Will.i.am taxallusi ostida ijod qiluvchi amerikalik qo‘shiqchi Uilyam Jeyms Adams naushniklar va yoritish tizimiga ega niqobni taqdim etdi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: Instagram / Xupermask

2021-yil gadjeti Xupermask nomini olgan. U mato va silikondan ishlangan, shuningdek, yorug‘lik diodli yoritish tizimi, simsiz naushnik va mikrofon qotirgichlarga ega.

O‘lchami jihatdan universal bo‘lgan niqobni tasmasi yordamida yuzga moslashtirish mumkin.

Xupermask HEPA-filtrlari va havoni tozalashga mo‘ljallangan uchta tezlikka ega ventilyatorlar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, niqob elektronika bilan yetti soat ishlashga yordam beruvchi va batareyani quvvatlantira oladigan akkumulyatorga ega.

Qiymati 299 dollar bo‘lgan jamlanmada Qualcomm QCC5124 chipi o‘rin olgan naushniklar ham bo‘lib, u smartfonga Bluetooth 5.0 orqali ulana oladi va uch oyga yetadigan filtri mavjud.

Will.i.am’ning aytishicha, niqobni yaratish g‘oyasi Buyuk Britaniyadan AQShga amalga oshirgan aviaparvozi vaqtida tug‘ilgan. Reper oddiy niqoblar odamlarga naushnikda musiqa tinglashga xalaqit berayotganini, shuningdek, niqoblarni ko‘zoynak bilan taqish noqulayligini payqab qolgan.

Niqobni ishlab chiqarish bilan Honeywell kompaniyasi shug‘ullangan.

Avvalroq Fransiyada koronavirusni yo‘q qiluvchi niqob yaratilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.