Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Zevarda” konidagi siquv kompressor stansiyasining 2-navbati ishga tushirildi.

Umumiy qiymati 75,8 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2017–2021-yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini, ya’ni kondagi qoldiq gaz va kondensat zaxirasini (35,3 milliard kub metr va 5,5 million tonna) maksimal darajada qazib olish maqsadida amalga oshirildi.

Qurilish ishlari Enter Engineering (Singapur) kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Zamonaviy gaz turbina uskunalari va kompressorlar Baker Hughes General Electric (AQSH), Motorsich (Ukraina), Akcelik (Turkiya), Denair Energy (Xitoy) kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi.

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan “Zevarda” konidagi siquv kompressor stansiyasining yangi qurilgan, past bosimli gazlarni o‘zlashtirishga mo‘ljallangan, 2-navbatini ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Tantanali marosimni “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev ochib berdi va ushbu siquv kompressor stansiyasi qurilishida mehnat qilgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

“Yangi siquv kompressor stansiyasi yiliga 3,3 milliard kub metr tabiiy gaz bosimini oshirish quvvatiga ega hamda u gaz tarkibidagi suyuq komponentlarni ajratib olish uchun gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga yetkazib berishga xizmat qiladi. Kunlik qo‘shimcha 1,5 million kub metr (yillik 480,0 million kub metr) gaz qazib olishga erishiladi”, — dedi Mehriddin Abdullayev.

Ushbu siquv kompressor stansiyasining 2-navbati ikkita agregat orqali “Zevarda” koni quduqlarining sanoat miqyosidagi past bosimli tabiiy gazlarining bosimini ko‘tarib, “Zevarda” siquv kompressor stansiyasiga uzatib berish va bu orqali tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.

Siquv kompressor stansiyasining barqaror ishlashini ta’minlash uchun 2021-yilda “Zevarda” konida qo‘shimcha 9 ta yangi quduqni burg‘ilash, uzunligi 5,2 kilometr gaz kollektorini qurish va kondan yillik 2,9 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish rejalashtirilgan.

Ushbu obyektni barpo etish natijasida, “Zevarda” konidagi tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinishi bilan bir qatorda, ushbu kon bo‘yicha kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini 1,5 million kub metrga oshirish imkoniyati yaratildi.

Tantanali marosimda O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev qurilishda ishtirok etganlarning barchasiga minnatdorchilik bildirib, faollik ko‘rsatgan ishchi xodimlarga esdalik sovg‘alarni topshirdi.

Loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan xorijiy mutaxassislarga o‘zbekona mehmondo‘stlik belgisi sifatida milliy liboslarimiz tuhfa qilindi hamda ular bilan hamkorlik bundan keyin yanada rivojlanishi zarurligi ta’kidlandi. Xorijiy mutaxassislar ham o‘z navbatida bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, uni oqlash uchun astoydil harakat qilishini aytib o‘tishdi.

Shundan so‘ng qurilmani ishga tushirish uchun boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan ruxsat berildi va u ushbu obyektni barpo etishda ishtirok etgan mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Zevarda” koni hududida ko‘p yillar davomida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida 305 milliard kub metr atrofida tabiiy gaz hamda 18,0 million tonnadan ortiq gaz kondensati zaxiralari mavjudligi aniqlangan.

Ushbu kon va undagi quduqlarning joriy holatida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 2,27 milliard kub metr tabiiy gaz va 46,6 ming tonna gaz kondensati qazib olinadi.

Boshqarma tomonidan 2021-yilda 16,8 milliard kub metr tabiiy gaz, 109 ming tonna neft, 310,7 ming tonna kondensat qazib olish rejalashtirilmoqda.

Qazib olinayotgan tabiiy gaz quvurlari orqali Muborak gazni qayta ishlash zavodiga hamda neft va kondensat xomashyolari Buxoro neftni kayta ishlash zavodiga yetkazib berilmoqda.

Hozirgi kunda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufida jami 42 ta neft va gaz kondensat konlari, 12 ta siquv kompressor stansiyalari va 14 ta gazni tayyorlash qurilmalari mavjud.

Ta’kidlash kerakki, “Zevarda” konini ishlatish jarayonida qatlam va quduq ustki bosimi keskin ravishda tushib borishi natijasida, 2007-yilda konda 1-sonli siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi.

2008-yilda tabiiy gaz tarkibidagi suyuq uglevodorodlarni maksimal darajada ajratish va ko‘paytirish maqsadida 5 ta monoblokli turbodetander agregatlari foydalanishga topshirilgan.

“Zevarda” koni 1968-yilda ochilgan bo‘lib, dastlabki tabiiy gaz zaxirasi 305 milliard kub metrni hamda kondensat zaxirasi 18 million tonnani tashkil qilgan. Konni ishlatish davomida 136 ta quduq burg‘ilanib, hozirgi kunda 82 ta quduq ishlatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu boshqarma tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida, “Dengizko‘l” konida ham yangi siquv kompressor stansiyasi barpo etilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Audiosi tarqalgan Oqqo‘rg‘on tumani IIB sobiq xodimi ushlandi
Mahalliy
Yunusobod tumani hokimligi sobiq mansabdori fuqaroni 30 ming dollarga chuv tushirdi
Mahalliy
O‘zbekistonda kelayotgan hafta boshida qanday ob-havo kutilmoqda?