2021—2022-yillarda Samarqand viloyatida 2 ta turizm mahallasi va 3 ta turizm qishlog‘i tashkil etiladi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tdi.

Foto: “Daryo”

Abduhakimovning aytishicha, Samarqand shahrida “Bog‘ibaland” va “Sharq” turizm mahallalari, Urgut tumanida Tersak, Samarqand tumanida Konigil (ikkinchi bosqich) hamda Payariq tumanida Choshtepa turizm qishloqlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

“Mazkur maskanlar orqali ekoturizm, agroturizm, ziyorat turizmi, tibbiyot va gastronomik turizm, etnoturizmni yanada rivojlantirmoqchimiz. Shuningdek, hunarmandlar markazi, suvenir va savdo do‘konlari, oilaviy mehmon uylari ham bunyod etiladi. Eng muhimi, yo‘l ko‘rsatgichlar, turistik xaritalar, Wi-Fi zonalar tashkil qilinadi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Turizm va sport vazirining qo‘shimcha qilishicha, ushbu turizm hududlari tashkil etilgach, jami 725 nafar ish o‘rni yaratiladi, yiliga 500 ming nafar sayyoh kelishi hamda yillik daromad 21 milliard so‘m bo‘lishi kutilmoqda.