1939-yil 14-may kuni Xerardo ismli bolakay dunyoga keladi. Uning onasi atigi 5 yoshli Lina Medina edi. Bu g‘aroyib hodisa Janubiy Amerika qit’asidagi Peru davlatida sodir bo‘lgan. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan tarixdagi eng yosh ona va uning hayoti haqida hikoya qiladi.

Lina Medinaning tug‘ilgan joyi uning tug‘ilgan sanasi kabi bahsli. Turli xil manbalarda u Antakancha, Pauranga va Tikrapo shaharlarida tug‘ilgan deya ko‘rsatiladi. Ushbu shaharlarning bari Peruning Uankavelika provinsiyasida joylashgan. Linaning tug‘ilish sanasi turli manbalarda 1933-yil 23-sentabr, ba’zilarida 27-sentabr sifatida qayd etiladi.

Uning ota-onasi oddiy odamlar edi. Onasi Viktoriya Loza uy bekasi, otasi Chibursio Medina esa kumushchi zargar bo‘lgan.

Viktoriya Loza va Chibursio Medina

Foto: Rare Historical Photos

Besh yoshida Linaning qorni g‘ayritabiiy shishishni boshlagan vaqti ota-onasi qizidan xavotirlana boshladi. Dastlab ular buni qandaydir o‘simta deb o‘ylashadi. Biroq Linani mahalliy shifoxonaga olib kelishganda ular umuman xayollariga ham kelmagan xabarni eshitadi: Lina yetti oylik homilador edi.

Tabiiyki Medinalar oilasi doktor Xerardo qo‘ygan tashxisga ishonmadi. Ular bu yoshda homiladorlik bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qilolmaydi. Doktor Xerardo tashxisni aniqlashtirish va tasdiqlash uchun Linani poytaxt Limaga olib keladi. Bu yerda ham uning homiladorligi tasdiqlanadi.

Bu voqea ommaviy axborot vositalarini jalb etmasdan qolmadi. 1939-yil 18-aprel kuni Peruning La Cronica gazetasi North American film kinokompaniyasi Lina haqida kino olish huquqi uchun uning ota-onasiga besh ming dollar taklif qilgani haqida xabar qildi. Biroq bu taklif rad etiladi. Linaning ota-onasi farzandlari oddiy bolalar kabi ulg‘ayishini xohlaydi.

Linda Medina farzandi bilan birga

Foto: Rare Historical Photos

Linaning tanasi hali rivojlanmaganligi sababli shifokorlar tug‘ruqni kesarcha kesish usuli orqali amalga oshirishga qaror qiladi. 1939-yil 14-may kuni operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkaziladi. Operatsiya doktor Busalye va Lozada Xerardo tomonidan amalga oshiradi. Chaqaloq 2,7 kg vazn bilan sog‘lom tug‘iladi. Unga Linaga g‘amxo‘rlik qilib, yordam bergani uchun doktor Xerardoning ismini qo‘yishadi.

Operatsiya davomida shifokorlar Linada kamdan kam uchrovchi erta jinsiy balog‘atga yetish kasalligi mavjudligini aniqlaydi. Tibbiyot fanlari doktori Kurt Viner ham Lina juda kam uchrovchi Mayk-Kuin — Olbrayt genetik kasalligiga chalinganini tasdiqlagan. Linaning onasi ham qizida yetuklik alomatlari 4 yoshidan paydo bo‘la boshlaganini tan olgan.

Xerardo 1 yoshga olingan vaqtda olingan surat

Foto: Rare Historical Photos

Bolakay Xerardo sog‘lom ulg‘ayadi. 10 yoshigacha u Linani o‘z opasi deb o‘ylardi, keyin unga haqiqatni aytishadi. Xerardo onasidan oldin, 40 yoshida suyak iligi saratoni kasalligidan vafot etadi.

Noma’lumligicha qolgan ota

Politsiya dastlab zo‘rlashda gumonlab Linaning otasini hibsga oldi, ammo hech qanday dalil yo‘qligi bois uni qo‘yib yuboradi. Keyin Linaning ruhiy muammoga ega amakivachchasi tergovga tortiladi. Biroq bu safar ham dalillar yo‘qligi uchun politsiya uni javobgarlikka tortolmaydi. Shu tariqa bolaning otasi aniqlanmaydi va ish to‘xtatiladi. Linaning o‘zi hech qachon farzandining otasi yoki zo‘rlanishi haqida gapirmagan. Chunki u o‘sha payt bunday holatlarni anglay oladigan yoshda bo‘lmagandi. Shunday qilib hozirgacha turli taxminlar bildirilgan bo‘lsa-da, tarixdagi eng yosh ona dunyoga keltirgan bolaning otasi noma’lumligicha qolmoqda.

Lina Medina Raul Xurado ismli yigit bilan turmush qurdi va oradan 33 yil o‘tgach 1972-yilda ikkinchi farzandini dunyoga keltiradi. Lina doimo jurnalistlardan o‘zini olib qochib yuradi, xususan, 2002-yilda Reuters’ning intervyu bo‘yicha taklifini ham rad qiladi.

Linda Medina. 2018-yilda olingan surat

Foto: Google Images

Insoniyat tarixidagi eng yosh ona hisoblanuvchi Lina Medina hozir ham hayot va u Peru poytaxti Limaning chekka tumanlaridan birida yashaydi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi.