Toshkent viloyatining ma’muriy markazi — Nurafshonda Nurafshon business city loyihasi amalga oshiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 28-apreldagi qarorida ko‘zda tutilgan, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Nurafshon shahrini qayta qurish bo‘yicha 2017-yilgi loyiha.

Foto: Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati

Nurafshon shahri (sobiq To‘ytepa) 2017-yilda Toshkent viloyatining ma’muriy markaziga aylandi (bunga qadar uning ma’muriy markazi bo‘lmagan). Bu yerga poytaxtdan Toshkent viloyati hokimligi ko‘chirildi. O‘sha vaqtda Nurafshonni O‘zbekistondagi birinchi “aqlli” shaharga aylantirish rejasi ma’lum qilingandi.

Hukumatning 2018-yil 26-martdagi qaroriga muvofiq, Toshkent viloyati ma’muriy markazi qurilishi uchun 246,2 gektar yer, shu jumladan, “Konchi” massivi hududida 113 gektar va “Yangi turmush” massivi hududida 133,2 gektar yer ajratilgandi.

Ma’muriy markaz hududida obyektlar qurilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida Nurafshon shahri hokimligi huzurida “Toshkent viloyati ma’muriy markazini qurish direksiyasi” DUK tashkil etilgan edi.

Yangi qaror bilan “‘Aqlli shahar’ konsepsiyasi bo‘yicha Nurafshon shahrida Toshkent viloyati ma’muriy markazini qurish” investitsiyaviy loyihasi Nurafshon business city konsepsiyasiga o‘zgartirilmoqda. Avval tashkil etilgan direksiya “Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi” DUK shaklida qayta tashkil etiladi. Barcha huquq va majburiyatlar hamda tuzilgan shartnomalar yangi direksiyaga o‘tkaziladi.

Muzey, xalqaro konferensiya va forumlar o‘tkazish uchun “Ekspomarkaz”, teatr, kutubxona, yoshlar ijodiyot saroyi, sport-sog‘lomlashtirish va ijtimoiy soha obyektlarini qurish ishlari — respublika budjeti va Toshkent viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Boshqa obyektlarni qurish esa — investorlarning o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lari hisobidan.

Direksiyaga va biznes markazlarini qurish bo‘yicha loyihala ishtirokchilari — investorlar, bosh pudrat tashkilotlari hamda norezidentlarga Prezidentning 2018-yil 2-avgustdagi qarorida belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari tatbiq etiladi.

2018-yilning noyabrida Spot Singapurning Universal Success Enterprises kompaniyasi Nurafshondagi “Aqlli shahar” loyihasiga 2,5 million dollar investitsiya ko‘zda tutilgan memorandum imzolanganini ma’lum qilgandi.

2020-yilning oktabrida Toshkent viloyati hokimligi va Singapurning Universal Success Enterprises kompaniyasi Nurafshon city’ni qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bosh kelishuvni onlayn tarzda imzolagani ma’lum qilingandi. Loyiha uch bosqichda amalga oshirilishi kutilmoqda, investitsiyalarning umumiy hajmi esa loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

2020-yilning fevraliga kelib esa poytaxtdan Nurafshonga qadar metro liniyasini qurish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.

Davlat xaridlari yagona portali ma’lumotlariga ko‘ra, “Toshkent viloyati ma’muriy markazini qurish direksiyasi” faqat ikkita yirik shartnomani imzolagan — Smart City hududida 9,7 milliard so‘mga Toshkent viloyatining IIBB ma’muriy binosini qurish va Nurafshonda 64 milliard so‘mga ma’muriy sud binosini qurish.