O‘zbekiston xalq artisti, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Qora kamar”, “Ro‘yxatlarda yo‘q”, “Nodirabegim”, “Yulduzli tunlar”, “Zebuniso”, “Maysaraning ishi”, “Iskandar” va muxlislar qalbidan joy olgan yana bir qancha spektakllar rejissori Bahodir Yo‘ldoshevning vafoti o‘zbek san’ati uchun navbatdagi og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Taniqli rejissorni xotirlab, “Daryo” bundan o‘n yillar avval yozilgan, san’atkor shaxsining bir olamini ochib beradigan esseni muallif imlosini saqlab qolgan holda qaytadan e’lon qiladi.

Foto: Kinematografiya agentligi axborot xizmati

Yillar nainki inson umrini, balki uning armonlarini ham ulg‘aytiradi. Agar siz Ijodkor dunyosini sinchiklab kuzatsangiz, uning odamlarga yetkazishi kerak bo‘lgan, lekin... sahnaga sig‘may qolgan haqiqatlari ummon qa’riga cho‘kkan javohirdek, ko‘nglining tub-tubiga yashirinib yotganiga guvoh bo‘lasiz. Bu sara sirlar hayot nog‘orasining shovqin-suronlari bilan tillashib, uning dag‘al ranglariga moslashib, hozirjavob kuyga aylanmaganligi bois ham qadrlidir. Aslida, Iste’dod o‘z umrini mana shu ichki haqiqatlarning sarkashligi evaziga uzaytiradi... Shu bois bunday san’atkorlarni hayotda qanday bo‘lsa shundayligicha, bor mavjudligi, butun bo‘y-basti, barcha murakkabliklari bilan qabul qilish kerak, deb o‘ylayman.

Hayratomuz sahna asarlari bilan teatr san’ati tarixida o‘z muhrini qoldirib ulgurgan rejissor Bahodir Yo‘ldoshev nigohi endilikda urinib-surinib san’at dunyosiga kirib kelayotgan yoshlarga qaratilganligi San’atkor muxlislarini o‘ylantirishi tabiiy. Shu o‘y meni ham tinglovchilar qatorida “Diydor” teatr-studiyasining mashg‘ulotlariga yetakladi. San’atkordan o‘rganayotgan ilmning ilk xulosasi – o‘zingning “diletant” ekanligingni, hanuz xomligingni anglash. Bugun nainki san’at dunyosida, balki yakrang matbuotimizda ham yuzakilik bilan o‘zing tushunmagan narsa haqida ortiqcha va o‘rinsiz so‘zbozlik qilish urfga aylangan (nazarimda, bu kemtiklik nasliy kasallikka o‘xshaydi). Negaki, biz qalamkashlar, tanlagan shaxsimizga ko‘pincha qotib qolgan, zaif salohiyatimizdan kelib chiqib yondashamiz va bu bilan suhbatdoshimizni ham o‘zimizning nochor darajamizga tushiramiz. Natijada maqolamiz qahramoni ham azbaroyi sayqallashlarimiz bois jo‘n va qiyofasiz kimsaga aylanadi.

Ahyon-ahyonda “Bahodir Yo‘ldoshev nima ish bilan band ekan?” deya rejissor san’atidan mutaassir bo‘lgan ixlosmandlarning haqli savollari quloqqa chalinadi. U faqat hamma ko‘rib turgan binoni – suratnigina tark etgan, xolos. Ya’ni “falon teatrni” tark etdi degani, bu – sahnadan voz kechdi, degani emas, aslo! Muhabbati, iztiroblari uni hech qachon tark etmaganidek, urib turgan yuragi – Teatri ham u bilan birga. Bugun U mana shu yuragini asrash dardi bilan ovora... Muhimi, San’atkor bu ezgu yo‘lda yolg‘iz emas! Uni tushunuvchi-qadrlovchi maslakdoshlari atrofida. Ular ko‘magida san’at dunyosining ostonasida turgan yoshlar nigohini sana haqiqatlari-ideallariga qaratish bilan band. Uning saboqlari qisqa va ravshan:

“Bolalar birinchi navbatda tomoshabin sifatida shakllanishlari lozim. Mutolaasiz hech kim emassan. O‘zingni atrofingdagilar bilan qiyoslab, o‘tkinchi narsalarga aldanib qolma. Odamning tug‘ilishi bilan bog‘liq gap: u dunyoga keldi, deymiz, falon mamlakatga keldi demaymiz-ku! Senlarga tengdosh Lermontov dunyoga o‘z so‘zini aytib ulgurgan edi. Bugun yosh bolakay Raxmaninovni pianinoda chalyapti. Holbuki, Raxmaninovning musiqasi nihoyatda murakkab.

Haqiqiy kitobxon uchun adabiyot – she’riyat hech qachon muammo bo‘lmagan. Sizlar uchun Navoiy, Bobur, Mashrab, Oybek, Pushkin, Lermontov, Tolstoy kabilar ijod qilib qo‘ygan. Pushkin bu dunyoni tark etganiga ikki yuz yil ham bo‘lgani yo‘q. Abadiyat oldida ikki yuz yil – lahza ham emas. Demak, Ular bizning zamondoshlarimiz. Boshimiz ustida mo‘ltirab turgan Oy va Quyoshni hamma buyuklar ko‘rgan, ayni damda biz ham ko‘rmoqdamiz. Aleksandr Makedonskiy, Amir Temur, Hazrat Navoiy ham xuddi sizga o‘xshab mana shu osmonga tikilgani haqida bi-ir o‘ylab ko‘ring! Bu samoviy jismlar hech qachon o‘zgarmaydi, turlanmaydi. Birgina Navoiyni tushunish uchun ham bu dunyoda yashasang arziydi.

San’atda uning o‘z odamlari bo‘lishi shart. Teatr ruhi Shaxslar san’ati evaziga yashaydi, yasharadi. Yo‘qsa, uning binosi zamonning eng old talablariga har qancha javob bermasin, undagi hayot turmush tashvishlaridan toliqqan, munkayib qolgan cholni eslataveradi... Sozandalar, misol uchun Abduhoshim Ismoilov, ishonchim komilki, dag‘al narsani ushlamaydi, barmoqlaridagi sezgi tolalarini o‘ldirmaslik uchun. Birov haqida yomon xayollarga borishdan o‘zini tiyadi. Negaki, qalbni asrab qolish kerak. Men nima uchun kuyunaman? To‘ylar, har qanaqangi konsertlar, havaskorlar tomonidan faqat cho‘ntakni o‘ylab suratga olinayotgan filmlar qalbni kemirib tashlaydi... Qalb Ollohniki – uni sotgan tovonini to‘lashga mahkum. Axir, skripka bilan mix qoqilmaydi-ku! Rol o‘ynashdan maqsad — dardni o‘zingniki qilish. Otelloning iztirobiga aktyor sherik bo‘ladi. Qahramonining dardini ochish uchun ham u sahnaga chiqadi. Teranlashgan tuyg‘ular yordamidagina obraz kechinmalarini qadrlab-avaylab o‘zidan o‘tkazish kerak. Xuddi hayotdagidek pyesa qahramonining ham o‘z dardi bo‘ladi, uning taqdiri esa aktyorning qo‘lida. Uning taqdirini juvonmarg qilishga sizning haqqingiz yo‘q. Og‘riqni tushuna olmaganingiz uchun esa tomoshabin aybdor emas. Inson qanchalik o‘zgaga hamdard bo‘la olsa, dardini ololsa, u o‘shanchalik yaxshi ijodkor bo‘ladi. Unutmang, Alisher Navoiy “Bog‘ ko‘p, gulzor ko‘p, lekin sen o‘z gulingni uzib chiq” deydi. Bu hayot bo‘stonidan har bir ijodkor o‘z gulini uzishi shart. To‘rtta atirgulni uzib taskin topishingiz bu juda kulgili, ayanchli, chunki bu gullarni sizdan oldin ham uzishgan...”

Rejissorning ichki salohiyatidan darak beruvchi o‘y-kechinmalari tinglovchini mushohadaga chorlaydi. Bugun, afsuski, aksariyat aktyorlarimiz kitobxon bo‘lmaganlaridek, qalam ahli ham tom ma’nodagi tomoshabin emas. Menimcha, shu boisdan jiddiy teatrlarimiz sahnasida qishloq klublarida havaskorlar tomonidan qo‘yiladigan tomoshalarni eslatuvchi spektaklnamo nimarsalar qo‘yilayotgandir. Bunda faqat “Tomoshabinni zeriktirmaslik uchun bo‘shashmay o‘ynayver!” aqidasiga amal qilinayotgani aniq.

Gazetamiz mualliflaridan biri milliy teatr sahnasida qo‘yilgan o‘rtamiyona spektaklni himoya qila turib, “Men bu spektakl (gap ketayotgan mazkur spektakl haqida O‘zbekiston adabiyoti va san’ati gazetasida tanqidiy maqola chop etilgandi— I.Q.) rejissorini Bahodir Yo‘ldoshevdan-da iste’dodli ekanligini bildim, negaki Bahodirda by rejissordagidek milliy iftixor tuyg‘usi yo‘q!”, dedi. Bu endi uning shaxsiy fikri. Ammo har qanday fikrda shu fikr muallifining shaxsiy darajasi ham oshkor bo‘ladi. Unga biz: “Qora kamar-chi?” deymiz. “Ey, u Ergash Masafayevniki-ku!”, deydi suhbatdoshimiz. Izohga hojat yo‘q. San’atkorning bedor dunyosini o‘zimdan o‘tkazish asnosida ich-ichimdan bir haqiqat sirqirab chiqadi: yigirma yil oldin Abror Hidoyatov nomidagi teatr sahnasida millat og‘rig‘i – milliy dard bilan o‘rtangan qo‘rboshi Xurrambekning murakkab qismati talqinida Bahodir Yo‘ldoshevning tirnalgan qalbi qalqib turardi. Raj Kapur “Mening har bir kartinam – avtobiografik asardir”, deb aytgan. Shu mezondan turib qarasak, men ham negadir “Qora kamar” spektaklini Bahodir Yo‘ldoshevning avtobiografik asari sifatida ko‘raman.

“Diydor” teatr-studiyasidagi ijodiy muhitning shakllanishida B.Yo‘ldoshev bilan yelkama-yelka turib xizmat qilayotgan ikki ziyoli insonning xizmatidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Rus akademik drama teatrining adabiy emakdoshi Vladimir Leonidovich Ostrovskiy! Qiyofasidayoq teatr ruhi aks etgan bu nurli siymoning nomi teatr muxlislari uchun begona emas, chunki u tirik teatr ensiklopediyasi. Vladimir Leonidovichning saboqlarini tinglaganingda, u muayyan bir muassasaninggina emas, balki umumsan’at olamining adabiy emakdoshi bo‘lsa kerak, degan o‘yga borasiz. Rus teatri binosining birinchi qavatida uning shinamgina xonasi bor. Bu mo‘jaz dargohda ijodiy kayfiyat hukmron... Javonda kitoblar qalashib yotibdi. O‘zigagina xos bo‘lgan allalovchi ohangda jahon teatr san’atidagi eng sara sahna asarlar tarixini hikoya qilib berarkan, uning so‘zlarini ma’qullagandek javondagi suratlardan o‘tgan asrning buyuk teatr rejissyorlari Efros, ko‘zoynagi ortidan Tovstonogov qarab turadi...

Bir voqeani eslasam, hanuz ichimni uyat hissi yemiradi. Studiya yangi tashkil etilgan kunlari. Milliy bog‘da Navro‘z tantanasiga tayyorgarlik ayni avj pallada. Studiya tinglovchilari bilan birgalikda tadbir repetitsiyasini Bahodir aka boshqaryapti. Darvoqe, o‘tgan yili yozda bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali repetitsiyasiga ham mana shu tinglovchilar jalb etilgandi. Xullas, Navro‘z arafasi... Bolalar tushgacha maydonda, quyosh tig‘i ostida ishlab, tushdan so‘ng darsga yetib keldilar. Ostrovskiy bolalar bilan muhokama qilish niyatida atayin shular uchun “Kultura” telekanalidan yozib olgan Sankt-Peterburgdagi mashhur teatr rejissori Lev Dodinning ijodiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv videotasmasini qo‘ydi. Toliqqanlarning ayrimlari konditsioner ishlab turgan salqin darsxonadagi yumshoq o‘rindiqqa cho‘kkancha pinakka ketadi... O‘shanda bu holat qalbi nozik bu insonga shu qadar yomon ta’sir qiladiki, xuddi bolasi bedavo dardga chalingandek “Nahotki?!” deya og‘ringan edi.

Xizmat taqazosi bilan san’atkorlar safida ijodiy safarlarda bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Ularni o‘zingcha turli nuqtalarda kuzatasan. Sirtdan qaraganda turfa xil, lekin aslan bir-biriga egizak dunyoqarashlar... Tasodiflar tufayli ommaning umumiy saviyasiga mos kelgan tengdoshlarimning o‘z “ejod”laridan mamnun qiyofalari... Shunday safarlarning birida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Abdullayev shunday deb qoldi: “Bahodir Yo‘ldoshev maktabini ko‘rganingdan keyin o‘zingga nisbatan talabchan bo‘lmasdan iloj yo‘q. Shuning uchun ham boshqa rejissorlarga moslashish qiyin kechadi”. Men aktyorning iqrorini va ayni damda Bahodir aka qo‘lida tahsil olayotgan yigit-qizlarning o‘ychanligini tushunaman. Birgina Gogolning “Uylanish” asari ustida ishlash jarayonida Podkolyosin (Jo‘rabek Arziyev), Kochkaryov (Jamil Azlyarov), Agafya Tixonovna (Gulruh Yo‘ldosheva) va Anuchkin (G‘ofir Mardonov) rollarini ijro etayotgan studiya tinglovchilari Gogol asarlarining ekran va sahna talqinlarini bir necha xil variantini ko‘rishdan tashqari, yozuvchining hayoti va ijodiga tegishli adabiyotlarni o‘qib chiqishlariga to‘g‘ri keldi. Har bir mashg‘ulotda rejissor:

“Menga sizning qo‘g‘irchoqnikidek pirpirab turgan bo‘m-bo‘sh so‘niq ko‘zlaringiz kerak emas. Nigohda – qalb aks etadi. Qalbingizni kitob nuri bilan to‘ldiring!” deya qayta-qayta ta’kidlaydi.

Shunday bo‘ladiki, ayrim sohalarning yaralishi, umuman, qismati faqat manfaat-u xohishlar to‘qnashuvidan iboratdek. Ba’zan, nahotki hayotning qonuni shu bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan. Afsus... Maqsad qanday qilib bo‘lmasin, tezroq pog‘onama-pog‘ona o‘sish, borish kerak bo‘lgan manzil esa zamonaviy til bilan aytganda, bor-yo‘g‘i “karyera”. Biroq O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshevning hassos olami bu so‘z bilan aslo kelisholmaydi! Yillar uning tim qora qaysar-jingalak sochlarini o‘z izmiga bo‘ysundirsa-da, San’atga muhabbat borasida u ham baayni dardkashlari – suyukli qahramonlaridek murosasiz.

“Meni yong‘oq ichiga solib qo‘yib, sen ozodsan desangiz, men o‘zimni butun dunyoning xoqoni deb sezaman...”.

Bu zalvarli jumlalar uning og‘zidan ayricha hayrat bilan titrab chiqayotganda donish nigohida bir o‘t paydo bo‘ladiki, bu hikmat to‘rt yuz yildirki millionlar dardini chekib kelayotgan Hamletnikigina emas, degan o‘yga borasan. Hayrat – iztirobning sarxush farzandi...

Muallimning o‘zgachaligi ham shundaki, qandaydir yodlab olingan quruq ilmiy, o‘zining ijodiy yoki shoirnamo, xullas, hammalashgan nasihatnamo narsalar haqidagi ma’ruza o‘qish unga mutlaqo yot. Menimcha, Bahodir aka faqat ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rgan, idrokida azob uyg‘otib, ruhini to‘lqinlantirgan, xullas, O‘zi yetib borgan narsalar borasidagina mulohaza yuritadi, shularnigina – o‘zi “mazasini totgan taomnigina” odamlarga ilinadi. Balki, ma’lum bir lahzalarda ruhan yashaganligi boisdir, har bir aytayotgan haqiqati qalbga to‘siqlarsiz yetib kelar. U menga hayotning dog‘uli haqiqatlaridan bir zum ham ko‘z yummaydigan, har qancha og‘ir bo‘lmasin, uning kemtik tomonlariga qat’iyat aks etgan nigohini tik qaday oladigan va ayni chog‘da, tuyg‘u, ehtiros, xayol odamiday tuyuladi. Ish jarayonida ba’zan nainki uning o‘zi, balki bo‘lajak aktyor-rejissorlar ham ustozning ajabtovur xayollari bilan yayrayotganiga guvoh bo‘lasan. U kishining tesha tegmagan hayotiy latifalarini tinglab turib, ko‘z o‘ngingda faqat kosmik miqyoslarda fikr yurituvchi yirik mutafakkirgina emas, o‘ta xalqchil inson, sodda-chapani o‘zbek namoyon bo‘ladi. Bu ikki xil usul xususiyatining aynan bir nuqtada kesishishi tomosha san’ati bilan shug‘ullanayotganlar uchun juda muhim, deb o‘ylayman. Hayot o‘zining dag‘al va jo‘n savollari bilan qarshisiga barini teranlik bilan “Hayot – boshqacha, unga mug‘ombirlik bilan boqmang, nihoyatda go‘zal insonlar bor ekanligiga ishoning”, deya inkor etadi.

Shundaylar borki, sahna ular uchun go‘yo musobaqa maydoni. “Bu maydonda o‘zingni boshqalardan ustun ekanligingni, nelarga qodirligingni ko‘rsatib qo‘yishing shart. Bu yerda MEN va mening raqiblarim bor!”. Ularning yorug‘ olamga kelib topgan hikmati mana shu. Bir umr shu aqidaga tayanib, umr kechiradilar. Va san’atdagi o‘z o‘rinlarini qay darajada sevishlarini isbotlab beradilar. O‘ylashimcha, bu “olishuv”dan faqatgina bir individ sifatida uning o‘zi nimalarnidir yutar, qo‘lga kiritar, biroq... aslo san’at emas! Ya’ni u o‘zininggina “ijodiy”(?) solnomasi hajmini kengaytirishi mumkin, xolos.

Aslida, ijodkor kurashishi mumkin bo‘lgan yagona hudud bu – uning QALBI. Haqiqiy ayovsiz jang – g‘alaba-yu mag‘lubiyatlar, yo‘qotishlar-u topishlar aynan shu yerda kechadi...

Mazkur haqiqat Bahodir Yo‘ldoshev tilsimini yechishim uchun yordam berdi.

***

...Aniq aytolmayman, biroq San’atkor bosib o‘tayotgan bu yo‘llar nimasi bilandir menga Inson matonatidan hikoya qiluvchi “Chol va dengiz” qissasidagi keksa baliqchining okeandagi kechmishini eslatadi. Balki hayron qolarsiz, “nega aynan miskin qariyaga qiyoslayapti”, deb. Kamdan kam usta baliqchigagina nasib etadigan Ulkan Baliq aynan uning qaramog‘iga ilinadi. Poyonsiz okeanda esa cholning bardoshini yana bir karra sinovdan o‘tkazish uchun shunga yarasha qismat ham kutardi: manzilga eltguncha ming bir mashaqqatlar bilan qo‘lga kiritilgan noyob o‘lja peshonasiga esa akulalarga yem bo‘lib borish yozilgandi. O‘sha damda donishmand qariya xayolidan bir o‘y qayta-qayta o‘tardi: “Aybim shuki, men dengizda haddan tashqari uzoq qolib ketdim...” Biroq baliqning tilka-pora jasadi ham sohilda cholning Kim ekanligidan so‘ylardi...

Iqbol Qo‘shshayeva

“Sukunat tug‘yonlari” kitobidan.