Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Isroil politsiyasining Ramazon oyida Sharqiy Quddusdagi Al-Aqsa masjidi hududida bo‘lib o‘tgan operatsiyasini tanqid qildi, deb yozmoqda Meduza.

Foto: Google Images

O‘zining Telegram kanalida u Isroildan “qonunbuzarlik” va “eng murakkab shakldagi provokatsiya” uchun falastinliklardan kechirim so‘rashni talab qildi.

Sharqiy Quddusdagi qonunbuzarlik zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. U baribir to‘xtatiladi. Bunga shubha qilmang. Musulmonlar masjidga bunday muntazam, shavqatsiz hujumlarning va dindorlarga bo‘layotgan tazyiqlarning tugashini sabr-toqat bilan kutmasligini hamma tushunishi kerak. Unutmang, Al-Aqsa barcha islom diniga ergashuvchilar uchun uchta eng muhim qadamjolardan biri hisoblanadi.

Siz mening so‘zlarimni istaganingizcha qabul qilishingiz mumkin, lekin biz musulmonlar hech kimning muqaddas ziyoratgohlarimizni toptashiga yo‘l qo‘ymaymiz. Agar kerak bo‘lsa, biz Al-Aqsani qutqarish va o‘z e’tiqodimiz uchun jonimizni ayamaymiz.

Ramzan Qodirov, Checheniston prezidenti

Al-Aqsa masjidi hududida Isroil politsiyasi va falastinliklar o‘rtasida to‘qnashuvlar 7-may, juma kunidan beri davom etmoqda. To‘qnashuvlar natijasida bir necha yuz kishi jabrlandi. Qarama-qarshiliklar Quddus sharqidagi bir nechta falastinlik oilalarni uylaridan haydab chiqarish to‘g‘risidagi sud qaroridan keyin boshlandi.

Avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov koloniyada jazo o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning Qur’on tilovat qilmoqchiligini tanqid qilgan edi.