O‘zbekiston, Tojikiston, Venesuela, Germaniya, Suriya va Shri-Lankadan bo‘lgan talabalar, aspirantlar va ordinatorlarga ta’limni davom ettirish uchun Rossiyaga kirishga ruxsat berildi. Rossiya Ilm-fan va oliy ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, 31-mart kuni mamlakat hukumatining tegishli qarori chiqarilgan.
Chet ellik talabalar Rossiyaga kelishidan oldin elektron pochta orqali universitetni chegarani kesib o‘tadigan sana haqida kamida 10 kun oldin xabardor qilishi kerak. Xat yuborilganidan so‘ng elektron pochtaga kirish to‘g‘risida ma’lumot keladi.
Talabalar Rossiyaga kelishdan 3 kun avval talaba PZR usulida COVID-19 testini topshirishi kerak. Agar natija salbiy chiqsa, bu haqda o‘z mamlakatida rus yoki ingliz tilidagi tegishli hujjat olishi lozim.
Rossiyaga kirib kelgandan so‘ng, talaba 72 soat davomida shu usulda qayta test topshiradi. Test natijalari chiqquncha u yashash joyida o‘zini yakkalash tartibiga amal qilish zarur. Bu davrda darslar onlayn shaklda o‘tkaziladi. Takroriy test topshirmagan xorijiy talabalarning an’anaviy o‘qishga qaytishiga ruxsat berilmaydi.
Agar izolyatsiya paytida Rossiyaga kelgan chet ellik talabalarda o‘tkir respirator kasallikning birinchi alomatlari kuzatilsa (isitma, tomoq og‘rig‘i, burun oqishi, yo‘tal), talaba bu haqda zudlik bilan universitetga xabar berishi va shifokor chaqirishi lozim.
Chet ellik talabalar, aspirantlar va ordinatorlarga Rossiyaga kelishdan oldin va undan keyingi birinchi haftalarda nima qilish kerakligi to‘g‘risida bosqichma-bosqich ko‘rsatmalar ularga elektron pochta orqali yuboriladi, universitet veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada OTMlarida o‘qiydigan xorijiy talablar 2020-yilning 13-noyabridan buyon talabalar masofaviy tarzda o‘qiyotgandi. Mamlakat oliy o‘quv yurtlarida 8-fevraldan boshlab an’anaviy o‘qish jarayoni tiklandi. 16-fevral kuni “Rospotrebnadzor” aviaqatnov tiklangan mamlakatlardan kelayotgan xorijlik talabalar uchun ayrim talablar evaziga o‘qishiga ruxsat bergandi. Biroq o‘zbekistonlik talabalarga mamlakatga kirishda o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilinmadi.
2021-yilning 20-martida 25 ta mamlakatdan keladigan talabalarning Rossiyaga kirishiga ruxsat berildi, biroq ular orasida O‘zbekiston o‘rin olmadi. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi matbuot xizmati talabalari Rossiyaga kirishga ruxsat etiluvchi davlatlarning ro‘yxati “Rospotrebnadzor” tomonidan muntazam ravishda yangilanib turishini ma’lum qilgandi.