Biz oxirgi yillarda o‘z auditoriyasiga ega bo‘lgan bloger va jurnalist, YouTube’da “Ular” ko‘rsatuvini yaratgan va olib borayotgan Laziz Hamidov bilan suhbat uyushtirdik. Suhbat davomida loyihadan “manfaatdorlar”, Yuriy Dudga taqlid, dizayn studiyasiga kimlarni ishga olishi, pul va boshqa mavzularda gaplashdik.

Suhbatdosh haqida ma’lumot

2010-yilda jurnalistikani tamomlagan. Lekin 2015-yildan bu sohani butunlay tashlab, grafik dizayn bilan shug‘ullana boshlagan. Hozir “Mavrid.uz” dizayn studiyasini hamda YouTube’da “Ular” loyihasini yuritadi.

Laziz Hamidov.

“Ular”dan kadr

“Ular” haqida

– Keling, suhbatni “Ular” loyihasidan boshlaymiz. Loyiha kontenti dolzarb va ijtimoiyligi bilan muxlislar e’tiboriga tushdi. Bilishim bo‘yicha, muxlislarni bir savol qiziqtirib kelyapti: Muhrim A’zamxo‘jayev bilan bo‘lgan intervyu nega YouTube’ga qoyilmadi?

– Bu men uchun judayam og‘riqli savol; unga javob berishni istamagan bo‘lardim, chunki o‘zim ham haligacha buning sabablarini aniq tushunib yetganim yo‘q.

– “Prosmotrlar soni kam, bu ahvolda YouTube’dan hech qancha pul ololmayman” mazmunidagi gaplarni “Ular”ning sonida aytasiz. Loyiha moddiy manfaatni ko‘zlab ochilganmi? Bunday bo‘lmasa, uning maqsadi nima?

– O‘zi loyiha g‘oyasi 2017-yilda tug‘ilgan. Bilsangiz kerak, ko‘rsatuvimizning analogi bor. Ya’ni rossiyalik jurnalist Yuriy Dud 2017-yilda o‘zining “Vdud” nomli proyektini yo‘lga qo‘yganidan so‘ng men ham shunga o‘xshash loyiha ochishni xohlaganman. Lekin o‘sha vaqtda bunga tajribam va imkoniyatim yetmasdi. Oxirgi ikki yil davomida tayyorgarlik ko‘rib, intervyularni o‘rganish bilan shug‘ullandim. Bilmadim, 500 ga yaqin intervyu ko‘rgan bo‘lsam kerak.

Moddiy manfaatga keladigan bo‘lsak, to‘g‘ri, boshida ijtimoiy-siyosiy mavzuda yaxshi loyiha qilsam, qanaqadir reklama, homiylar bo‘ladi deb o‘ylaganman, albatta. Deylik, bir songa bitta-ikkita yaxshi reklama tushsa, bemalol xarajatni qoplab, o‘zimizga ham foyda bo‘lishi mumkin degan fikr bor edi. Orada reklama bo‘ldi ham, lekin  hozir baribir minusdamiz. Loyiha hech qanday foyda keltirmaydi, YouTube monitizatsiyasini-ku, o‘ylamasak ham bo‘ladi. Orada yangi intervyu vaqti ham cho‘zilib ketdi.

Boshida haftasiga bitta intervyu tayyorlaganmiz. Hozir bir oyda bitta, chunki bu iqtisodiy foyda keltirmaydi. Bundan tashqari, tayyorgarlik uchun ko‘p vaqt sarflayman, har bir mehmonning ijtimoiy tarmoqdagi statusini o‘rganib chiqaman. Asosiy ishim grafik dizayn bo‘lgani uchun loyihaga ko‘p vaqt ajratolmay qolganman.

“Ular”da Umid G‘afurov bilan suhbat.

Videodan kadr

Loyihani boshlaganimdan afsuslanmayman, chunki “Ular” qaysidir ma’noda meni yangi darajaga olib chiqdi. Kichkinagina auditoriyamiz bor, muxlislarimiz bor, shuning o‘zi ko‘ngil xotirjamligini berib turibdi. Hozir bu loyiha foyda keltirmayotgan bo‘lsa-da, balki kelajakda keltirib qolar.

Loyihadan kimlardir manfaatdormi, pul keltirmasayam, qanaqadir vosita sifatida olib borilyaptimi degan ma’noda savol berayotgan bo‘lsangiz, yo‘q! Bu shunchaki o‘z qarashlarimiz asosida qurilgan proyekt. Hozircha xarajatni o‘zimiz qoplashga tayyormiz, chunki yaxshi mahsulot qilganmiz deb hisoblaymiz.

– Demak, sizni “Yuriy Dudga taqlid qiladi” degan gaplar rost ekan-da.

– Birinchidan, men “Yuriy Dudga taqlid qilyapsan” degan gapni deyarli uchratmaganman. Bitta-ikkita kommentariy shu mazmunda bo‘lib turadi.

Taqlidga keladigan bo‘lsak. Kimdir shunday deydigan bo‘lsa, bunga umuman salbiy qaramayman. Loyihani yaratishga meni Dud ilhomlantirgan. Buning yomon tarafini ko‘rmayapman. Masalan, “Vecherniy Urgant” bor, bizda MTV Show bor, Night Show bor, bularning hammasi bir yo‘nalish, bir-biridan andaza oladi. Bu tabiiy holat. Yaxshi loyiha qilayotgan bo‘lsangiz va u muxlislarga yoqayotgan bo‘lsa, qilaverish kerak.

Ikkinchidan, shu masalada bir kishiga Twitter’da yozgandim: xo‘p, taqlid qilibman, mening salohiyatim hozircha shunga yetadi, undan ortig‘ini berolmayman. Kimdir Duddan yaxshiroq intervyu qila olsa, omadini bersin, bundan xursand bo‘laman. Lekin mening kuchim yetadigani hozircha shu. Men uchun taqlid qilish hech narsa qilmaslikdan yaxshiroq. Asosiy auditoriyamiz ham buni tushunib turibdi. Shuning uchun shaxsan menga hech kim hech narsa demagan. Degan taqdirdayam, “ha qilganman, bu zo‘r-ku”, deb javob berardim.

Laziz Hamidovning “Blogerlar bilan muloqot”dagi chiqishi.

Foto: Facebook

– Yaqinda televideniyeda blogerlarning chiqishi uzib qo‘yilgan voqeaga siz Instagram orqali “har xil muammolarga vaqt sarflamaylik, kelinglar, yaxshisi topadigan nonimiz haqida o‘ylaylik” mazmunida munosabat bildirdingiz. Vaholanki, “Ular”da asosan ijtimoiy muammolar haqida suhbat bo‘ladi. Gaplaringiz va loyiha mazmunidagi qarama-qarshilikni qanday izohlaysiz?

– Bu gapim bilan jamoat nazorati masalasida blogerlarga murojaat qilganman. Ya’ni senzura hisobiga jamoatchilik nazoratini shakllantirib nima qilamiz, undan ko‘ra o‘z kasbimiz bilan band bo‘laylik, deb kinoya qildim. Aksariyat blogerlarning o‘z asosiy sohasi bor. Ular kasbidan ortib, ijtimoiy muammolardan qayg‘uradi. Men ularga qarata tinchgina o‘z sohamiz bilan shug‘ullanaylik dedim. Chunki o‘shandagi uzib qo‘yilish, keyinchalik AOKAning nashrlarga ogohlantirish xati yuborishi men uchun g‘alati. O‘zi nima xohlayotganimizni, qayoqqa qarab ketayotganimizni bilmayotgandekmiz.

Masalan, yaqinda bir qoida chiqdi: mashinangizdagi videokamera yordamida boshqa mashina qoida buzayotganini tasvirga olib yuborsangiz, o‘sha odamga jarima xati keladi. O‘zim ham ikki marta jarima to‘laganman. Bu – jamoatchilik nazorati. Hokimiyat ham xalqdan oladigan puldan manfaatdor. Lekin jamoatchilik nazorati o‘sha hokimiyat qatlamining nojo‘ya ishi yoki xulqi haqida gapirsa, bu mumkinmas ekan. Demak, hokimiyatga ma’qul bo‘lgan jamoatchilik  nazorati bo‘lishi kerag-u, noma’quli bo‘lmasligi kerakmi? Nima degan gap bu? O‘zi bizga bunday nazorat kerakmi, yo‘qmi, aniqlab olishimiz lozim. Kerak bo‘lsa, hamma qatlamda ishlasin, bo‘lmasa hech birida ishlamasin. Men radikal yoki birovning shaxsiyatiga tegadigan fikr bildirmayman. Shunchaki, xohlardimki, jamiyat ham, hokimiyat ham to‘g‘ri ishlasa, hamma o‘zidagi mas’uliyatni vijdonan his qilsa. Bizning loyihamiz ham odamlarning shaxsiy qarashlarini olib chiqishdan iborat.

Jurnalistikadan dizayngacha

– “Ular” orqali taniydigan ko‘pchilik muxlislaringiz dizayn sohasidagi faoliyatingizdan bexabar bo‘lsa kerak. Jurnalistikani tashlab, dizaynga qo‘l urishingiz sababi nimada?

 Universitetni tamomlaganimdan keyin bir necha nashrda ishlaganman. Avvaliga jurnalistika qo‘limdan keladigan kasbdek tuyulgan. Lekin 2015-yilga borib shunaqa holatga keldimki, iqtisodiy muammolarimni bu kasb bilan hal qilolmay qoldim. Viloyatdan kelganim hisobiga ijarada turishim, qolaversa, oila qurishim kerak edi. Bularning hammasiga pul kerak edi. Jurnalistika bu imkoniyatni menga berolmadi. Shu bois uni tashlab, hozirgi kasbim – kompyuter grafikasiga butunlay o‘tib ketdim. 2015-yildagi hayotim judayam og‘ir davr bo‘lgan. Yangi yo‘nalishni boshlaganimda yaqin 1–1,5 yilda umuman foyda ko‘rmasligimni, qarz va qiyinchilik hisobiga yashashim mumkinligini bilardim. Qiyin bo‘lsa-da, kompyuter grafikasini noldan o‘rgandim va  hayotim sekin-asta iziga tusha boshladi. 2019-yilda barcha iqtisodiy muammolarimni hal qildim. Shundan keyin bu sohada o‘zimga yetarlicha ishonch paydo bo‘ldi. Hozirda shaxsiy studiyam, o‘z jamoam bor. Menga ish beruvchi kompaniyalarda yetakchi dizaynerman.

Laziz Hamidov Design Club uchrashuvida.

Foto: Facebook

– Ko‘pchilik yosh dizaynerlar ayniqsa Design Club’dagi chiqishingizdan so‘ng jamoangizda ishlashga qiziqib qoldi. Jamoaga qanday insonlarni qabul qilasiz?

– Jamoada 15 ga yaqin bola bor. Shulardan besh-oltitasi o‘z ishining ustasi, qolganlari o‘rganuvchilar. Qo‘limdan kelgancha ularga o‘rgatyapman, ba’zilarida o‘xshayapti, ba’zilarida yo‘q. Ko‘ramiz, vaziyatga qarab kimlar bilandir xayrlashishga, boshqalarni ishga olishga to‘g‘ri keladi. Ish davomida har bir bolaga alohida energiya sarflab o‘rgataman va ularga nimadir bera olganimdan mamnun bo‘laman. Salohiyati yuqori bolalar kelib ish o‘rgansa, bundan xursand bo‘laman. Lekin hech narsadan xabari yo‘q, sohani hech bo‘lmasa sirtdan o‘rganib chiqmagan bolalarni hozir olmayapmiz, chunki bunday o‘rinlar to‘lib bo‘lgan.

“Okey, pul haqida gaplashamiz”

– Besh yil oldin Twitter’da “yaxshi yashashim uchun 6 million yetarli” degansiz. Yaqinda esa “kamtarona hayotimga 80 million oylik daromad kerak” mazmunida tvit qoldirdingiz. Ayting-chi, besh yilda nimalar shunchalik o‘zgardi va “kamtarona” hayotingizga buncha pul nimaga kerak?

– Boshida aytganimdek, besh yil oldin jurnalistikani tashlab ketganman, chunki undan oladigan 1,1 million so‘m birlamchi ehtiyojlarimni qondirishga yetmagan. Besh yil o‘tib, mening talablarim ham o‘zgardi. Dizayn bilan shug‘ullana boshlaganimda kuniga 18 soat, hatto dam olish va bayram kunlari ham ishlardim, faqat uxlash uchun uyga kelib ketardim. 1,5–2 yillik hayotim shunday o‘tdi va bu sog‘ligimga ta’sir qildi. Shu tariqa xarajat ko‘payib ketdi. To‘g‘ri, hozir daromadim bir necha baravar yuqori, lekin shundayam yetmayapti-da. Studiya qilib bolalarni jalb qildik, kompyuterlar oldik. Ertalabdan kechgacha har xil mijozlar bilan ko‘rishaman. Bularning hammasi oylik xarajatimni oshirib yubordi. Shularni hisobga olib, oylik daromadim 80 millionga yetsa, birlamchi va ikkilamchi xarajatimni qondirib, yilda bir sayohatga ham chiqa olarkanman deb o‘ylayman.

– Laziz Hamidovning oylik daromadi 80 millionga yaqinmi?

– Yo‘q, hozircha daromadim bu summaning yarmini tashkil qiladi. Bolalarga ko‘p aytaman: kompyuter grafikasi sizni millioner qilib yubormaydi, lekin yaxshi yashashingizni ta’minlab beradi.

– Nima deb o‘ylaysiz, Ozbekiston sharoitida bir oilaning xotirjam va o‘ziga toq yashashi uchun qancha daromad yetarli?

– Umumiy gapiradigan bo‘lsak, Toshkent shahrida er-xotin birga ishlab, 7 million atrofida pul topadigan bo‘lsa, birlamchi ehtiyojlarni qondirib yashasa bo‘ladi. Lekin viloyatlarda bu masala qiyinroq. Ishsizlik yuqori, oylik kam. Ko‘p oilaga 1 million so‘m ham daromad kirmaydi.

Menimcha, viloyatlarda bir oila, uy-joyi bo‘lsa, farzandlari yosh bo‘lsa, 3 million so‘mga yashay oladi. Lekin yana shu gap: 3 million so‘mni topish ham muammo.

“Daryo” maktabi tinglovchisi Surayyo Majidova suhbatlashdi.