20-yanvar kuni “Yangi Angren” IESda yuz bergan portlash oqibatida uch kishi halok bo‘lgani, yana uch kishi turli darajada kuyish tan jarohati olgani haqida xabar berilgan edi. Energetika vazirligi “Daryo”ga ma’lum qilishicha, vafot etganlar hamda jarohat olganlarning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 19-yanvar kuni Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasining 5-son energoblogi qozon agregatidagi nuqson tufayli ta’mirga chiqarilgan. Elektr stansiya 560 MVt quvvat bilan ishlagan. 4 ta energoblok ishda, bitta energoblok zaxirada bo‘lgan.

20-yanvar kuni “Vostokenergoteploizolyatsiya” AJ va “Energoqozontozalash” MChJning ta’mirlash ishlarini bajaradigan pudrat tashkilotlari ishni xavfsiz bajarish uchun yo‘riqnoma o‘tkazilib ishga qo‘yilgan.

Energoblok qozon agregatida ta’mir ishlarini bajarish vaqtida ko‘mir kukuni havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Oqibatda “Vostokenergoteploizolyatsiya” AJning 3 nafar xodimi olingan jarohatlar natijasida vafot etgan, “Energoqozontozalash” MChJning 3 nafar xodimi turli darajadagi kuyish jarohatlari olishgan. Ayni paytda ular shifoxonada shifokorlar nazorati ostida, ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Energetika vazirligi rahbariyati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli idora vakillari “Yangi Angren” IESga zudlik bilan yetib borgan.

Vazirlik, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan video arxiv xarakterga egaligi, u bugungi voqealarga aloqador emasligini bildirdi.

Hozirda Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.