O‘zbekistonda internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish choralari takomillashtiriladi. Bu haqda 2021-yil uchun davlat dasturi loyihasida qayd etilgan.

Foto: “Daryo”

Dasturga muvofiq, bu borada normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada Internet jahon axborot tarmog‘ida, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish va tegishli shaxslarni fosh etishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

2021-yilning 1-apreligacha tayyorlanishi lozim bo‘lgan ushbu loyiha ijrosiga Bosh prokuratura, IIV AOKA, DXX, Oliy sud hamda tegishli vazirlik va idoralar mas’ul etib belgilangan.

Avvalroq O‘zbekistondagi saytlar va blogerlarga izohlarda qoldirilgan taqiqlangan ma’lumotlar bo‘yicha xabarnoma yuborilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, OAV xodimlari, jurnalistlar media-makonda o‘z haq-huquqlari, bahsli hodisalar bo‘yicha fikrlari bilan bo‘lishib, shu fikrlar yuzasidan malakali yuristlar, advokatlar xulosasini olib borishlari uchun yangi platforma yaratilishi haqida ma’lum qilingandi.