Toshkentda jamoat joylarida sovuq qurol olib yurgan fuqarolarga nisbatan chora ko‘rildi, deya xabar bermoqda shahar IIBB.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Ta’kidlanishicha, 2021-yilning boshidan buyon Toshkent shahar IIBB xodimlari fuqarolarda sovuq qurol va boshqa buyumlar topilishi bilan bog‘liq 655 ta faktni aniqladi. Natijada Toshkent shahar IIBB xodimlari va Milliy gvardiya xizmatchilari tomonidan tekshiruvlar davomida 567 ta pichoq, 3 ta bolta, 11 ta kastet, 34 ta bita va boshqa buyumlar topildi.

Fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185-2 (sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) moddasi bo‘yicha tegishli bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, o‘quv dargohlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida o‘quvchilardan 25 ta pichoq, 7 ta kastet va boshqa xavfli buyumlar topildi. O‘smirlarning ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazildi, ularning ba’zilariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Boshqarma sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda, jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish — bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini eslatib o‘tgan.

Avvalroq Bekobodda mast erkak u bilan salomlashmagan tanishiga pichoq urgani, “Malika”da ikki yigitning janjali pichoqbozlik bilan tugagani hamda Toshkentda sovuq qurol olib yurish uchun javobgarlik belgilangan kundan boshlab qancha bayonnoma rasmiylashtirilgani ma’lum qilingani haqida xabar qilingandi.