O‘zbekiston 3 yil ichida birinchi marta yanvar oyida oltin sotmadi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, Spot xabar berdi.

Foto: Reuters

Mamlakat 2019- va 2020-yillarni ushbu metallni faol sotish bilan boshlagan, hatto unga barcha eksportning 50 foizi va undan ham ko‘prog‘i to‘g‘ri kelgandi.

2021-yilda esa asosiy eksport sanoat (35,7 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari (11 foiz) va kimyoviy moddalar (8,9 foiz) bo‘ldi.

Qayd etilishicha, oltin sotilmaganini respublika tashqi savdo aylanmasining 657,6 million dollarga yoki 22,2 foizga qisqargani bilan izohlash mumkin.

Qolgan ko‘rsatkichlar deyarli o‘zgarmagan — Xitoy va Rossiya asosiy savdo hamkori bo‘lib qolmoqda, asosiy import — tibbiyot mahsulotlarini sotib olish o‘smoqda.

O‘zbekiston oltin sotishni 2020-yilning sentabridan to‘xtatdi. Markaziy bank oltin-valyuta aktivlarini samarali boshqarish, shu jumladan, xalqaro qimmatbaho metallar bozoridagi vaziyatni tahlil qilish va oltin narxini prognoz qilish asosida sotadi.

Markaziy bank oltin narxi 2 ming dollardan oshgan paytda faol ravishda oltin sotgan, 2020-yilning III choragida O‘zbekiston oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallagandi.