TikTok ijtimoiy tarmog‘i o‘z joniga qasd qilish yoki o‘z-o‘ziga zarar yetkazishni tasvirlovchi, targ‘ib qiluvchi yoki bunga odatiy hol deb qaraydigan kontentlarni o‘z platformasidan olib tashlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: Reuters

“Foydalanuvchilarning xavfli chellenjlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bunday kontentlarda belgilanadigan xeshteglar ham bloklanmoqda. Shuningdek, biz foydalanuvchilar va tashkilotlardan TikTok’da topilgan har qanday noo‘rin kontent haqida shikoyat yuborishlarini so‘raymiz”, — deyiladi ijtimoiy tarmoq xabarida.

Shu tarzda, ijtimoiy tarmoq vakillari foydalanuvchilarning tarmoqda o‘spirinlarning o‘z joniga qasd qilishga undovchi chaqiriqlarni tarqatayotgani, shu munosabat bilan Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin tekshiruv o‘tkazishni buyurgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Ma’lumot uchun, 2-mart kuni Rossiyaning bir qator shaharlarida, shu jumladan, Moskvada maktab ma’muriyati ota-onalarga ijtimoiy tarmoqlarda o‘spirinlarning o‘z joniga qasd qilishiga chaqiruvchi videoroliklar paydo bo‘layotgani to‘g‘risida ogohlantiruvchi xabarlar yubordi. Rossiya OAVni nazorat qiluvchi federal xizmat (“Roskomnadzor”) tomonidan TikTok’da bunday videoroliklarning tarqalgani tasdiqlandi va kuzatuvchi organlarning aralashuvidan so‘ng ijtimoiy tarmoq ushbu kontentlarni tarmoqdan olib tashladi. Rossiya Dumasi spikeri o‘rinbosari Irina Yarovaya Tergov qo‘mitasidan bolalarning o‘z joniga qasd qilishiga chaqiruvchi videoroliklarni tarqatishda ishtirok etganlarni topishni so‘radi.

Avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov Telegram’da huquq-tartibot idoralari xodimlari haqida ma’lumot beruvchi kanallar bloklanganini ma’lum qilgandi. Bunga sabablardan biri sifatida ushbu kanallarda zo‘ravonlikka chaqiriqlar borligini ko‘rsatgan. Shuningdek, ushbu kanallarning mavjudligi messenjerning iOS versiyasi uchun favqulodda yangilanish funksiyasining ishlashiga imkon bermagan. Durovning yozishicha, Apple bunga norozilik bildirgan va Telegram ma’muriyati “muammoli kanallarni bloklashga” qaror qilgan.