Namangan shahridagi “Paxtaliko‘l” suv uzatish inshootida 11-yanvar, dushanba kuni D-1000 millimetrli yuqori bosimli magistral tarmoqlarda favqulodda nosozlik sodir bo‘lganligi sababli mazkur inshoot faoliyati soat 10:00 dan boshlab vaqtinchalik to‘xtatildi.

Foto: “Daryo”

“Namangan suv ta’minoti” MChJ xabariga ko‘ra, buning oqibatida Namangan shahrining Oromgoh dahasi, “1-Axsikent”, “2-Axsikent”, “Go‘zal”, “Chamanzor”, “Minchinor”, “Mustaqillik”, “Pahlavon”, “Nurobod”, “Sihatgoh”, “Mehnatobod”, “Ishonch”, “Istiqbol” MFY hududi va 1-kichik tumani ayrim joylarida ichimlik suvi ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar sodir bo‘ladi.

Hozirda “Namangan suv ta’minoti” MChJ Namangan shahar bo‘limi mutaxassislari tomonidan tezkorlik bilan nosozlikni bartaraf etish choralari ko‘rilayotgani aytilgan.

Avvalroq Andijon shahriga ichimlik suvi yetkazib beruvchi Xonobod—Andijon markaziy suv quvurining Andijon tumani “Xortum” mahallasida joylashgan suv taqsimlash jihozida nosozlik yuzaga kelgani sababli 11—12-yanvar kunlari aholiga suv yetkazib berishda uzilish yuzaga kelishi mumkinligi xabar berilgandi. Shu munosabat bilan “Andijon suv ta’minoti” kompaniyasi shahar aholisini ichimlik suvi zaxirasini yaratib olishga chaqirgandi.

Undan avval esa Qashqadaryoda elektr uzilishlari sababli suv ta’minoti to‘xtagandi.