Xitoy va O‘zbekiston hamkorligidagi koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi COVID-19’ning Britaniya va Janubiy Afrika shtammlarga qarshi Amerikaning Moderna vaksinasidan olti baravar yaxshiroq bo‘lib chiqdi. Bu haqda innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

“Xitoylik hamkasblarimiz bilan birgalikda koronavirusga qarshi dunyodagi eng samarali va xavfsiz vaksinalardan birini yaratdik va unga ZF-UZ-VAC 2001 brend nomi berildi… Mazkur vaksina ko‘plab jiddiy klinik sinovlardan o‘tdi. Barcha ishlar juda qattiq standartlar bo‘yicha, xalqaro talablarga mos ravishda o‘tkazilmoqda. Hozircha vaksina JSSTda ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldingi bosqichda”, — deydi vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020-yilning noyabrida xitoylik mutaxassislar jamoasi yetib kelgan bo‘lib, ular mahalliy olimlar va tibbiyot xodimlari bilan birgalikda dastlabki vaksinatsiya ishlarini amalga oshirmoqda.

“Yaqinda Call-markazni ishga tushirdik, uning asosiy vazifasi emlanayotgan insonlar sog‘lig‘ini muntazam monitoring qilishdan iborat. Ushbu Call-markazga odamlar ommaviy emlanish vaqtida murojaat qilishlari mumkin. Vaksinatsiyaning Xitoyda o‘tkazilgan birinchi va ikkinchi fazalari yakuniga ko‘ra, shuningdek, O‘zbekistonda 7 ming kishi ustida o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida olingan ma’lumotlar vaksina xavfsizligi 99 foizdan oshishini ko‘rsatmoqda”, — deya ta’kidlaydi Turdiqulova.

Shuningdek, vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, ushbu vaksina nojo‘ya ta’sirlarni deyarli keltirib chiqarmaydi. Vaksinaning immunogenligi 97 foizni tashkil etadi, ikkinchi dozadan keyin antitanalar ishlab chiqarish darajasi 11 baravarga ortgan.

“Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar vaksinaning Britaniya va Janubiy Afrika shtammlariga qarshi yuqori samaradorlikka egaligini ko‘rsatdi. Shuningdek, ushbu vaksina oddiy muzlatkichli sharoitda, ya’ni 8 darajada saqlanishi va tashilishi mumkinligi muhim ahamiyatga ega”, — deya qayd etadi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanishi ma’lum qilingan. Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda Rossiyaning Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasini qo‘llashga ruxsat berildi. Koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.