28-mart kuni deyarli butun O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilgan yog‘ingarchilik Sirdaryo viloyatida ham ko‘p noqulayliklar keltirib chiqardi. “Sirdaryo xabarlari” nashrining yozishicha, kuchli yomg‘ir viloyatdagi ko‘priklardan biriga shikast yetkazgan, ayrim tumanlardagi qishloqlarning yo‘llarini suv bosgan.

Yog‘ingarchilik oqibatida zarar ko‘rgan Toshkent—Dushanbe yo‘lida yo‘l o‘tkazgich.

Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli yog‘ingarlik oqibatida Guliston shahriga kirib keluvchi yo‘l o‘tkazgichlardan biri jiddiy shikastlangani tasvirlangan suratlar tarqaldi.

Foto: “Sirdaryo xabarlari”

Ta’kidlanishicha, Guliston shahriga olib kiradigan boshqa bir ko‘prik bugungi kunda ta’mirlanayotgani bois berkitilgan. Shu sababli Yangiyer shahri va Xovos tumani (Boyovut tumanining ayrim hududlari)dan Guliston shahriga keluvchi har qanday avtotransport vositalari shaharga faqat mazkur ko‘prik orqali harakatlanib kelmoqda.

Sirdaryo viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, M34 Toshkent—Dushanbe avtomobil yo‘lining 117 kilometrida joylashgan yo‘l o‘tkazgichga shikast yetgani to‘g‘risida xabar chiqqach, Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mutaxassislari voqea joyiga yetib borgan. Mutaxassislar yuzaga kelgan nosozlikni zudlik bilan bartaraf etgan.

Foto: “Sirdaryo xabarlari”

Foto: “Sirdaryo xabarlari”

Foto: “Sirdaryo xabarlari”

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilgan sergak fuqarolarimizga minnatdorchilik bildirib qolamiz”, — deyiladi xabarda.

Ko‘chalari suv ostida qolgan Sirdaryo tumani aholisi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosurat va videolavhalar hamda ular ostiga yozilgan izohlarga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Sirdaryo tumanining ayrim ko‘chalarini suv bosgan.

“Sirdaryo shahar Ixlos ko‘chasidagi ‘tupik’ni ahvoli. Odamlar darvozasining tagiga klyonkalar qo‘ygan. Mashina o‘tsa, uyning ichi suvga to‘lar ekan. Odamlar uyining ichiga kirolmaydi. Kimga murojaat qilish kerak, yomg‘ir yog‘ganda yurishga yo‘lak qolmaydi, uylarga suv kirib ketadi... hali yomg‘irlar oldinda”, — deyiladi videoda.

Foto: “Sirdaryo xabarlari”

Avvalroq Paxtachida sel “yap-yangi qurilgan” ko‘prikni buzib yuborgani, tumandagi bir qator yo‘llar “tabiiy ofatdan zarar ko‘rgani” uchun yopilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘gidromet” 29-mart kuni ham yomg‘ir yog‘ishi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishini ma’lum qilgan.