Xiaomi kompaniyasi o‘zining ZMI bo‘linmasi orqali yilning issiq vaqtida yordam beradigan portativ ventilyatorni taqdim etdi, deb xabar beradi IXBT.

Foto: GizChina

ZMI Hanging Neck Folding Fan nomini olgan mazkur qurilma bo‘yinga osib yurish uchun mo‘ljallangan, biroq uni qo‘lda olib yurish yoki stol ustiga joylashtirish mumkin.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, ventilyatorning egilish burchagini 0 dan 120 darajagacha boshqarish mumkin. Ventilyator oq, pushti va yashil ranglarda sotuvga chiqadi, shu bilan birga, unga RGB yoritgichli yorug‘lik diodlar o‘rnatiladi. Yoritish effektini qurilma korpusidagi tugma yordamida o‘zgartirish mumkin.

Foto: GizChina

Gadjet cho‘tkasiz dvigatel va yettita parrakli ventilyatordan iborat. U uchta tezlik rejimiga ega va tozalash uchun oson ochib-yig‘iladi. ZMI’dagilarning ma’lum qilishicha, birinchi avtonom tezlik yordamida qurilma 13 soat, ikkinchisida — 8 soat, uchinchisida — 4 soat ishlay oladi. Qurilma USB-V razyomi orqali quvvatlanadi, jamlanmasidan tegishli kabel o‘rin oladi.

Og‘irligi 130 grammni tashkil etadigan ventilyator 15 dollardan sotuvga chiqadi.

Avvalroq Sony’ning hamyonda ko‘tarib yurishga mo‘ljallangan yangi konditsioneri taqdim etgandi.