Dasturchi, suzuvchi, jurnalist, aktrisa va ofitsiant kabi kasb egalarining barchasini nima birlashtirishi mumkin? Albatta, ular bilan oila qurgan shahzodalar. Bu balki ertakka o‘xshar, ammo soddagina xonimlar taxt merosxo‘rlari bilan kutilmagan joyda tanishib qolgan va ularning ko‘nglidan joy olishga muvaffaq bo‘lgan.

Sofiya Xellkvistning turmush o‘rtog‘i Karl Filipp − Shvetsiya shahzodasi

Foto: Cosmopolitan

Shvetsiya shahzodasi Karl Filipp va uning rafiqasi Sofiya bir yil avval eng go‘zal ertakni hayotga olib kirishga muvaffaq bo‘ldi va qirollik to‘yini nishonladi. Juftlik zamonaviy odamlar kabi shved tungi klubida uchrashib qolgan. Sofiya universitet ta’tili vaqtida Nyu-Yorkdan o‘z vatani Shvetsiyaga kelgan. O‘qish bilan bir qatorda ofitsiant, yoga o‘qituvchisi va model bo‘lib ishlagan. Albatta, qirollik oilasi ularning nikohiga qarshi bo‘lgan. Ammo Filipp “bir qarashda muhabbat”dan so‘ng o‘z malikasi bilan oila qurishga qaror qilgan va Sofiyaga turmushga chiqish taklifini bildirganida, shubhalar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lgan.

Mette-Marit Xeybining turmush o‘rtog‘i Xokon − Norvegiya valiahd shahzodasi 

Foto: Cosmopolitan

Shahzoda Karlning hikoyasi bu borada boshqalarnikidan qolishmaydi. Oddiy bir ayol ofitsiantlik qilib, giyohvandlikka beriladi. Bundan tashqari farzandi ham bor edi. Ammo to‘satdan konsert-dasturlarning birida qizning taqdiri tamoman o‘zgarib ketadi. Bu hikoyaga emas, ko‘proq tomoshabin hissiyotini junbushga keltiruvchi serialga o‘xshashi aniq. Juftlikning yashirincha uchrashuvi tez orada butun ommaga tarqalib, uzoq vaqt davomida ommaviy axborot vositalari shahzodaning hayotiga qiziqish bilan qaragan. Shuningdek, uning tanlovini deyarli hech kim ma’qullamagan edi. Shunga qaramay, shahzoda Metti-Maritga uylanish taklifini ochiqladi va farzandini asrab oldi. Xakon nikohga ruxsat berilmasa, taxtdan voz kechishga ham rozi bo‘lgan. Hozirda ular 15 yillik baxtli hayoti davomida uch farzandni tarbiya qilmoqda.

Keyt Middltonning turmush o‘rtog‘i shahzoda Uilyam − Kembrij gersogi

Foto: Cosmopolitan

Keytning ota-onasi boy tadbirkorlar bo‘lib, u nufuzli Sent-Endryus universitetida o‘qigan. U yerda Uels shahzodasi Charlzning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Uilyam bilan tanishib qolgan. Qirollik oilasining qarshiligiga qaramay, 9 yillik ishqiy munosabatdan so‘ng juftlik turmush qurgan.

Sharlen Uittstokning turmush o‘rtog‘i Albert Grimaldi − Monako knyazi

Foto: Cosmopolitan

Sobiq suzuvchi Sharlen Uittstokning hayoti zamonaviy Zolushka haqidagi hikoyaning o‘zginasi. Sharlen Zimbabveda kambag‘al oilada dunyoga kelgan. Sportga bo‘lgan muhabbat hamda suzish bo‘yicha murabbiyi − onasining nazorati ostida doimiy mashg‘ulotlar Janubiy Afrikada chempionlikni qo‘lga kiritishga va keyinchalik Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga yordam berdi. Ana shu vaqtlarda u knyaz bilan uchrashib qolgan. Albert Sharlenning muxlisiga aylanib qolgandi, ammo sportchi unga uzoq vaqt javob qaytarmagan. Bu esa shahzodani yanada unga yaqinlashtirgan. 11 yil davomida oradagi munosabatlar sir saqlangan, rasmiy manbalar ularning nikoh to‘yi haqida ham ma’lumot bermagan. 2014-yilning dekabr oyida esa Sharlin egizak farzandlarini dunyoga keltirgan.

Meri Donaldsonning turmush o‘rtog‘i Frederik − Daniya valiahd shahzodasi

Foto: Cosmopolitan

Frederik va Meri Avstraliya shahrida uchrashgan. Shahzoda Olimpiadada sevimli jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun kelganidan so‘ng o‘sha yerda bo‘lajak rafiqasini uchratgan. Ular avval pochta orqali muloqot qilib turgan. Keyinroq Donaldson Londonga yuridik idorada ishlash va sevgilisiga yaqinroq bo‘lish uchun ko‘chib o‘tgan. Bu vaqt mobaynida qiz ko‘ngil qo‘ygan kishisi kim ekanini bilmas edi. Ammo qirol oilasi bilan tanishuvda u kuyovning yuqori maqomini qabul qilishi va bir qancha shartlarga rozi bo‘lishi kerak bo‘lgan. Buning uchun u Daniya tilini o‘rganishi, Lyuteran cherkoviga borishi kerak edi. Meri hamma shartlarga rozi bo‘lgan va 2004-yil may oyida juftlik turmush qurgan.

Mari Kavalyening turmush o‘rtog‘i Yoaxim − Daniya shahzodasi

Foto: Cosmopolitan

Dasturchi Mari asli fransiyalik bo‘lgan. Shahzoda 2004-yilda o‘zining birinchi turmush o‘rtog‘i Aleksandra Menli bilan ajrashgan. Yoaxim Marini 2002-yilda kechki ovqatda uchratgan, ammo oilasidan ajrashgandan keyingina u bilan uchrashishni boshlagan. Mari juda o‘qimishli bo‘lib, Boston universitetini tamomlagan va uchta xorijiy tilni biladi. Shuningdek, Mari shahzodaning avvalgi oilasi bilan juda yaxshi kelishadi va hattoki ta’tilni ham birgalikda o‘tkazadi. Aytgancha, Aleksandraning bolalari Marinikidan avval taxtni egallashga haqli.

Letitsiya Ortisning turmush o‘rtog‘i Felipe − Ispaniya qiroli

Foto: Cosmopolitan

Letitsiyada shahzodaning jalb etadigan hech qanday o‘zgachalik yo‘q edi. U jurnalist bo‘lib ishlar, o‘qituvchi inson bilan qurgan nikohidan ajragan edi. Letitsiya shahzoda bilan mamlakat shimolida cho‘kib ketgan tanker haqida reportaj paytida tanishgan. Letitsiya ungacha barcha takliflarni rad etgan, ammo shahzodaning sa’y-harakati bekorga ketmadi. Letitsiya nafaqat ajoyib onaga, balki butun Ispaniyaning sevimli xonimiga aylangan.

Maksima Sorregetaning turmush o‘rtog‘i Villem Aleksandr − Niderlandiya qiroli

Foto: Cosmopolitan

Maksimani ham oddiy oila farzandi deb bo‘lmaydi. Uning otasi 70-yillarda qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lgan, faqatgina uning onasi rafiqa emas, balki vazirning ma’shuqasi bo‘lgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, Villemning avvalgi sevgilisi aynan qarindoshlarining noroziligi tufayli uning rafiqasi bo‘la olmagan. Ammo bu narsa Maksimaga to‘sqinlik qilmagan va juftlik oila qurishga muvaffaq bo‘lgan.

Mariya Tereza Mestrening turmush o‘rtog‘i Anri − Lyuksemburgning buyuk knyazi

Foto: Cosmopolitan

Anri kubalik Mariya Tereza bilan Jeneva universitetida o‘qiyotganida tanishgan. Yoshlar uchrashishni boshlagan, ammo Anrining onasi nega u oddiy inson bilan munosabatlarni boshlaganiga tushunolmagan. 1981-yilda to‘ydan so‘ng yangi turmush qurgan oila bilan qirolichaning munosabati vafotigacha ham o‘zgarmay qolgan.

Megan Marklning turmush o‘rtog‘i shahzoda Garri

Foto: Cosmopolitan

Shahzoda uch oylik munosabatlardan keyinoq uni o‘zining qarindoshlari bilan tanishtirgan, faqat qirolicha Yelizaveta II bundan mustasno. Qirolicha kenja nabirasining xotiniga nisbatan qattiqqo‘llik qilmagan, chunki u Britaniya taxtini meros qilib olmasligini tushungan. Shahzodaning hayotida oila borasida bir qancha muammolar ham bo‘lgan, ammo endilikda barchasi tartibda. Oxir-oqibat ular o‘zlarining ssenariylariga ko‘ra turmush qurdi.