Bugun butun dunyo afsonaviy Jon Lennonni eslaydi. Chunki 8-dekabr kuni “Bitlz” guruhining eng mashhur solisti Mark Chapman tomonidan o‘ldirilganiga 40 yil bo‘ldi...

Isyonkor daho

Jon Lennon kimligini ko‘pchilik biladi. Musiqachi, isyonkor, dunyoni o‘zgartirgan odam... Uning shaxsiyati shu qadar turli afsonalar matosiga o‘ralganki, hozir ham musiqachining tarjimayi holidagi haqiqiy faktlarni tiklash qiyin. Shunday afsonalarga ko‘ra, u 1940-yil 9-oktabrda Liverpulda, shahar fashistlar tomonidan bombardimon qilinayotgan paytda tug‘ilgan.

Jon Lennon.

Foto: Stylee

Avantyurizm va isyonkorlik Lennonga ota-onasidan meros bo‘lib qolgan. Uning otasi Alfred bolalar uyida tarbiyalangan, bir shisha viski o‘g‘irlashda ayblanib, uch oy qamoqda o‘tirgan. Onasi esa so‘rovnomalarda chipta sotuvchisi sifatida ishlaganini ko‘rsatsa-da, aslida, u ishsiz edi.

Jon tug‘ilgandan ko‘p o‘tmay uning ota-onasi ajrashib ketdi va Jon o‘zi bilan o‘zi qoldi. Maktabda esa, aftidan, aqlli ko‘rinishga ega bo‘lgan bu ko‘zoynakli bola bezorilarning eng kattasi edi. U o‘z atrofiga to‘da tuzib, ular bilan birga mayda o‘g‘irlik bilan shug‘ullangan, tengdoshlari bilan mushtlashgan.

Ammo bu Jon Lennonni jinoyat olamiga boshlamadi. 16 yoshida u maktabdagi do‘stlari bilan o‘zining birinchi guruhi “The Quarrymen”ni tashkil etdi. Oradan bir yil o‘tgach u Pol Makkartni bilan tanishdi va ular musiqiy guruh tuzmoqchi bo‘ldi. Makkartni esa o‘z do‘sti Jorj Xarrisonni ham ushbu guruhga taklif qildi. 1959-yilda guruh nomi Silver Beetles deb nomlandi va 1960-yil 11-iyunda gazetalarda ilk bor The Beatles haqida maqolalar paydo bo‘ldi.

Oradan bir necha yil o‘tgach butun dunyo ular haqida gapira boshladi. O‘z shon-shuhratining eng yuqori cho‘qqisida Lennon shunday degandi: “Biz hozir Iso Masihdan ham mashhurroqmiz. Qaysi biri avval yo‘qolishini bilmayman: rok-roll yoki nasroniylik”. Mashhur isyonkorning bu iborasi kelajakda unga qanday kulfatlar keltirishini tasavvur ham qila olmasdi...

Qotil haqida

Jon Lennondan farqli o‘laroq, Mark Chapman ko‘zga tashlanmaydigan odam edi. U bolaligidan AQSh havo kuchlari serjanti bo‘lgan otasining g‘azabidan qo‘rqib ulg‘aydi. Chapman tengdoshlari orasida ham doimiy masxara qilish obyekti edi. Biroq uni ruhlantiruvchi sevimli “Bitlz” guruhi bor edi, Mark 10 yoshidayoq ushbu guruhning muxlisiga aylangandi.

Markning xonasidagi devorlar guruhning plakatlari bilan to‘lgan, u ham Bitlz a’zolari kabi kiyinar, sochlarini ham ular kabi o‘stirgan, xuddi Jon Lennon kabi dumaloq ko‘zoynak taqqan, qo‘shiqlar yozgan, gitara chalgan. Eng muhimi, unda Bitlzning shon-sharafi yo‘q edi, Mark buni orzu qilardi.

Foto: Google Photos

Chapman 15 yoshga to‘lganida “Bitlz” guruhi tarqab ketdi. Shundan ko‘p o‘tmay Chapman o‘z shahri Atlantadan chiqib ketdi va bir yil o‘tib butunlay boshqa odamga aylanib qaytdi. Kalta sochlar, oq ko‘ylak va galstuk... Bu o‘zgarishlarning barchasi Chapmanning nasroniylik diniga sho‘ng‘ib ketgani bilan bog‘liq edi. U yoshlar diniy birlashmasining faoliga aylandi va maktabni tugatgandan so‘ng o‘qishni davom ettirmaslikka qaror qildi. Missioner sifatida turli davlatlarga sayohat qildi. Tanishlari Chapmanni har narsada boshqalarni rozi qilishga urinadigan, o‘ziga ishonmaydigan yigit sifatida eslashadi. Oxir oqibat u Gavayiga joylashdi, qo‘riqchi sifatida ish boshlaydi va avvalgi rok-n-rolga bo‘lgan ehtirosini abadiy unutganday bo‘ldi.

Biroq Lennon obrazi Markni qo‘yib yubormadi. Endi uning kumiri Markda yomon ko‘rish hissi bilan ifodalanardi. Lennonning “Bitlz” Iso Masihga qaraganda mashhurligi haqidagi gapini endi Chapman kufr deb qabul qilardi. Bu uning sobiq kumiriga taqlid qilishga ongli yoki ongsiz ravishda to‘sqinlik qilmadi — Lennondan o‘rnak olib, Mark ham Gloriya Abe ismli yapon ayoliga uylandi.

Keyinchalik Gloriya ham eri Mark Lennonning “xiyonati” haqida ko‘p gapirganini eslaydi. Isyonchi va yetim bolaning kelajakda millionlarning kumiri va boy insonga aylanishi Chapmanga yoqmaydi. U o‘z omadsizliklari ta’sirida Lennonga hasad qila boshlaydi. Chapmanning qarashlariga ko‘ra, Lennon o‘z qo‘shiqlarida ulug‘lagan tenglik, birodarlik va erkinlik g‘oyalari bilan uning bir nechta kvartiralari, uylari va o‘z oroliga ega boy insonga aylanishi mos kelmasdi. Shu bilan birga, Markning o‘zi uning kumiri ega bo‘lgan narsalarning yuzdan bir qismiga ham ega emasdi.

Oxir oqibat, kumiriga nisbatan paydo bo‘lgan nafrat va hasadning portlovchi aralashmasi Mark Chapmanni dahshatli qotillik rejasini amalga oshirishga undadi. Qotil ishdan bo‘shab, o‘qotar qurol sotib olib, tanishi bo‘lgan politsiyachidan beshta o‘q olib, Nyu-Yorkka yo‘l oldi...

Uzlatga chekingan iqtidor

1980-yil Jon Lennon uchun juda o‘ziga xos yil edi. O‘sha vaqtga kelib “Bitlz” allaqachon tarqalib ketgandi, bu guruhdagi ziddiyatlarning natijasi edi: Lennon va Makkartni yetakchilik uchun kurashdi, yakkaxon ijrochilik tajribalari boshlandi. Bundan tashqari, Jon Lennonning rafiqasi Yoko Ono “Bitlz”ning mashg‘ulotlariga kelishni boshladi.

Hozirgacha ko‘plab muxlislar bu ayolni guruhning tarqalishida ayblaydi. U Jonga juda katta ta’sir ko‘rsatgan edi. Ular birgalikda san’at va musiqa bilan shug‘ullandi, dunyodagi tinchlik uchun yuqori darajadagi tadbirlarni tashkil qildi va “Bitlz” tarqagandan keyin, 1975-yilda Nyu-Yorkka jo‘nab ketishdi.

Mark Chapman

Foto: Google Photos

Nyu-Yorkda ularning farzandi Shon tug‘ildi. Shundan so‘ng Lennon uzlatga chekinish davrini boshladi, u besh yil davomida yangi qo‘shiq chiqarmadi va 1980-yilga kelibgina “Double Fantasy” deb nomlangan yangi albom yozdi. Asar tanqidchilar tomonidan yuqori baholandi va “Bitlz” muxlislari guruhning birlashishini kutib quvonardi. Jonning o‘zi bundan ilhomlanib, ruhiy kuch-quvvatga to‘la boshlagandi.

Qotillik

Hammasi bir kechada tugadi. 1980-yil 8-dekabrda Jon Lennon va Yoko Ono ovoz yozish studiyasidan Manxettendagi o‘zlari yashagan hashamatli “Dakota” uyiga yo‘l oldi. Jon magnitofon va kassetalarni ko‘targan holda xotinining orqasidan limuzindan tushdi. Keyin beshta o‘q ovozi yangradi. Qon, qichqiriqlar, shishaning singan ovozi... Tez yordam mashinasi juda tez yetib keldi, ammo ular Lennonni qutqara olmadi – u 80 foiz qonini yo‘qotgandi.

Politsiya voqea joyiga  bir daqiqadan so‘ng yetib keldi. Ular qotilni ushlashlari shart emasdi: Mark Chapman jinoyat joyida qolgandi. U fonus ostida asfaltga o‘tirib sevimli kitobi – Jerom Selinjerning “Javdarzordagi xaloskor” romanini o‘qirdi.

“U ikona edi. Men uni o‘ldirdim, chunki u juda, juda va juda mashhur edi, bu yagona sababdir. Men esa juda, juda, juda ko‘p shuhrat qidirardim va xudbin edim”, deb izoh berdi keyinchalik Chapman.

Konspirologiya

Biroq ba’zi tadqiqotchilar qotil yolg‘iz harakat qilmaganiga ishonadi. Shundaylardan biri – amerikalik jurnalist Fenton Bresler o‘zining mustaqil surishtiruvini olib bordi va Chapman Amerika maxsus xizmatlarining yollangan agenti bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi. Maxsus xizmatlar Jon Lennon faoliyati bilan faol qiziqdi. Uning yoshlarga bo‘lgan ta’siri Amerika hukumatiga yoqmasdi. Bundan tashqari, Lennon Vyetnam urushiga ochiqchasiga qarshi chiqdi va Pentagonni “tajovuz fohishaxonasi” va generallarni “mushtumzo‘rlar”, deb atadi.

Jon Lennon Britaniyaning Leyboristlar partiyasi va irland millatchilariga pul berishni boshlaganda, Britaniya razvedkasi ham unga faol qiziqdi. Umuman olganda, siyosiy faol bo‘lgan Jon Lennon juda ko‘p odamlar uchun noqulay edi. “Erimni o‘ldirishdi... Nima uchunligini taxmin qilish qiyin emas”, degandi Yoko Ono.

Xulosa

Ammo asr jinoyatini uyushtirishda yana kimlardir ishtirok etganmi yoki yo‘qmi, hali ham noma’lum. Bir kishi rasmiy ravishda qotil sifatida tan olindi – Mark Chapman. Uning ishi bo‘yicha sud jarayoni bir kun davom etdi va u umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

U orzu qilgan narsasiga – shon-shuhratga erishdi. Ammo hamisha yosh va abadiy daho bo‘lgan Jon Lennon yonida, yorqin va kuchli iste’dodga hasad qilgan, omadsizligini agressiya bilan ifodalagan inson ramzi sifatida mashhur bo‘la oldi xolos...

Ushbu musiqa olamidagi yorqin rokstarning o‘ldirilishi siyosat olamidagi yana bir rokstar Jon Kennedining o‘limini yodga soladi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...

Nurbek Alimov tayyorladi.