalliy hudud, uzunlik, kenglik va dastlabki ko‘rinishdan kelib chiqib” belgilangan, deb yozadi “Gazeta.uz”

“Biz ushbu narxni taxminiy olganmiz. Mazkur qiymat asosida qurilish ishlarini boshlaganmiz. Biroq tegishli qarorlar, yo‘lni tez va sifatli qurish borasida obyektni loyihalashtirish uchun Turkiyaning Kalyon Ulastirma kompaniyasini jalb etish g‘oyasi paydo bo‘ldi… Kalyon kelgandan so‘ng, trassani yaxshilab o‘rganishimizga, ya’ni topografik suratga olish, geologik tadqiqotlar, diagnostik ishlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keldi, Kalyon Ulastirma boshqa jozibador, sifatli va qulay taklifni ilgari surdi”, — deydi u.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Uning so‘zlariga ko‘ra, yakunda loyiha qayta ishlangan — boshida unda ko‘prikdan Kichik halqa yo‘liga tushish yo‘llari faqat Cho‘ponota ko‘chasi tarafidan bo‘lgan va bu haydovchilar uchun noqulayliklar tug‘dirardi. Loyihaga qo‘shimcha tushish yo‘llari qo‘shilgan.

Bundan tashqari, ko‘prik “100 foizli” monolit qoplama texnologiyasi asosida qurilmoqda. Avvallari ko‘priklar to‘sinlar bilan yopilgan. Qalinligi 1 metr keladigan armaturali monolit qoplama troslar bilan tortiladi, bu esa konstruksiyaga katta mustahkamlik va barqarorlik beradi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Temiryo‘l ustidan o‘tgan qism xalqaro standartlarga muvofiq 5,5 metr balandlikda qurilayotgan edi, lekin temiryo‘lchilar ko‘prikni yana ikki metrga ko‘tarishni talab qilgan, shu sababli o‘z-o‘zida ko‘prikning qiya qismi ham uzaygan.

“Ko‘prikni o‘tkazishda muhandislik kommunikatsiyalarini o‘zgartirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi: yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i yer ostiga olindi, Salar oqimi o‘zgartirildi, hozirda bir qismi yo‘l hududiga tushgan magistral gaz quvuri ko‘chirilmoqda, halqa yo‘li yaqinida tozalash inshootlari bo‘lgan edi, ularni demontaj qilishga to‘g‘ri keldi”, — deyiladi xabarda.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Shuningdek, boshqa xarajatlar ham bo‘lgan: masalan, yil davomida qurilish materiallarining (armatura va beton) narxi ikki barobar oshgan.

“Aytib o‘tilgan faktlar qurilishning birlamchi qiymati nima uchun 236 milliard so‘mga oshganini tushuntiradi. Shuningdek, loyihada qurilish bo‘ladigan barcha manzillarda buzish ishlari bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu kabi keng ko‘lamli ishlarning barchasi inshoot qiymatiga kiritildi”, — deyiladi hokimlik matbuot xizmati xabarida.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Hokimlik tomonidan e’lon qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, Cho‘ponota yo‘l o‘tkazgichining qurilish qiymati 133,5 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda uning narxi 52,9 milliard so‘mga ortgan va 186,4 milliard so‘mga yetgan. Toshkent halqa avtomobil yo‘lidagi yo‘l o‘tkazgich narxi 30,4 milliard so‘mdan 89,4 milliard so‘mga (+59 milliard), Qipchoq yo‘l o‘tkazgichi — 2 milliard so‘mdan 20,6 milliard so‘mga (+18,6 milliard) yetgan. Yo‘lni qurish ishlari 115,7 milliard so‘mdan 172 milliard so‘mga yetgan (+56,3 milliard).

Ko‘prikning umumiy uzunligi 6,6 kilometrni tashkil etadi.

Yakunda o‘z ichiga 51,8 milliard so‘mlik qurilish zonasidan kommunikatsiyalarni olib tashlash kiritilgan loyihaning umumiy qiymati 236 milliard so‘mga oshgan — 281,7 milliarddan 518,3 milliard so‘mga qadar.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Yo‘l o‘tkazgichning Cho‘ponota ko‘chasidan Halqa yo‘ligacha bo‘lgan birinchi qismi sentabrda, Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan ikkinchi qismi 2021-yilning oxirigacha ishga tushishi kutilmoqda. Yangi yo‘l o‘tkazgich shahar markazigacha bo‘lgan yo‘lni qisqartirishga va O‘zgarish ko‘chasidagi doimiy tirbandliklarni kamaytirishga imkon beradi.