O‘zbekistonda COVID-19’ga qarshi emlanishdan bosh tortganlarga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev 22-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan parlament eshituvida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

“Ixtiyoriy emlanishdan bosh tortadigan bo‘lsa, ularga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Emlanish ixtiyoriy bo‘lgandan keyin undan voz kechilsa, faqatgina emlashning afzalligi tushuntiriladi. Lekin emlanish niyatida bo‘lmagan odamga ish va mehnat faoliyatida hech qanday ta’sir choralari ko‘rilmaydi”, — degan u.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirilishi haqida avvalroq SSV ham ma’lum qilgandi.

Birinchilardan bo‘lib kasallik yuqish xavfi yuqori bo‘lgan kishilar: 65 yoshdan kattalar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turadiganlar, Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari, transport xodimlari (metro, temiryo‘l, aeroport), maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar, chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar va mehnat migrantlari emlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, yoshi katta va aholining boshqa zaif qatlamlari vakillarini emlash bepul amalga oshiriladi.

Koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxatiga jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari hamda jamoat transporti xodimlari, shuningdek, chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar va mehnat migrantlari ham kiritilganligining ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu sababli O‘zbekistonda koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanishi ma’lum qilingan. Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda Rossiyaning Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasini qo‘llashga ruxsat berildi. Koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.