Rasmiy Boku va Yerevan mahbuslarni almashishga kelishib oldi. Kelishuvga Tog‘li Qorabog‘dagi so‘nggi janglar oldidan asirga olinganlar ham kiradi. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga tayanib “RIA Novosti” xabar qildi.

Foto: “Life.ru”

“Eng muhim vazifa — mahbuslarni qaytarish. Men shuni aytmoqchimanki, bu yerda biroz oldinga siljishlar bor. Kelishuv ‘hammasiga hammasi’ almashtirish prinsipi asosida amalga oshiriladi”, — dedi Pashinyan televizion murojaatida.

U yana bir muammo bedarak yo‘qolganlarni qidirish ekanligini ta’kidladi. 9-noyabrdan buyon to‘qnashuv zonasidan 600 dan ortiq harbiy jasadi olib kelingan, ularning 500 nafari tanib olish bosqichida.

“Katta ehtimol bilan aytishimiz mumkinki, bular yo‘qolgan vatandoshlarimizning jasadlari. Aniqlash ishlari DNK testlari yordamida amalga oshiriladi. Bugungi kunga kelib, o‘lganlarning 135 jasadi aniqlanib, qarindoshlariga topshirildi”, — dedi Pashinyan.

Eslatib o‘tamiz, 10-noyabrga o‘tar kechasi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari Ilhom Aliyev va Vladimir Putin bilan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni va jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Shundan so‘ng Armanistonda ushbu bitim sabab norozilik namoyishlari boshlandi va u ikki haftadan buyon davom etmoqda. Bitimga ko‘ra, Ozarbayjon mintaqa hududining katta qismini olgan. Muxolifat Pashinyan “xoinlik” shartnomasi imzolangani sababli iste’foga chiqishini talab qilmoqda.