Huquq tartibot idoralari tomonidan Toshkentda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida uch nafar fuqaro o‘z uylarida hujralar tashkil etib, yosh bolalarga diniy saboq berganligi aniqlandi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz”.

Kadr: Videodan skrinshot

Qayd etilishicha, hujralarda yog‘och kaltak, pichoq, pnevmatik qurollar topilgan. Uy egalarining qo‘l telefonlarida diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining hijrat va jihodga chorlovchi audio va video materiallari borligi aniqlandi.

Hujralarning birida 17 nafar, ikkinchisida 11 nafar, uchinchisida esa 4 nafar voyaga yetmagan bola diniy saboq olib kelgan. Noqonuniy o‘qitish vaqtida bolalar kaltaklanib, muntazam ravishda och qoldirish orqali jazolangan.

Kadr: Videodan skrinshot

Hozirda ushbu noqonuniy faoliyatni tashkil etgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston fuqarolarini Suriyadagi terrorchilik tashkilotiga jo‘natishda gumon qilingan shaxs va Samarqandda bolalarga noqonuniy diniy saboq berayotgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.