1953-yilning 14-yanvar sanasida Iosip Broz Tito Yugoslaviyaning prezidenti sifatida qasamyod qabul qildi va Sovet Ittifoqi va G‘arb o‘rtasida turgan o‘ziga xos mo‘jizaviy tizim yarata olgan siyosatchi sifatida tarixda qoldi. Iosip Broz Tito Bolqon yarim oroli xalqi uchun Iosif Stalin darajasidagi siyosatchi, davlat arbobi sifatida ko‘riladi va uning hayoti sezilarli g‘alabalar va fojiali qismatlar bilan qorishib ketadi. “Daryo” sana munosabati bilan sobiq Yugoslaviya marshali Iosip Broz Titoning Yugoslaviya siyosatida tutgan o‘rni haqida hikoya qiladi. 

Dohiyning yoshligi va bolaligi

Bo‘lg‘usi marshal Broz Tito 1892-yilning 7-may sanasida Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibida bo‘lgan Xorvatiyaning Zagorye qishlog‘ida dunyoga keladi. Ismidagi Tito uning taxallusi bo‘lib, kommunistik partiya tashkilotchisi sifatida muhim hujjatlarga imzo chekish paytida aynan shu taxallusdan foydalanishni odat qilgandi. Ayrim manbalarda Xorvatiyadagi Zagoryeda barcha erkaklarni tito deb atash urf bo‘lganligi va shu sababdan ham Iosip Broz “Tito” so‘zini o‘z ismiga qo‘shib olganligi haqida so‘z yuritiladi. Keyinchalik Tito sobiq Yugoslaviya davlat rahbari ismining ajralmas qismiga aylanib qoladi.

Foto: Getty Images

Broz Tito onasi tarafidan sloven, otasi tarafidan xorvat millatiga mansub edi. Sloven tilida yaxshi so‘zlashishiga qaramasdan, o‘zini xorvat millatiga mansub deb bilardi. 1900-yilda Broz Tito Kumrovtsadagi boshlang‘ich maktabga qatnay boshlaydi. Boshlang‘ich maktabda tahsil olish Tito uchun mashaqqatli jarayon ediki, u umrining oxiriga qadar yozishmalarda albatta imlo xatolarga yo‘l qo‘yardi. 1905-yilda boshlang‘ich maktabni tugatgan Tito otasi Frano Brozning fermasida ishlay boshlaydi. Otasining mamlakatda vaziyat hali beri barqarorlashmasligiga ishonchi qat’iy bo‘lganidan, o‘z oilasini okean ortiga olib ketish uchun pul jamg‘arib borardi. 1907-yilga kelib Tito ishlash uchun o‘z uyini tark etadi va uyidan 97 kilometr uzoqlikda joylashgan Sisakka borib tirikchilik qiladi.

Titoning mehnat yo‘li nihoyatda xilma xil. U, dastlab, restoranlarda ofitsiantlik qiladi, velosiped ta’mirlovchi usta bo‘lib ishlaydi va keyin uch yil mobaynida chilangarlik kasbini o‘rganadi hamda “Shkoda” va Benz avtomobil zavodlarida chilangar bo‘lib faoliyat yuritadi. O‘spirin yigitlik paytlarida ko‘p joylarda bo‘ladi va nemis hamda chex tillarini o‘rganib oladi.

Birinchi jahon urushi davrida o‘zini ayg‘oqchilik sohasida ustasi farang sifatida namoyon qila olgan serjant Iosip Broz 1915-yilning 25-mart sanasida ruslarga asirlikka tushib qoladi. Asirlikdagi ikki yil mobaynida Iosip Broz tif va zotiljam kasalligidan azob chekadi va shu bilan birga rus tilini o‘rganish orqali rus klassik adabiyotining yirik namoyondalari Ivan Turgenev va Lev Tolstoy asarlari bilan tanishadi.

Foto: AP

 Qizil armiyachi yugoslav

1917-yildagi rus inqilobidan so‘ng Iosip Broz Tito kommunistik partiya safiga qo‘shiladi va hattoki qizil armiya tarkibida oq gvardiyachilarga qarshi kurash olib boradi. Ayni shu paytda Iosip Broz Tito bo‘lg‘usi birinchi turmush o‘rtog‘i Pelageya Belousova bilan Omsk shahrida tanishib qoladi. 1920-yilda juftlik oila qurishadi. Ular besh nafar farzand ko‘rishadi, ammo besh farzanddan Jarko Broz ismli o‘g‘ligina uzoq umr ko‘radi. Iosip va Pelageyaning nikohi 1936-yilda o‘zaro rozilik asosida bekor qilinadi.

Iosip Broz Titoning siyosiy faoliyati 1920-yildan kommunistik partiyaga a’zolikdan boshlanadi. Broz Tito 33 yoshga kirganida Yugoslaviya kommunistik partiyasi orasida allaqachon inqilobchi sifatida nom chiqarib ulgurgandi. Yugoslaviyada har kuni kommunistik partiya a’zolari qamoqqa olinar, qonunni tushungan Broz Tito esa har safar qamoq balosidan qutulib qolishga muvaffaq bo‘lardi. Lekin 1928-yilning noyabrida Broz Titoni 5 yil muddatga kommunistik partiyaga a’zoligi uchun qamoqqa tiqishadi.

Foto: Getty Images

O‘z muhlatini o‘tagach, Yugoslaviyada “persona non grata”ga aylanib ulgurganligi bois mamlakatni tark etishga ahd qiladi. 1935-yilda ikki “xalqlar otasi”ning, Iosip va Stalinlarning uchrashuvi sodir bo‘ladi.

1937-yilda Tito Yugoslaviya kommunistik partiyasining bosh kotibi lavozimiga tayinlanadi. Oradan ikki yil o‘tib, Tito kommunistik partiyaning bosh kotibi sifatida rasmiy tarzda ish boshlaydi. Titoni oldinda murakkab davr kutib turardi. Boshlanishiga, uning ikki rafiqasi Pelageya va Anna josuslikda ayblanadi. Germaniya esa Chexoslovakiyaga hududlarni bo‘lishishni taklif qilayotgandi. Tito barcha chexoslovaklarni o‘z vatanlari uchun jang qilishga, urushni jangsiz boy bermaslikka da’vat qiladi.

Tez orada ikkinchi jahon urushi boshlanib ketadi. Tarixchilarning fikricha, agarda Tito bo‘lmaganida edi, Bolqondagi vaziyat ikkinchi jahon urushi natijasida ancha abgor ahvolga tushgan bo‘lar edi.  Tito Gitler Germaniyasiga qarshi kurash olib borgan qarshilik harakatining yetakchisiga aylanadi. Sovet Ittifoqi ham, o‘z navbatida, Yugoslaviyaga amaliy yordam bera boshlaydi. Tito yetakchiligidagi Qarshilik harakati guruhi nemis va italyan askarlarida vahima uyg‘otar va hattoki, ular Titoning boshi uchun 100 000 oltin reyxsmarka mukofotini e’lon qilishadi. Titoni yo‘q qilish rejasini Gitlerning o‘zi tayinlagan uchinchi reyxning bosh diversanti Otto Skorseni ishlab chiqadi. Mazkur operatsiya tarixda “Ot bilan yurish” deb nomlanib, ikkinchi jahon urushi davrida amalga oshirilgan eng katta desant harbiy amaliyotlaridan biri sifatida tarixda qoladi. Xorvat ustashlari va vermaxt qo‘shinlaridan iborat 20 000 qo‘shin Titoni qo‘lga tushirish uchun harakat qiladi, biroq Tito fashistlar qo‘ygan tuzoqdan qo‘lidan yaralanadi-yu, qutulib chiqishga muvaffaq bo‘ladi.

Foto: Getty Images

“Belgradga meni o‘ldirish uchun yollanma qotillaringizni yuborishni to‘xtating. Bomba tutgan birini, miltiq ushlaganini qo‘lga tushirdik. Qotillaringizni yuborishni bas qilmasangiz, men ham Moskvaga odamimni yuboraman. Siz besh marta urinib eplay olmagan ishni, menikilar bir urinishda bajarib qaytishadi”. 

Iosip Broz Tito

1943-yildan boshlab Buyuk Britaniya ham Yugoslaviyaga yordam bera boshlaydi. Hattoki, ser Uinston Cherchil Tito huzuriga o‘zining o‘g‘li Rendolfni bosh elchi qilib jo‘natadi. Sovet Ittifoqining ham ko‘magi davom etadi. Urush yakunlanar ekan Tito va Stalinning munosabatlari darz keta boshlaydi. Titoning qizil armiyachilar egallangan hududlarda marodyorlik qilyapti, degan ogohlantirishlariga Stalin “vahim ko‘tarma, qizil armiyaga tuhmat qilishni bas qil”, deya javob qaytaradi. Tito esa, Stalinning yuqoridagi so‘zlaridan yaxshi xulosa yasagandi. Sovetlar bergan ko‘magi evaziga Yugoslaviyani o‘ziga barcha masalada itoat qilishini talab qilayotgandi. 1948-yilga kelib rasmiy Belgrad va Moskvaning aloqalari butunlay yomonlashib ketadi. Iliq munosabatlar o‘rnini gibrid urush egallaydi. Stalin, hattoki Iosip Broz Titoni yo‘qotish uchun unga qarshi yugoslav kommunistlari orasidan josuslar yollaydi. Suiqasd amalga oshmay qoladi. Tito mamlakatda rusofillaga qarshi hujumga o‘tadi va Yugoslaviya kommunistik partiyasi a’zolari hibsga olinadi, surgun qilinadi yoki otib tashlanadi. Omad kulib boqqanlari esa chet elga qochib, yugoslav “alkatrasi”dan qutulib qolishga erishadi.

Stalin vafotidan so‘ng Yugoslaviya va rasmiy Moskva munosabatlari Nikita Xrushchyov davrida iliy boshlaydi. Xrushchyov Jugashvilining Belgradga o‘tkazgan bosimi uchun uzr so‘rar ekan, Belgradni sovuq urush paytida ittifoqchilikning foydasi ko‘pligiga ishontirishga va shu yo‘l bilan qaysar “uka”ni o‘z ta’siri ostiga olishga urinadi. Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi deganlaridek, Tito o‘z xatolaridan xulosa chiqargandi. Qolaversa Titoning ingliz do‘stlari Sovet Ittifoqi bilan yaqinlashmaslikni maslahat bergandi. Cherchil bilan munosabatlari yaqin bo‘lishiga qaramay, Tito inglizlarning ham maslahatini ikki qulog‘idan ham chiqarib yuboradi va hind rahbari Javohirlal Neru, Misr rahbari Jamol Abdul Nosir bilan birgalikda “Qo‘shilmaslik” harakatini tashkil qilishadi. Bu sovuq urush paytida tanlangan eng to‘g‘ri siyosat edi. Keyinchalik mazkur harakatga dunyoning 120 davlati a’zo bo‘lib kiradi.

Titoning ichki siyosati

1918-yilda tashkil topgan Yugoslaviya etnik jihatdan turli xalqlarning taqdirlari tutashgan mamlakat bo‘lgani bois, Tito mamlakatda muvozanatlashtirilgan siyosat yuritishga harakat qiladi. Shunday bo‘lsa-da, iqtisodiy taraqqiy etgan slovenlar va xorvatlar Yugoslaviyani biz boqyapmiz desa, boshnoqlar musulmon diniga mansubligini ro‘kach qilgan holda bizga alohida munosabatda bo‘ling der, serblar esa boshqa qardosh elatlarga katta og‘a sifatida nazar tashlashi boshqalarni asabiylashtirardi. Tito hokimiyatda ekan, qo‘l ostidagi xalqlarning manfaatlariga yuz tutgan holda siyosat olib bordi. Sovet Ittifoqidan farqli ravishda Tito yugoslavlarni boshqa davlatlarga sayohat qilishini taqiqqa olmas va shu bilan birga xorijliklarni Yugoslaviyaga kelib-ketish borasidagi tartibni ham qiyinlashtirib qo‘ymagandi. Sayyohlik Tito siyosatining bosh maqsadi edi.

Titoning gedonistik fazilati barcha narsada mujassamlashgandi. Dabdabali avtoulovlari to‘plangan turargoh, hashamatli saroylari bunga yaqqol misol. Xrushchyov Belgradga tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan holda kelib, kabriolet mashina bilan qaytib ketganda, ancha kayfiyati chog‘ edi. Hashamat hattoki Titoning dasturxonida ham ufurib turardi. Tushlik payti dasturxonga Kanadadan keltirilgan bug‘u yoki Kambodjadan olib kelingan o‘rdak go‘shti tortiq qilinishi mumkin edi. Sofi Loren, Elizabet Teylor, Richard Berton kabi taniqli kino yulduzlari tez-tez Broz Titoning Brionadagi qarorgohida mehmon bo‘lib turishardi.

Tito davri yugoslavlar uchun jannatmakon davr bo‘ldi. Mamlakatning iqtisodiyoti sotsialistik blokka mansub mamlakatlar orasida eng yaxshi o‘lka sifatida tillarga tushdi. Yosh oilalarga bepul  uylar berilar, ish haqlari muntazam to‘lanar va oshirilar edi. Kinoteatrlarda esa g‘arbning pornografik kino asarlari taqiqqa uchramagan, yugoslavlar vizasiz Germaniya yoki Fransiyaning mashhur plyajlariga borib, dam olib kelish imkoniyatidan bahra olardi. Xalq orasida “Iosip Broz – dobar skroz” – Iosip Broz bilan muzga ham kiraman, choqqa ham tushaman,  degan naql keng urf bo‘lgandi. Aynan shu sababdan ham hozirga qadar Iosip Broz Titoning Yugoslaviyasi haqida yugoslavlarda shirin xotiralar qolgan bo‘lsa ajab emas.

Foto: Getty Images

1979-yilda Iosip Broz Titoning sog‘lig‘i yomonlasha boshlaydi. Sabab uning oyoqlarida qon aylanishi buzilishi edi. Shifokorlar Titoning chap oyog‘ini amputatsiya qilishga qaror qilishadi, biroq millat otasi bu fikrga qarshi chiqadi. Titoning o‘g‘illari dadasini qaroridan qaytarishga ko‘ndirganda kasallik allaqachon og‘ir tus olgandi.  1980-yilning 4-may sanasida Iosip Broz Tito hayotdan ko‘z yumadi. Uning dafn marosimi dabdabali tarzda uyushtiriladi. Marosimda to‘rt qirol, 31 prezident, 6 shahzoda, 22 bosh vazir va 47 mamlakatning tashqi ishlar vazirlari millat otasini so‘nggi manzilga kuzatib qo‘yishadi. Minglab yugoslaviyaliklar ko‘zda yosh bilan Iosip Broz Tito bilan xayrlashish uchun ko‘chalarga chiqishadi va uning tobuti ustiga gullar qo‘yishadi.

Iosip Broz Tito urushdan keyingi Yugoslaviyada o‘ziga xos sotsializmni qurishga muvaffaq bo‘lar ekan, qutblashgan G‘arb va Sharq o‘rtasida ikkisiga ham yon bosmaydigan siyosat yuritdi. Tito haqida turli mish-mishlar yoyildi. Nimaiki bo‘lgan taqdirda ham, urushdan keyingi Yugoslaviyani tiklagan “me’mor”-u, Sloveniya, Serbiya, Xorvatiya, Bosniya va Gersogovina va Chernogoriyani bir tom ostida birlashtirgan, yugoslavlarning qalbidan o‘rin olgan siyosatchi sifatida tarixda qoldi.

Jahongir Ergashev tayyorladi