Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘ini ruxsatsiz kuylagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgani aytilgan SanJay ushbu masala bo‘yicha sudda g‘alaba qozonganini aytdi.

“Assalomu alaykum, hurmatli muxlislarim! Bugun menda sizlar uchun juda zo‘r xushxabar bor. Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudida biz bergan appelyatsiya bo‘yicha ish ko‘rib chiqildi. Ya’ni o‘sha siz sevgan ‘Karvon’ qo‘shig‘i masalasi ko‘tarildi. Bu qo‘shiqni men aytishga haqqim bormi, kimningdir huquqlarini buzdimmi, javobgarlikka tortilishim kerakmi, yo‘qmi, shu kabi savollarga oydinlik kiritilib, bu sudda men g‘alaba qozondim. Demak, ‘Karvon’ qo‘shig‘ini ijro etishga haqqim bor”, — deydi xonanda.

Ma’lumot uchun, SanJay 2020-yilning noyabr oyida Sherali Jo‘rayevning oilasi unga “Karvon”, “Atirgulim”, “Gulbadan” kabi qo‘shiqlarni aytishni taqiqlaganini ma’lum qilib, “O‘zbekistonda bir-birini ko‘ra olmaydi. Butun dunyoda hamma cover aytadi, lekin O‘zbekistonda bir-birimizning oyog‘imizga bolta uramiz, shuning uchun hech qachon ko‘karmaymiz”, degan edi.

Avvalroq SanJay hozirda betobligi aytilayotgan Sherali Jo‘rayevga Allohdan shifo tilab, folloverlaridan hofizning haqqiga duo qilib qo‘yishlarini so‘ragan edi.