Iordaniyaning sobiq valiahd shahzodasi Hamza ibn Husaynning atrofidagi odamlar “xorijiy kuchlar” bilan aloqa o‘rnatib, birgalikda qirol Abdulla II ni taxtdan ag‘darishni rejalashtirishgan. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri Ayman Safadi matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Hamza ibn Husayn

Foto: Reuters

Safadining aytishicha, maxsus xizmat shahzoda Hamza va boshqa fitnachilarning xatti-harakatlarini uzoq vaqt davomida kuzatib kelgan. “Surishtiruv mobaynida, fitnachilarning chet eldagilar bilan davlat to‘ntarishini boshlash va mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun eng munosib vaqtni tanlash to‘g‘risidagi muhokamalari aniqlandi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Uning aytishicha, dastlabki surishtiruvlar shuni ko‘rsatdiki, Hamzaning atrofidagi odamlar boshqa shtatlardan, shu jumladan “xorijiy muxolifat deb atalmish” shaxslardan, axborot to‘ldirish va provokatsiyalarda foydalanish uchun ularga murojaat qilgan.

“Bu harakatlar shahzoda Hamzaning so‘nggi paytlarda jamoat arboblari bilan faol aloqada bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Uning maqsadi jamoat arboblarini Iordaniya milliy xavfsizligini beqarorlashtirishga undash va provokatsiya bo‘lgan. Shahzoda o‘z harakatlarini sobiq moliya vaziri Basem Avadalla bilan muvofiqlashtirgani isbotlandi”, — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.

Bundan tashqari, u fitnachilarning rejalashtirish bosqichidan bevosita monarxni ag‘darishga urinish harakatlariga o‘tgan paytida hibsga olinganini aytdi. Safadining ta’kidlashicha, Abdulla II avval qirol oilasining o‘zida bu masalani hal qilish uchun sobiq valiahd shahzoda bilan shaxsan gaplashishga qaror qilgan.

Qirol Husaynning bevasi, shahzoda Hamzaning onasi Nur al-Husayn o‘g‘liga qarshi ayblovlarni “yovuz tuhmat” deb da’vo qilmoqda. Bu haqda u o‘zining Twitter’ida yozgan. “Ushbu yovuz tuhmatning barcha begunoh qurbonlari uchun haqiqat va adolat g‘alaba qozonishini iltijo qilaman. Xudo ularni panohida saqlasin”, — deb yozgan u.

Avvalroq Iordaniya hukumati “mamlakat barqarorligiga tahdid” surishtiruvi doirasida qirollik sobiq valiahd shahzodasi va yana 20 ga yaqin odamni hibsga olgani xabar berilgan edi. Marhum qirol Husayn va uning to‘rtinchi rafiqasining to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Hamza ibn Husayn Ammondagi o‘z saroyida uy qamog‘iga joylashtirilgan. Qirollik hukumati uning o‘z o‘gay akasi qirol Abdulla II ni taxtdan ag‘darish maqsadidagi ehtimoliy fitnasini tekshirmoqda. Petra axborot agentligi xabaridan hibsga olingan ikki kishining ismi ma’lum bo‘ldi, bular qirollik oilasining sobiq a’zosi Sharif Hasan ibn Zayd hamda Qirol Abdulla II ning sobiq maslahatchisi, sobiq moliya vaziri Basem Ibrohim Avadalladir.

Davlat to‘ntarishiga urinish haqidagi xabarlar fonida AQSh, BAA va boshqa mamlakatlar Iordaniya qirolini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.