Tojikiston rahbari Emomali Rahmon Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 76 yilligiga bag‘ishlangan parad mehmoni sifatida Moskvaga tashrif buyuradi. Bu haqda prezident matbuot xizmatiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Tojikiston prezidenti va uning hamrohlari Dushanbedagi G‘alaba bog‘ida o‘tkaziladigan tantanalardan so‘ng darhol Moskvaga jo‘nab ketadi va u yerda G‘alaba kunining 76 yilligiga bag‘ishlangan paradda qatnashadi”, — deyiladi xabarda.
Paraddan oldin Emomali Rahmon 8-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov davlat rahbarlari Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyatni muhokama qilishini aytdi.
“Muzokaralarni rejalashtiryapmiz. Albatta, chegaradagi vaziyatga to‘xtalib o‘tiladi”, — dedi Peskov.
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston prezidentining Moskvaga tashrifi rejalashtirilmagan.
Ma’lumot uchun, Rossiyada bu yil G‘alaba paradi 9-may kuni odatdagi formatda Qizil maydonda bo‘lib o‘tadi. Biroq Kreml paradga chet ellik davlat rahbarlarini taklif qilmasligini aytdi, chunki tadbir yubiley sanasida o‘tkazilmaydi. G‘alaba paradi ilk bor 1945-yil 24-iyunda bo‘lib o‘tgan.
2020-yilda ham koronavirus tahdidi tufayli parad 24-iyunga qoldirilgan edi. O‘shanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Abxaziya, Belarus, Moldova, Serbiya, Tojikiston, Janubiy Osetiya rahbarlari Qizil maydon tribunalarida mehmon bo‘lgan.
Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 19—20-may kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikistonga kelib, mazkur mamlakat rahbari Emomali Rahmon bilan muzokaralar olib borishi haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10−12-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Dushanbeda bo‘ladi.