Farg‘ona viloyat sudida “So‘x voqealari”da ayblangan 22 nafar fuqaroga hukm o‘qildi. Bu haqda sud ishida ishtirok etgan “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.

Foto: “Daryo”

2021-yil 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan sud ishi viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Tojiddin Vahobov raisligida xalq maslahatchilari Nargiza Musinova hamda Zamira Qosimovadan iborat tarkibda ko‘rib chiqilgan.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, jinoyat ishi doirasida dastlabki tergov organi tomonidan ushbu shaxslarga Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish) va 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bilan ayblov e’lon qilingan. Jinoyat ishi doirasida 9 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish va 13 nafar shaxsga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Foto: “Daryo”

Jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish jarayoni 2020-yil 9-noyabr kuni boshlanib, to‘rt oydan ortiq davom etgan va 21 marta sud majlisi o‘tkazilgan. Jinoyat ishini ko‘rib chiqish davomida 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvoh so‘roq qilingan.

Foto: “Daryo”

Sudlanuvchilar oxirgi so‘zlarida qilgan ishlaridan pushaymonligini, o‘sha kuni voqea joyida bo‘lganidan afsusdaligini aytib, sud hay’atidan yengillik berishni so‘ragan.

Foto: “Daryo”

Prokuror sud raisidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan 9 nafar sudlanuvchiga 10 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish, uy qamog‘ida saqlanayotgan 13 nafar sudlanuvchiga 6 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini, jazo muddati umumiy koloniyada o‘talishini, barcha sudlanuvchilar sud zalidan qamoqqa olinishini so‘ragan.

Foto: “Daryo”

Sud barcha sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, ularga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan.

Farg‘ona viloyat sudining hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarning ikki nafariga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazo tayinlanib, sud zalidan qamoqqa olingan. 20 nafari sudlanuvchiga esa 5, 4 va 2 yil muddatlarga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ularga qo‘llanilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalidan ozod etilgan.

Foto: “Daryo”

Jinoyat oqibatida Farg‘ona viloyat IIB foydasiga yetkazilgan 9 million 996 ming 341 so‘m moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilangan.

Sud hay’ati tomonidan dastlabki tergov organlari yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun Farg‘ona viloyat prokuraturasiga xususiy ajrim chiqarish orqali munosabat bildirilgan.

Foto: “Daryo”

Sud raisi Tojiddin Vahobovning ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish) bilan sudlanuvchilarga nisbatan e’lon qilingan ayblov dastlabki tergov organi tomonidan noto‘g‘ri qo‘yilgan, degan xulosaga kelingan va ushbu modda ayblovdan chiqarib tashlangan.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, sud jazo tayinlash masalasida sudlanuvchilarning aksariyati, ya’ni 14 nafari 30 yoshga to‘lmagan yoshlardan iborat ekanligini, ulardan ikki nafari jinoyat sodir etilgan vaqtda voyaga yetmaganligini, barcha ayblanuvchilar muqaddam sudlanmaganligini, faqat ijobiy tomondan tavsiflanganligini, So‘x tumani hokimligi, viloyat va tuman kengashlari deputatlari, Yoshlar ittifoqi tomonidan kiritilgan kafillik xatlari hamda iltimosnomalarni inobatga olgan. Shuningdek, sudlanuvchilar qilmishidan pushaymon ekanligini bildirib, kechirim so‘raganligi, jabrlanuvchilarning davosi yo‘qligi, jinoyatning kelib chiqish sabablari, shart-sharoitlari hisobga olingan holda jazo tayinlangan.

Foto: “Daryo”

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha chiqarilgan hukmning mazmuni haqida sudga raislik qiluvchi tomonidan batafsil ma’lumot berilib, sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga ushbu hukm ustidan shikoyat qilishning qonunda belgilangan tartibi va muddati tushuntirilgan.