Xitoyning Harbin viloyatidan o‘tuvchi yuzasini muz qoplagan Sangxua daryosida 300 dan ziyod “muz qazuvchilar” tong otmasdan ish boshlaydi. Qishki festival uchun qurilayotgan muz inshootlari haqida Reuters fotoreportaj tayyorladi.
Muzyorar asboblar bilan qurollangan ishchilar bir kilometr kenglikdagi daryo yuzasini qoplagan muzdan yirik bo‘laklarni kesib oladi.
U yerdagilarning aksariyati qurilish ishchilari yoki fermerlardir. Ular tizzagacha rezina etik, egniga kurtka va qalin qo‘lqop kiyib, sovuq urmasligi uchun qulog‘iga telpagini bostirib oladi.
“Muz qazish uchun har kuni ertalab soat 6 da kelamiz”, — deydi 40 yoshli Zeng Vay. “Ba’zan belgilangan vaqtdan ortiq ishlashga to‘g‘ri keladi, 8-9 gacha, hatto yarim tundan ham o‘tib ketadi”.
Tushlik shohona emas — bir kosa issiq makaron, xamirli do‘lma yoki bug‘da pishirilgan bulochka. Yog‘och ustunlar va polietilendan yasalgan chodir shaklidagi oshxonalarda biroz isinish mumkin.
Dekabr boshidan beri daryodan har kuni o‘n minglab muz bo‘lagi yuk mashinalari yordamida Harbindagi har yili qishki festival o‘tkaziladigan joyga tashiladi. U yerda muzdan qasrlar, ibodatxonalar, ko‘prik va hatto yemakxonalar ham quriladi.
Daryo muzining ahamiyati nihoyatda katta.
“Sun’iy muz bunchalik qalin emas, shamolga bardosh berolmaydi”, — deydi 20 yildan beri festival uchun muzga ishlov berib kelayotgan Uang Kyushing.
Tashkilotchilar festivalgacha haykallarni tezroq bitkazish uchun kimo‘zarga bellashadi, maydon forklift, kran va iskanalarga to‘lib ketadi.
Muz bo‘laklari ehtiyotkorlik bilan bir-birining ustiga yotqizilarkan, ishchilar ularni arra bilan qirqib, ayrisimon va tishsimon uskunalar yordamida shaklga solib sayqallaydi.
37-Harbin xalqaro muz-qor festivalida chang‘ida uchish, suzish musobaqalari va to‘y marosimlari o‘tkaziladi. Rangli chiroqlarga cho‘mgan muz haykallaridan iborat park esa festivalga o‘ziga xos ko‘rk beradi.
Koronavirus tufayli Xitoy xalqaro chegaralari qat’iy cheklov ostida turibdi. Shuning uchun kelgusi oy -35 darajali havoda muz haykallarini ko‘rishga keladigan mehmonlar asosan mahalliy sayyohlar bo‘lishi kutilmoqda.
Izoh (0)