Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-fevral kuni o‘tkazilayotgan Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari 26-sessiyasida davlat rahbari viloyat IIB yoshlar yetakchisini yangi lavozimga tayinlash bo‘yicha taklif bildirdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat ichki ishlar boshqarmasi yoshlar yetakchisi, 31 yoshli Doston Abduqahhorovni davlat rahbari savolga tutib, uning “mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha fikrlariga qiziqdi.

Shundan so‘ng Prezident Doston Abduqahhorovni Namangan shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlash bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident unga Namanganning yangi tajribasi bo‘yicha harakat qilishini, fidoyi bo‘lishi va “mahallabay” tizimi bo‘yicha ishlashni jadal olib borishini ta’kidlab, topshiriqlar berdi.

Doston Abduqahhorov prezidentning ishonchini oqlashini aytib, mazkur vazifalarni bajarishda bor kuch-g‘ayratini ayamasligini bildirdi.

Avvalroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qancha lavozim tayinlovlari ro‘y bergani hamda Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Prezident maslahatchisiga o‘rinbosar etib tayinlandi. Ichki ishlar tizimida ishlagan Shuhrat Mo‘minov Farg‘ona tumaniga, Sayidbahrom Sayidmusayev So‘x tumaniga hokimi etib tayinlangandi.