Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Beeline Uzbekistan mobil aloqa kompaniyasi tomonidan xizmat ko‘rsatish qoidalari buzilishi bo‘yicha ikkita sud jarayonini yutib chiqdi. Endi kompaniya abonentlariga bir necha milliard so‘mlik zarar to‘lab beriladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 2020-yilning mart oyida Beeline Uzbekistan kompaniyasiga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun va Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari talablari buzilishi belgilari bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019-yilning iyul oyida Beeline Uzbekistan tomonidan abonentlarni “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul promo-davrga (10 va 30 kunga) ulanishi bo‘yicha promo-aksiya o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon berilgan. Ushbu promo-aksiya mazkur xizmatga ulanmagan abonentlar uchun mo‘ljallangan. Biroq, bepul davr tugashi bilan, (promo-aksiya shartlariga ko‘ra) ushbu xizmat avtomatik ravishda o‘chirilmagan. Aksincha, o‘rnatilgan narx bo‘yicha kunlik 240 so‘m miqdorida abonetlarga xizmat haqi hisoblangan.

Ushbu promo-aksiyaga umumiy hisobda 3,2 milliondan ortiq abonent ulangan bo‘lib, ulardan 1,2 millionga yaqini tomonidan mazkur xizmat mustaqil ravishda o‘chirilgan. 2020-yilning may oyi holatiga ushbu xizmat deyarli 1,3 million abonentda yoqilgan holatda bo‘lgan.

Agentlikning maxsus komissiyasi tomonidan 2020-yil 3-iyul sanasida Beeline Uzbekistan’ga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi hamda Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining 25 va 26-bandlari buzilishi yuzasidan qaror qabul qilindi va ko‘rsatma berildi.

Beeline Uzbekistan’ga berilgan ko‘rsatma promo-aksiyani o‘tkazish davomida “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul ulangan va aksiya tugaganidan so‘ng avtomatik ravishda xizmat o‘chirilmagan abonentlarga mazkur xizmatni o‘chirish va ko‘rilgan zararni qoplash bo‘yicha talablardan iborat bo‘lgan. Har bir abonent hisobidan “Xabardor bo‘l” xizmati doirasida ortiqcha yechilgan mablag‘ uning hisobiga qaytarilishi bilan qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Agentlik tomonidan ma’lum qilinishicha, Beeline Uzbekistan o‘zining qonuniy huquqlaridan foydalangan holda, 2020-yilning avgust oyida Toshkent shahar Shayxontohur tuman ma’muriy sudiga agentlik ko‘rsatmasini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida murojaat qilgan. Natijada, sud Beeline Uzbekistan’ning talabini rad etish va agentlik ko‘rsatmasini o‘z kuchida qoldirish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Biroq, 2020-yilning oktabr oyida kompaniya Toshkent shahar ma’muriy sudiga appelyatsiya da’vosi bilan qayta murojaat qildi. Ma’muriy sud ham agentlikning ko‘rsatmasini haqiqiy deb topib, kompaniya appelyatsiyasini rad etdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, 2020-yilning 13-noyabr kuni Beeline Uzbekistan o‘zining www.beeline.uz rasmiy saytida 26-noyabrdan boshlab, 2019-yil promo-aksiya davomida aksiyaga ulangan abonentlarda “Xabardor bo‘l” xizmati o‘chirilishi to‘g‘risida e’lon qildi.

“Agentlik tomonidan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha 9 oy davom etgan munozara iste’molchilar foydasiga hal etildi. Bugungi kunga kelib, Beeline Uzbekistan abonentlariga yetkazilgan zarar 20 milliarddan ortiq miqdorda baholanmoqda. Quvonarlisi, kompaniya tomonidan ushbu mablag‘lar abonentlar hisobiga qaytarilishi boshlandi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning may oyida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Beeline Uzbekistan mobil operatori tomonidan “G‘olib bo‘l va yutib ol!” aksiyasi bo‘yicha soxta reklama orqali iste’molchilarga noto‘g‘ri ma’lumot berganligi uchun “ViaMobi” MChJga qarshi ish qo‘zg‘atgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Sovuq urushni rasman yakunlagan Bush va Yelsin, Fransiyaga qochib ketgan mashhur rejissor — Roman Polanski va “Buyuk golland toshqini”. Kun xronologiyasida 1-fevra...
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga jo‘nab ketdi
Biznes
Kremniy vodiysini zabt etgan o‘zbekistonlik huquqshunos: Asror Arabjonov AQSHga qanday borib qolgani, viza va startaplari haqida